Karvonsaroy
Terrorizm

Yangi tadqiqot Qirgʻizistonda yoshlarning radikallashuv sabablarini aniqladi

Munara Borombayeva

Bishkek markazidagi qirgʻiz yoshlari, 31-avgust. Tadqiqotlarga koʻra, yoshlar orasidagi radikallashuvning asosiy sabablaridan biri ularning adolatsiz munosabatga nisbatan noroziligidir. [Melisovskiy]

Bishkek markazidagi qirgʻiz yoshlari, 31-avgust. Tadqiqotlarga koʻra, yoshlar orasidagi radikallashuvning asosiy sabablaridan biri ularning adolatsiz munosabatga nisbatan noroziligidir. [Melisovskiy]

BISHKEK – Soʻnggi ikki tadqiqot natijalariga koʻra, ekstremizm Qirgʻiziston yoshlari uchun tahdidligicha qolmoqda. Hozirgi kunda mamlakatda terrorizm va ekstremizm bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etgan 400 dan oshiq mahbus jazo muddatini oʻtamoqda.

Ali va Nazira taxallusi ostidagi er-xotinning hikoyasi bunga misol boʻla oladi.

Oʻsha vaqtda 34 yoshda boʻlgan Ali 2014-yilda ish qidirib, oʻzi tugʻilib oʻsgan Oʻsh viloyatidan Turkiyaga joʻnab ketadi. Bir yildan soʻng, u xotini Nazira va uch yoshli qizini yoniga chaqirib oladi. Bu haqda ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Naziraning onasi soʻzlab bergan.

Turkiyaga kelishgach, ikki oy davomida onasi bilan yozishgan va telefonda gaplashgan Nazira, Alining ishlayotgani, oʻzi esa uyda qiziga qarayotganini aytadi.

Keyinchalik aloqa uzilib qoladi. Naziraning qarindoshlari uning qayerdaligi va unga nima boʻlganidan bexabar edilar.

Bir necha yildan soʻng, Nazira uch farzandi bilan (ikki nafar Suriyada tugʻilgan) Iroqdagi lagerda ekani haqida Qizil Xoch tashkilotidan xat keladi. Uning eri haqida esa hech narsa maʼlum emas edi.

Qirgʻiziston hukumati oktabr oyida Iroqdagi lagerlardan qirgʻiz jangarilarining farzandlarini olib kelmoqchi , dedi Naziraning onasi. Lekin, Naziraning oʻzini vataniga qaytarish rejalashtirilmagan.

Radikallashuv sabablari

Ali va Nazira hikoyasi Qirgʻiziston fuqarolarining radikallashuvi bilan bogʻliq yagona holat emas.

Ekstremistik gʻoyalarni harakatga keltiruvchi asosiy kuch – bu adolatsizlik, etnik va iqtisodiy omillar asosidagi diskriminatsiyadir, deydi “Markaziy Osiyoda jangovar ekstremizmga olib boruvchi axborot oqimlari va radikallashuv” deb nomlangan Internews hisoboti mualliflaridan biri Elnura Qozoqboyeva.

Tadqiqot ishsizlik, qarzdorlik, qashshoqlik va qisqa fursatda moʻmay pul ishlash istagi kabi iqtisodiy omillar radikallashuvning asosiy sabablaridan biri ekanligini aniqladi, dedi Qozoqboyeva.

“Bundan tashqari, bugungi qadriyatlardan qoniqmaslik, adolatli va solih hayotga intilish hamda keyingi hayotdagi mukofotni koʻzlash kabi mafkuraviy sabablar ham mavjud. Bularga migratsiya, navqiron yosh, gender (ayollar) va kommunikatsiya vositalari kabi boshqa omillar ham qoʻshiladi”, dedi u.

Joylarda oʻtkazilgan tadqiqotlar radikallashuv va jangovar ekstremizmni harakatlantiruvchi barcha omillar sinchkovlik bilan oʻrganilishi kerakligini koʻrsatmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

Shu yil boshida Bishkekdagi islomshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti “Qirgʻiz yoshlarining radikallashuv, zoʻravonlik va ekstremizmga moyilligi va bardoshliligi: besh sohadagi tahlil” nomli tadqiqot natijalarini eʼlon qildi.

Tadqiqot Qirgʻizistonda yoshlarning radikallashuv taʼsiriga tushish sabablarini oʻrganishni maqsad qilgan, deydi hisobot mualliflaridan biri va Islomshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Mametbek Mirzabayev.

Tashkilot yoshlarning barcha qatlamlari, jumladan dindorlar va dindor boʻlmaganlar, ishsizlar va ish bilan bandlar oʻrtasida soʻrov oʻtkazgan. Tadqiqot mamlakatning barcha mintaqalarini qamrab oldi, dedi u.

“Biz radikallashuvning eng asosiy omillaridan biri adolatsizlik hissi ekanligini angladik. Yoshlar “bizga nisbatan adolatsiz munosabatda boʻlishmoqda”, deb hisoblaydilar”, dedi Mirzabayev. “Qirgʻizistonda yoshlar qarorlar qabul qilishda ishtirok etmaydilar va ish topishga qiynaladilar.”

“Biz yana bir qiziq holatni aniqladik: nafaqat dindorlar, balki dindor boʻlmagan yoshlar ham radikal fikrlashga moyil ekanligi ayon boʻldi”, dedi u.

“Adolatsizlik hissi barcha ijtimoiy va madaniy qatlamlar vakillari orasida yuzaga kelishi mumkin. Qattiqqoʻl qonunlar, Islomni xavf sifatida koʻrish va jazo choralari teskari natijaga olib kelishi va “aks taʼsirni” keltirib chiqarib, kimlarningdir yanada radikalashuviga sabab boʻlishi mumkin.

Mirzabayevning soʻzlariga koʻra, respublikaning janubiy qismidagi (Oʻsh, Jalolobod va Botken viloyatlari) yoshlarda norozilik va oʻch olish hissi koʻproq, ular shimoldagi tengdoshlariga qaraganda radikallashuvga moyilroqlar.

“Yollashga oson”

Yoshlar davlat idoralari va xalqaro tashkilotlardan koʻra, diniy tashkilotlarga koʻproq ishonadilar, deydi Mirzabayev.

“Yoshlar dinga tobora koʻproq moyil boʻlib, Islomga amal qilishni boshlamoqdalar. Aksar yoshlar hech qaysi diniy guruhlarga ergashmaydi, ergashadiganlarning koʻpchiligi esa Tabligʻ jamoatini maʼqul koʻradi, dedi u Qirgʻizistondan tashqari Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida taqiqlangan guruhni nazarda tutib.

Bishkekdagi Markaziy Osiyo Amerika universiteti siyosatshunosi Seytek Kachkinbayga koʻra, bu Qirgʻiziston uchun xavfli tendentsiya.

Vaziyatning rivojlanish sabablari esa tushunarli, dedi u.

“Bularning bari iqtisodiy vaziyatga bogʻliq. Qirgʻizistonda oʻrtahol qatlam yoʻq, faqat boylar va kambagʻallar bor. Bu ayniqsa yoshlar orasida yaqqol seziladi, chunki bu avlod Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin dunyoga kelgan”, dedi Kachkinbay.

“Ularga kommunistik mafkura singdirilmagan, kommunizmdan boshqa mafkura esa paydo boʻlgani yoʻq. Shu tariqa yarim mistik ruhdagi Islom rivojlanmoqda”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

“Ongi kommunist mafkurasi bilan zaharlangan”

Javob berish

Hech kim Tabligʻ jamoat Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH va Germaniyada taqiqlangani haqida gapirmaydi. Yoshlarning radikallashuv muammosi zamonaviy sivilizatsiya trendlariga asoslangan. Qirgʻiziston kabi kambagʻal davlatlarda bu qashshoqlik, adolatsizlik va samarasiz boshqaruv sababli yuz bermoqda.

Javob berish