Karvonsaroy
Jamiyat

Qirgʻiz huquqshunosi fuqarosizlikka qarshi kurashi uchun BMT mukofotiga sazovor boʻldi

Karvonsaroy va AFP

Shahar markazi boʻylab sayr qilayotgan bishkekliklar, 31-avgust. Qirgʻizistonlik advokat Azizbek Ashurov Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan fuqaroligini yoʻqotgan 10 mingdan ortiq odamga qirgʻiz fuqaroligini olishda yordam bergan, deyiladi BMTning Qochqinlar agentligi bayonotida. [Melisovskiy]

Shahar markazi boʻylab sayr qilayotgan bishkekliklar, 31-avgust. Qirgʻizistonlik advokat Azizbek Ashurov Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan fuqaroligini yoʻqotgan 10 mingdan ortiq odamga qirgʻiz fuqaroligini olishda yordam bergan, deyiladi BMTning Qochqinlar agentligi bayonotida. [Melisovskiy]

JENEVA, Shveytsariya – Qirgʻizistonda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar muammosiga barham berish yoʻlida kurashgan inson huquqlari advokati chorshanba (2-oktabr) kuni BMTning Qochqinlar boʻyicha oliy komissarligining (UNHCR) nufuzli Nansen mukofotini qoʻlga kiritdi.

Azizbek Ashurovga oʻzining “Fargʻona vodiysi chegara bilmas advokatlari” tashkiloti bilan birga, Qirgʻizistonga fuqaroligi boʻlmagan shaxslar muammosiga chek qoʻygan birinchi mamlakat boʻlishga yordam bergani uchun BMTning Qochqinlar boʻyicha Oliy komissarligining olqishiga sazovor boʻlgan.

U 1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanganishi ortidan fuqaroligi boʻlmagan shaxs maqomida qolgan oʻn ming kishiga Qirgʻiziston fuqaroligini olishga yordamlashgan, deyiladi tashkilot bayonotida.

“Adolatsizlikni koʻrganimda jim turolmayman”, deydi Ashurov oʻz bayonotida. “Fuqarosizlik esa adolatsizlikdir.”

“Fuqaroligi yoʻq shaxsni hech qaysi davlat tan olmaydi”, dedi u. “Ular bamisoli koʻlankadirlar. Ular jismonan bor boʻlsa-da, qogʻozda mavjud emaslar.”

Ashurov oʻz mukofotini kelgusi dushanba (7-oktabr) kuni Jenevada boʻlib oʻtadigan marosimda qabul qilib oladi.

Qochqinlar boʻyicha BMT oliy komissarligining maʼlum qilishicha, Azizovning saʼy-harakatlari bilan 2000 ga yaqin bola taʼlim olish huquqiga ega boʻldi va kelajakda sayohat qilish, turmush qurish va ishlash imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

“Azizbek Ashurovning hikoyasi – shaxsiy jasorat va qatʼiyat hikoyasidir”, deydi BMTning qochqinlar masalalari boʻyicha Oliy komissari Filippo Grandi oʻz bayonotida.

“Uning Qirgʻizistonda fuqarosizlik muammosiga barham berish ishiga sodiqligi ... bu insonning jamoaviy harakatlarni ruhlantirish va safarbar eta olish qobiliyatining yorqin namunasidir”, deb qoʻshimcha qildi u.

Ashurov Oʻzbekistondan kelgan oilasining Qirgʻiziston fuqaroligini olish uchun olib borgan kurashidan ilhomlangan.

Tanglik

Sobiq Sovet respublikalarida ichki chegara nazorati yoʻq edi, ularning fuqarolari Markaziy Osiyoni boʻylab faqat ichki hujjatlar bilan harakatlanar edilar.

1991-yilda Sovet Ittifoqi parchalanganidan soʻng, “talaygina odamlar koʻp hollarda yaroqsiz sovet pasportlari bilan yoki qayerda tugʻilganliklarini isbotlash imkoniyatisiz, yangidan belgilangan chegaralar orasida maqomsiz qolib ketdilar”, deb taʼkidlagan BMTning Qochqinlar boʻyicha oliy komissarligi.

