Karvonsaroy
Transport

Qozogʻiston Xitoy moliyalashtirgan yengil temir yoʻl loyihasidagi uzilishni tergov qilmoqda

Karvonsaroy va AFP

Qozogʻiston Nur-Sultonda Xitoy tomonidan moliyalashtirilgan yengil temiryoʻl qurilishidagi kechikishlarni tergov qilmoqda. [Pexels]

Qozogʻiston Nur-Sultonda Xitoy tomonidan moliyalashtirilgan yengil temiryoʻl qurilishidagi kechikishlarni tergov qilmoqda. [Pexels]

NUR-SULTON – Seshanba (8-oktyabr) kuni Qozogʻiston prezidenti Qosim Joʻmart-Toʻqayev Xitoy tomonidan moliyalashtirilgan 1,9 milliard dollarlik (740,6 milliard tenge) muammoli yengil temiryoʻl loyihasidagi kechikishlarni tekshirishga chaqirdi.

Yengil temiryoʻl tizimi poytaxt Nur-Sultonda yoʻl harakatani osonlashtirishi kerak edi, ammo loyiha Xitoy moliyalashtirishni kechiktirgani sababli toʻxtab qolgan. Bu haqda Qozogʻiston milliy iqtisodiyot vazirligi aprel oyida xabar bergan.

Loyiha rahbari qidiruvda

Iyul oyida qingʻirliklar haqidagi xabar tarqalishi ortidan Qozogʻiston hukumati loyihani boshqargan davlat kompaniyasi sobiq rahbari Talgat Ardanni hibsga olishga buyruq bergan. U hamon erkinlikda boʻlib, xorijga qochganlikda gumon qilinmoqda.

Seshanba kuni vazirlar mahkamasi yigʻilishida Toʻqayev korrupsiyaga qarshi kurash idorasiga loyiha bilan bogʻliq qonunbuzarliklar tergovini kuchaytirishga buyruq berib, hukumatdan yengil temiryoʻl qurilishini qayta yoʻlga qoʻyish va loyihaning birinchi bosqichi tugallanishi uchun aniq muddat belgilashni talab qildi.

Toʻqayev temiryoʻlga oid shartnomalarning imzolanishini nazorat qilgan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortishga chaqirgan.

Toʻqayev “eng maʼyus qoʻshiq” deb nomlagan loyiha kelasi yili oʻz nihoyasiga yetkazilishi kutilgan edi.

Sobiq Sovet ittifoqi davrida Markaziy Osiyoda eng yirik iqtisodiyotga ega boʻlgan neftga boy Qozogʻiston oʻzini Xitoyga tegishli “Bir kamar – bir yoʻl” tashabbusining “tuguni” sifatida koʻrmoqda – qiymati trillion dollarga teng mazkur savdo va infratuzilma loyihasi Pekinning tashqi savdo hajmini oshirishga qaratilgan.

Xitoy korrupsiyaning avj olishiga sabab boʻlmoqda

Ammo Xitoyning mintaqaga kiritgan sarmoyalari, odatda, korrupsiya keng tarqalgan mamlakatlarda ushbu illatning yanada avj olishiga sabab boʻlgani uchun tez-tez tanqid ostiga olinadi.

Qozogʻistonga qoʻshni Qirgʻizistonda Xitoy krediti koʻmagida modernizatsiya qilingan elektr stansiyasi 2018-yilning yanvarida sovuq harorat oqibatida qulab tushishi ortidan ikki sobiq bosh vazir va boshqa amaldorlar korrupsiyada ayblanib javobgarlikka tortilgan.

Aksar kuzatuvchilarga koʻra, Pekinning Markaziy Osiyoda nafaqat iqtisodiy sohada, balki xavfsizlikni taʼminlashdagi taʼsirining ortib borayotgani – oʻtmishda mintaqa xavfsizligining kafolati boʻlgan Moskva bilan ixtiloflarni keltirib chiqarmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500