Karvonsaroy
Terrorizm

Bishkekda terrorizm dahshatlari haqidagi “Uyga qaytishni istayman” musiqali dramasi namoyish etildi

Aydar Ashimov

19-sentabr kuni Bishkekda namoyish etilgan “Uyga qaytishni istayman” spektaklini 400 dan ortiq oʻquvchilar tomosha qildilar. (Aydar Ashimov)

19-sentabr kuni Bishkekda namoyish etilgan “Uyga qaytishni istayman” spektaklini 400 dan ortiq oʻquvchilar tomosha qildilar. (Aydar Ashimov)

BISHKEK – 19-sentabr kuni Bishkekda Suriyadagi janglarda halok boʻlgan qozoqlar haqida hikoya qiluvchi musiqali drama namoyishi anshlag bilan oʻtdi.

Qozogʻistonning Jambil drama teatri tomonidan ijro etilgan “Uyga qaytishni istayman” spektaklini Bishkek maktablarining 6-11 sinflarida oʻqiydigan toʻrt yuzdan ortiq bola tomosha qilgan.

Chiptalar 100 qirgʻiz soʻmi (1,40 AQSH dollaridan) sotilgan. Bishkekda namoyishi boʻlib oʻtgan spektakl yoshlar orasida radikalizmning oldini olishga qaratilgan.

Spektakl rejissyori – olmaotalik Yevgeniy Dubovik. Uni tayyorlashda Qozogʻiston baletmeysterlari, bastakor va qoʻshiqchilari ishtirok etgan. Drama bosh qahramoni – 1987-yilda tugʻilgan qozogʻistonlik Amirxon.

“Uyga qaytishni istayman” spektaklining eʼlonini koʻzdan kechirayotgan oʻtkinchilardan biri, 18-sentabr, Bishkek. (Aydar Ashimov)

“Uyga qaytishni istayman” spektaklining eʼlonini koʻzdan kechirayotgan oʻtkinchilardan biri, 18-sentabr, Bishkek. (Aydar Ashimov)

Hayotdan mazmun axtarib, internetdagi ekstremistik daʼvatlar taʼsiriga tushgan yigit “Islom davlati” (ID) saflarida jang qilish uchun Suriyaga yoʻl oladi.

Urushda u qiynoqlar va qatllarga, ayollarning jinsiy ekspluatatsiyasi va qullar savdosiga guvoh boʻlar ekan, bu internetda tarqalgan tashviqot videolavhalaridagi musulmonlar uchun adolatli davlat emasligini anglab yetadi.

Raqib terrorchi guruh saflarida jang qilayotgan boshqa bir qozogʻistonlik bilan uchrashuv uning hayotini oʻzgartirib yuboradi. Oʻljani boʻlisha olmagan dala qoʻmondonlari ularni bir-biriga qarata oʻq uzishga majbur qiladilar.

Uyga qaytish istagidagi Amirxon oldida ikki yoʻl bor edi – u terrorizmning soxta gʻoyalari yoʻlida halok boʻlishi yoki qochishga uringani uchun qatl qilinishi mumkin edi.

Dramadan parallel ravishda boshqa syujet liniyalari ham oʻrin olgan boʻlib, ekstremizm daʼvatchilariga aldangan boshqa erkaklar va ayollar haqida ham hikoya qilingan. Ular chuqur umidsizlikka duch keladilar, farzandlari halok boʻladi, ayollarni bir erkakdan boshqasiga topshiradilar, ochlik, ogʻriq va azob-uqubatlar har kuni ularni taʼqib etadi.

“Nega u yerga borgan?”

Spektakldan soʻng, maktab oʻquvchilari uni muhokama qilishni boshladilar. Koʻpchilik “Nimaga u yerga borgan?” deb hayron boʻlardi.

Bishkek shahridagi 70-gimnaziyaning 9-sinf oʻquvchisi Tamiris Jaylabekova musiqiy drama unga juda maʼqul kelganini aytadi.

“Ssenariy nihoyatda qiziqarli. Maroq bilan tomosha qildim”, dedi u. “Terrorizm va internetdagi yollovchilardan xabarim bor. Bu maʼlumotlarni yodga olish esa yanada foydali boʻldi.”

60-sonli umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi Ivan Sivoxin spektaklni doʻstlari bilan tomosha qildi.

“Spektakl menga juda yoqdi. Ayniqsa, musiqaga boy ekani va bunday murakkab mavzudagi fikrlarning qoʻshiqlar orqali ifodalangani maʼqul keldi”, dedi Ivan.

“Syujet hozirgi zamon uchun juda dolzarb”, deydi 70-sonli gimnaziya oʻqituvchisi Baxtigul Sheraliyeva.

“Bolalarga bu haqda soʻzlab berish kerak, toki bu muammo ularni chetlab oʻtsin”, dedi u. “Spektaklni koʻrganlaridan soʻng ularning dunyoqarashi oʻzgaradi. Ular qahramonlarning xatolarini takrorlamaydilar”.

Oʻquvchilar tarbiyaviy soat davomida spektakl syujetini muhokama qiladilar va olgan taassurotlari haqida insho yozadilar, dedi u.

“Bu bolalar uchun juda foydali maʼlumot”, deydi maktab oʻquvchilaridan birining onasi Izdegul Manasbayeva.

“Ayrimlar bu mavzu maktab oʻquvchilari uchun ogʻirlik qiladi deyishi mumkin, ammo bugungi kun bolalari hamma narsani tushunadi”, dedi u. “Umid qilamanki, spektakl bolalarimizda toʻgʻri taassurot qoldirdi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500