Tartibsizliklar natijasida mintaqada, jumladan Qirgʻizistonda yuz minglab odamlar fuqaroliksiz qolishgan.

Sobiq Sovet ittifoqida ushbu muammo nomutanosib ravishda ayollarga taʼsir koʻrsatdi, sababi ular koʻproq turmush qurar edilar. Nasldan naslga oʻtuvchi fuqarolik toʻgʻrisidagi qonunlar tufayli fuqarosizlik ularning farzandlariga ham meros boʻlib oʻtardi, deydi BMTning Qochqinlar boʻyicha oliy komissarligi.

Ashurov mamlakat janubidagi fuqaroligi boʻlmagan va hujjatsiz shaxslarga bepul yuridik maslahat va yordam koʻrsatishda 2003-yilda asos solingan “Fargʻona vodiysi chegara bilmas advokatlari” tashkilotiga yordam bergan.

U mazkur tashkilot bilan himoyasiz va ijtimoiy marginallashgan guruhlarni topish uchun mobil yuridik jamoalar tuzib, mamlakat janubining chekka hududlariga bordi, baʼzi joylarni otlarda kezib chiqishga toʻgʻri keldi.

Har yili taqdim etiladigan Nansen mukofoti amalga oshmagan Millatlar Ligasi davrida qochqinlar boʻyicha ilk oliy komissar sifatida ishlagan norvegiyalik qutbchi olim Fritof Nansen sharafiga taʼsis etilgan.

Oʻtgan yili bu mukofotga Janubiy sudanlik shifokor Evan Atar Adaha loyiq koʻrilgan, u Moviy Nil shtatidan kelgan qochqinlarga toʻla kasalxona rahbari hisoblanadi.

Fuqarosizlik mushkulotlari

BMTning Qochqinlar boʻyicha oliy komissarligining maʼlum qilishicha, butun dunyoda millionlab odamlar aziyat chekayotgan fuqarosizlik oʻz qurbonlarini siyosiy va iqtisodiy jihatdan marginal holatga keltirib, koʻp hollarda kamsitiladigan hamda ekspluatatsiya va zoʻravonlik oldida zaif qatlamga aylantiradi.

Ekstremizmga yollovchilar bunday qiyinchiliklarga duchor boʻlganlarning umidsizligi va gʻazablaridan foydalanishlari maʼlum.

Shunday boʻlsa-da, ekstremizm yoki terrorizm tarafiga oʻtgan qirgʻizlarga fuqarolikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanishi mumkin.

Joriy yilda Qirgʻizistonda terrorizm, davlatga xiyonat yoki ayirmachilikda ayblanib sudlanganlarni fuqarolikdan mahrum qilishni koʻzda tutuvchi qonun qabul qilingan.

Qonunga koʻra, fuqarolikdan mahrum qilishga sabab boʻluvchi jinoyatlar sirasiga terrorchilik faoliyatini amalga oshirish yoki moliyalashtirish, terrorchilik mashgʻulotlarida ishtirok etish, chet eldagi qurolli mojarolarda qatnashish, davlatga xiyonat, hukumatni agʻdarishga urinish, ekstremistik tashkilot tuzish va yollanma faoliyat kiradi.

Jinoyatchilarga qamoq muddati belgilash va fuqarolikdan mahrum qilish masalasini sudlar hal qiladi. Qoʻsh fuqarolikka ega boʻlmagan shaxs fuqaroliksiz qolishi mumkin.

Bundan bir oycha oldin Qirgʻiziston rasmiylari jangariga aylanib, Suriya va Iroqda qoʻlga olingan yoki oʻldirilgan fuqarolarning oilalarini vataniga qaytarish ustida ish olib borilayotganini maʼlum qilgan edilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500