http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/10/01/feature-01
| Diplomatiya

Nyu-Yorkdagi “C5+1” uchrashuvi “yangi sheriklik muhitini” namoyon etdi

Aydar Ashimov

image

Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari va AQSH Davlat kotibining oʻrinbosari Devid Xeyl 21-avgust kuni Nur-Sultonda boʻlib oʻtgan “C5+1” vazirlar yigʻilishida suratga tushmoqda. (Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi)

NUR-SULTON – AQSH va Markaziy Osiyoning besh mamlakati rasmiylari Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Bosh assambleyasi doirasida hamkorlikni muhokama qilish uchun uchrashdilar.

22-sentabr kungi uchrashuv “C5+1” formatida boʻlib oʻtdi, bu turdagi ilk muloqot 2015-yil sentabr oyida oʻtkazilgan.

“C5+1 – bu umumiy muammolarni muhokama qilish va ular ustida ishlash uchun Markaziy Osiyoning besh davlati va AQSHni birlashtiruvchi platformadir”, deyiladi AQSH Davlat departamenti bayonotida.

Bu yilgi muzokaralarda AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirlari va Turkmanistonning AQSHdagi elchisi ishtirok etdi.

image

22-sentabr kuni Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan “C5+1” vazirlar yigʻilishida ishtirok etgan rasmiylar. (Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi)

Tomonlar savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish yoʻllarini, shuningdek, integratsiya jarayonlari va Markaziy Osiyodagi tahdidlarga qarshi kurash boʻyicha hamkorlikdagi saʼy-harakatlarni muhokama qildilar, deb xabar bergan Qozogʻiston TIV.

“C5+1” platformasi Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish va mintaqaning transport infratuzilmasini rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun AQSH resurslarini jalb qilishning samarali usulidir, deb taʼkidladi Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi.

“Biz terrorizmga qarshi kurash, ayniqsa xorijdagi jangarilar va ularning oilalarini qaytarish, javobgarlikka tortish va jamiyatga moslashdek qiyin, ammo juda muhim vazifani bajarishda birgalikda ishlashimiz zarur”, deb aytgan Pompeo AQSH Davlat departamenti bayonotida.

U, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻoniston oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligiga eʼtibor qaratdi.

Bu voqeadan avvalroq, Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari va AQSH Davlat kotibi muovini Devid Xeyl 21-avgust kuni Nur-Sultonda uchrashib, savdo, mintaqadagi koʻp tomonlama iqtisodiy loyihalar, shuningdek, Markaziy Osiyo infratuzilmasi hamda tranzit va transport imkoniyatlarini muhokama qilgan edilar.

Umumiy nuqtalar

“Ishtirokchilar hamkorlikning yangi muhitini qayd etib, ushbu formatning muhimligini yana bir karra tasdiqladilar hamda doimiy muloqot va qoʻshma saʼy-harakatlar orqali hamkorlik, mintaqaviy barqarorlik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga kelishib oldilar”, deyiladi 24-sentabr kungi qoʻshma bayonotda.

Bayonotda “har bir mamlakat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi, shuningdek, Markaziy Osiyoning kuchli, mustaqil, gullab-yashnagan va barqaror mintaqa boʻlishga intilayotgani” taʼkidlangan.

Tomonlar “C5+1” diplomatik platformasini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, Markaziy Osiyoning eksport salohiyatini oshirish, terrorizm va jangovar ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirish, Afgʻonistondagi nizoni tinch yoʻl bilan hal qilishni qoʻllab-quvvatlash va boshqa sohalarda birgalikdagi faoliyat olib borishga kelishib oldilar.

Hujjatda “mamlakatlarimiz oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik, xavfsizlik va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kabi umumiy yoʻnalishlar” bayon etilgan, deydi Nur-sultonlik siyosatshunos Yernar Beysaliyev.

“Mintaqaviy sheriklik toʻgʻrisidagi “C5+1” qoʻshma bayonoti sheriklik va hamkorlik deklaratsiyasi boʻlib, Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSHning ushbu hamkorlik formatida birgalikda ishlashni davom ettirish niyatini tasdiqlaydi”, dedi u.

“C5+1” oʻz samaradorligini isbotlab boʻlgan, deydi Beysaliyev.

“Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari va Qoʻshma Shtatlar bilan aloqalarni rivojlantirish Qozogʻiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishidir. Nur-Sulton “C5+1” formatini saqlab qolish va kengaytirish choralarini koʻrmoqda”, dedi u.

“Bunga qadar, Rossiya ishtirokida “Markaziy Osiyo hamkorligi” deb nomlangan yagona platformani yaratishga urinish boʻlgan va fikrimcha, u umidlarni oqlamadi”, dedi Beisaliyev.

Beysaliyev qoʻshma harakatlar “C5+1” formatida muvaffaqiyatli boʻlishiga va “eʼlon qilingan barcha rejalar muvaffaqiyatli amalga oshishiga” ishonch bildirdi.

“Globallashuv sharoitida ushbu hamkorlik barcha ishtirokchi davlatlar uchun manfaatli boʻladi. Amerika Qoʻshma Shtatlari taklif qilgan strategiya Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlariga toʻla javob beradi”, dedi Beysaliyev.

“Umid qilamizki, ushbu bayonot Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH oʻrtasidagi hamkorlik rivojiga muayyan darajada taʼsir qiladi”, deydi Daryo.uz internet-nashri bosh muharriri oʻrinbosari va Toshkentdagi “Turon24” axborot agentligining boʻlim boshligʻi Eldor Asanov.

Bayonotda Markaziy Osiyoning iqtisodiy rivojlanishi va jahon iqtisodiyotiga integratsiyasi haqida soʻz yuritilgan, dedi u AQSH sarmoyadorlari va ishlab chiqaruvchilari uch yildan beri (islohotchi Shavkat Mirziyoyev prezident boʻlganidan buyon) Oʻzbekistondagi voqealar rivojini kuzatib borishayotganini qoʻshimcha qilar ekan.

“Markaziy Osiyo mintaqasi istiqbolda AQSH ishbilarmonlarida katta qiziqish uygʻotishi mumkin”, dedi Asanov.

Mintaqaviy xavfsizlik va fuqarolik jamiyati

Qoʻshma bayonotda mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlashda ahamiyatli boʻlgan boshqa masalalar ham tilga olingan, deydi Asanov.

“C5+1 vazirlarining qoʻshma bayonoti AQSHning amaldagi rahbariyati mintaqa mamlakatlari bilan munosabatlarni mustahkamlash va ular bilan birgalikda dolzarb mintaqaviy muammolarni, jumladan, C5+1 formatini yanada kuchaytirish va terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikka umid qilayotganini tasdiqladi”, deb qayd etdi u.

“Terrorizm chegara bilmaydi, terrorchilar xorijdan turib moliyalashtiriladi, internetda boshqa mamlakat mafkurachilari yoshlarimiz ongini zaharlaydilar. Bu umumiy muammo, umumiy balo, unga faqat birgalikda barham bera olamiz”, dedi Chimkentda joylashgan “Altin karligash” (Oltin qaldirgʻoch) nodavlat tashkiloti rahbari Leyla Baymanova.

Baymanova qoʻshma bayonotda tilga olingan fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning muhim masalalarini ham alohida taʼkidlab oʻtdi.

“Mamlakatlar fuqarolik jamiyatini qoʻllab-quvvatlash va mustahkamlash, inson huquqlarini hurmat qilish, BMT nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va xalqaro huquq tamoyillari toʻgʻrisidagi deklaratsiya kabi xalqaro standartlarga rioya qilish niyatlarini ochiqladilar. Bu biz kabi jamoatchilik faollari uchun juda muhim”, dedi u.

Markaziy Osiyodagi fuqarolik tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlashga AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi va AQSH jamgʻarmalari ham katta hissa qoʻshgan, deydi u.

“Mamlakatlarimizdagi fuqarolik jamiyatining shakllanishida xorijiy fondlarning koʻmagi va soʻnggi yillarda hukumatlar tomonidan bildirilgan anglashuv muhim rol oʻynadi”, dedi Baymanova. “Bugungi kunda koʻplab NNTlar mustahkam oyoqqa turgan va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish imkoniga ega.”

Sizga maqola yoqdimi?
7
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha