Karvonsaroy
Xavfsizlik

Rossiyalik xakerlar Eron rejimi niqobi ostida kiberjosuslik operatsiyasini oʻtkazgani maʼlum boʻldi

Karvonsaroy

Britaniya va AQSH rasmiylari xabariga koʻra, rossiyalik guruh Eronning kiberjosuslik operatsiyasidan oʻz hujumlarini amalga oshirish maqsadida foydalangan. (Fayl)

Britaniya va AQSH rasmiylari xabariga koʻra, rossiyalik guruh Eronning kiberjosuslik operatsiyasidan oʻz hujumlarini amalga oshirish maqsadida foydalangan. (Fayl)

VASHINGTON, KO – Rossiyalik guruh oʻnlab xorij mamlakatlaridagi davlat va sanoat tashkilotlariga Eron rejimi niqobi ostida hujum uyushtirish maqsadida Eronning kiberjosuslik operatsiyasidan foydalangani maʼlum boʻldi. Bu haqda Britaniya va AQSH rasmiylari xabar berganlar.

“Turla” nomli guruh oʻtmishda “razvedka maʼlumotlarni toʻplash maqsadida hukumat, harbiy, texnologik, energetika va tijorat tashkilotlarini nishonga olishda turli vosita va usullardan foydalangan”, deyiladi AQSH milliy xavfsizlik agentligi va Birlashgan Qirollik milliy kiberxavfsizlik markazining (NCSC) dushanba (21-oktabr) kungi qoʻshma bayonotida.

“Turla”ni Rossiya FSB razvedka agentligi moliyalashtirayotgani gumon qilinadi.

“Turla oʻz maqsadlari yoʻlida Eronga tegishli vositalar va imkoniyatlarni ishga solgan”, dedi Birlashgan Qirollikning GCHQ razvedka agentligining yuqori martabali rasmiylaridan biri Pol Chichester.

Xakerlik kampaniyasi 35 dan ortiq davlatni nishonga olgan boʻlib, ularning aksariyati Yaqin Sharqda joylashgan. Bayonotga koʻra, kiber-operatsiya davomida turli hujjatlar qoʻlga kiritilgan.

Hujumlar dastavval Erondan turib amalga oshirilayotgandek koʻrinsa-da, NCSC aslida bunday emasligini aniqladi, dedi Chichester.

Turla avvalroq Eronning xakerlik guruhlari tomonidan oʻtkazilgan hujumlarda qoʻllanilgan “Neyron” va “Nautilus” nomli implantlarni oʻgʻirlagan. Bu vositalarni qoʻlga kiritish va infratuzilmaga kirish uchun Turla Eron xakerlik guruhlariga ham zarar yetkazgan, deyiladi NCSC bayonotida.

NCSC bayonotiga koʻra, Turla Eron infratuzilmasiga kirish huquqini qoʻlga kiritib, oʻzining zararli kodini ishga tushirishda Eronlik xakerlarning “boshqaruv va nazorat” tizimidan foydalanishga muvaffaq boʻlgan.

Razvedka mutasaddilariga koʻra, Rossiya guruhi va uning eronlik qurboni oʻrtasida qandaydir kelishuv boʻlgani haqida maʼlumotlar yoʻq.

Rossiyaning soʻnggi kiberhujumlari

Ushbu hodisa Rossiyaning kiberjosuslik va hiyla-nayranglar orqali oʻz zararli taʼsirini kuchaytirish maqsadida davlatlar va tashkilotlarga qarshi amalga oshirgan navbatdagi hujumlaridan biri boʻlgani aytilmoqda.

2018-yilning aprel oyida, Rossiyalik ikki “diplomat” Haagada Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotiga (KQTT) xakerlik hujumi uyushtirishga uringan payt qoʻlga olingan edi.

GRU harbiy razvedka agentligining rossiyalik josuslari mehmonxona yaqinidagi mashinaga oʻrnatilgan elektron qurilmalarni ishga solganlar, deb xabar bergan Niderlandiya hukumati.

Kiberhujumni amalga oshirish uchun tanlangan vaqt ham bejiz emasdi, sababi Moskva voqea joyidan dalillarni yashirishga ulgurish maqsadida Suriyaning Duma shahriga KQTT mutaxassislarining kirishini qasddan kechiktirishda ayblanayotgan edi.

Shu bilan bir vaqtda, KQTT Suriyadagi yirik kimyoviy hujum va mart oyida Solsberida rossiyalik sobiq ikki yoqlama josus Sergey Skripal va qizining zaharlanishi bilan bogʻliq hodisa yuzasidan tergov olib borayotgan boʻlgan.

2018-yil may oyida AQSH adliya vazirligi yarim millionga yaqin uy va ofislardagi tarmoq routerlaridan tashkil topgan xavfli botnet zararsizlantirilgani haqida xabar bergandi. Bu tarmoq Rossiya razvedkasiga aloqador deb taxmin qilingan xakerlar nazoratida boʻlgan.

Ushbu chora xakerlarga kompyuterlar ustidan nazorat oʻrnatish va maʼlumotlarni osonlik bilan oʻgʻirlashga imkon beruvchi, kichik va oʻrta oʻlchamli kompyuter tarmoqlari orqali amalga oshirilgan operatsiyaga barham berishga qaratilgan.

Guruh 2016-yil AQSHdagi prezident saylovlari chogʻida demokratlar partiyasiga daxldor buzgʻunchi axborotni qoʻlga kiritish va tarqatishga qaratilgan xakerlik hujumi operatsiyasiga aloqador boʻlgan, deb xabar bergan AQSH razvedka agentliklari.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Eron niqobi ostiga yashiringan Rossiyalik xakerlarni fosh qilishgan boʻlsa, demak Gʻarbda kuchliroq mutaxassislar bor. Eron esa bunday tuban xatti-harakatlari uchun Rossiyaga norozilik notasi yuborishi kerak.

Javob berish