http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/features/2019/10/07/feature-03
| Iqtisodiyot

Yevroosiyo bojxona ittifoqining yangi qoidalari tufayli Rossiya Qozogʻiston sut mahsulotlari bozorini egallashi mumkin

Kseniya Bondal

Olmata supermarketlarining birida kundalik sut mahsulotlarini olayotgan xaridor, 7-sentabr. (Kseniya Bondal)

OLMAOTA – Rossiya boshchiligidagi Yevrosiyo Bojxona Ittifoqi (YOBI) tomonidan qabul qilingan va 2020-yilda kuchga kiradigan qoidalar ichki bozorlarda sut sotayotgan mahalliy qozoq fermerlarini siqib chiqarib, Rossiya korxonalarigagina foyda keltiradi, deydi kuzatuvchilar.

YOBI mamlakatlari – Qozogʻiston, Rossiya, Belarus, Qirgʻiziston va Armaniston 2013-yil oktabr oyida sut va sut mahsulotlarining xavfsizligi boʻyicha texnik reglamentni qabul qilgan. Hujjat 2014-yil 1-yanvardan kuchga kirgan boʻlib, mazkur besh mamlakatda sutni qayta ishlash korxonalariga qabul qilinadigan sut sifati uchun yangi talablarni belgilaydi.

Biroq, Qozogʻiston sut sanoati uyushmasiga koʻra, asosan, oilaviy fermer xoʻjaliklari tomonidan yiliga 5 million tonna sut ishlab chiqariladigan Qozogʻistonda bu qoidalarning kuchga kirishi 2020-yil yanvariga qadar kechiktirilgan.

Sigir sogʻayotgan fermer, Olmaota viloyati, 8-sentabr. (Kseniya Bondal)

Sut sanoati uyushmasi maʼlumotlariga koʻra, ishlab chiqariladigan sutning yarmi mikrobiologik va somatik parametrlar boʻyicha YOBIning texnik reglamenti talablariga javob bermaydi.

“Sigirlar yaxshi sut beradi, ammo sutni sogʻish, saqlash va yetkazib berish jarayonida yoʻl qoʻyilgan xatolar uning sifatini tushirib yuboradi”, deydi uyushma rahbari Vladimir Kojevnikov. “Qayta ishlash korxonalarida esa sutni talab darajasiga keltiradigan texnologiyalar bor.”

Sut sanoati uyushmasi qayta ishlovchi korxonalar sut sifatini oshira olsa ham, kelasi yildan boshlab belgilangan talablarga javob bermaydigan sutni qabul qila olmasligidan xavotirda.

Ular bunday sutni qabul qilsalar, “nazorat organlari tarafidan muammoga duch keladilar”, dedi Kojevnikov.

“Endilikda qozogʻistonlik sut ishlab chiqaruvchilar mahalliy bozordagi oʻrinlarini yoʻqotish xavfi ostida qolmoqdalar”, deydi Olmaotadagi sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Danone Berkut” kompaniyasi vakili Dinmuxamed Aysautov.

“Sut hech qayerga ketmaydi, lekin biz uni qayta ishlash uchun qabul qilolmaymiz”, dedi u.

Aysautovning soʻzlariga koʻra, yangi qoidalar Qozogʻistonda sut ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib keladi, Rossiya va Belorussiya kompaniyalari esa bajonidil bozorni toʻldiradilar.

“Bunday raqobatga Qozogʻistondagi hamma sut ishlab chiqaruvchi korxonalar ham bardosh berolmaydi; ularning baʼzilari yopilishi mumkin. Natijada soliq tushumi kamayadi, bundan Qozogʻiston budjeti ziyon koʻradi”, dedi u.

“Olmaota viloyatida oʻz korxonasiga ega “Danone”, mahalliy ishlab chiqaruvchi oʻlaroq, sut mahsulotlari importining oshayotganidan xavotirda”, deb qoʻshimcha qildi Aysautov.

Aftidan, sutga nisbatan yangi talablar sut mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashga qaratilmagan, deydi Qaragʻanda viloyatidagi “Sadovaya-K” sut korxonasi rahbari Konstantin Emmerix.

Sutni kichik fermalardan sotib oladigan korxonalar oʻz laboratoriya sinovlarini oʻtkazadilar, ular sutning sifati, kislotalilik darajasi, bakterial urugʻlanish va boshqa koʻrsatkichlarni aniqlaydilar, dedi Emmerix.

“Agar sut isteʼmol uchun xavfli boʻlsa, nafaqat oʻsha yetkazib beruvchidan, balki u keltirilgan tumandan sut olish toʻxtatiladi. Hammasi tartibda solinganidan keyingina, korxonalar yana sut xarid qila boshlashi mumkin”, dedi u.

Texnik reglament talablari sababli koʻplab qozogʻistonliklar ziyon koʻradilar, dedi Emmerix.

“Qozogʻiston aholisining 40 foizi qishloq joylarda istiqomat qiladi, ularning aksariyati sigir boqish va undan olingan sutni sotish orqali kun koʻradi”, dedi u.

Rossiya vaziyatdan foydalanib qolmoqchi

YOBI qoidalari Markaziy Osiyodagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga muammo tugʻdirib, Rossiya kompaniyalari uchun manfaatli boʻlmoqda.

YOBI aʼzosi boʻlmagan davlatlardan shakar importiga bojlarni oshirish haqidagi Qozogʻistonning Rossiya bilan 2018-yilgi shartnomasi Qozogʻistonda shakar tanqisligini keltirib chiqarib, mahalliy korxonalar va fuqarolarga zarar yetkazgan edi.

Ishlab chiqarish va import hajmining kamligi sabab, Qozogʻiston shakarni Rossiyadan sotib olishga majbur boʻlgan.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) aʼzo davlatlarga toʻsiqlarsiz mahsulot olib kirish va eksport qilishga koʻmaklashish uchun moʻljallangan boʻlsa-da, amalda YOIIga qoʻshilish Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun qator iqtisodiy, geosiyosiy va hatto ijtimoiy muammolarni keltirib chiqardi, deydi mahalliy iqtisodchilar.

“YOII faqat Rossiyaga manfaat keltiradi”, degan edi qirgʻizistonlik iqtisodchi, GTS konsalting kompaniyasini boshqaruvchi Iskender Sharsheyev 2018-yilning may oyida.

Qolgan muddat ichida vaziyatni qanday oʻnglashni hal qilish kerak, deb taʼkidladi “Danone Berkut” vakili Aysautov.

Birinchidan, bu mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligi bilan bevosita bogʻliq masala. Ikkinchidan, butun boshli sanoatning taqdiri qil ustida turibdi, dedi u.

“Ushbu muammo bilan ham davlat – Qishloq xoʻjaligi vazirligi, ham mahalliy va global nodavlat tashkilotlar, xususan, Qozogʻistonning sut sanoati uyushmasi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) shugʻullanmoqda”, dedi Aysautov.

Masalan, “FAO oilaviy fermer xoʻjaliklariga nafaqat xavfsiz sut ishlab chiqarishni oʻrgatuvchi, balki fermerlarga mijozlar topishga yordam beruvchi Smart Sut ilovasini ishlab chiqqan”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?
3
Yo‘q
Fikrlar 3
Siyosat
Captcha
| 2019-10-11

Bunday zararli Bojxona ittifoqining nima keragi bor?

Javob berish
| 2019-10-08

Rossiya ishtirokidagi barcha ittifoqchalardan chiqish uchun referendum oʻtkazilishini talab qilaman

Javob berish
| 2019-10-07

Rossiya xorijiy bozorlarni oʻzining sifatsiz mahsulotlari bilan toʻldirib tashlamoqchi

Javob berish