Karvonsaroy
Terrorizm

ID yetakchisi al-Bagʻdodiyning oʻlimi terrorga qarshi urushda muhim burilish boʻldi

Karvonsaroy va AFP

Suriya demokratik kuchlarining aʼzosi ID bayrogʻini olib tashlamoqda, 2017-yil, Suriyaning Tabqa shahri. [Delil Sulaymon/AFP]

Suriya demokratik kuchlarining aʼzosi ID bayrogʻini olib tashlamoqda, 2017-yil, Suriyaning Tabqa shahri. [Delil Sulaymon/AFP]

Suriyada AQSH boshchiligida oʻtkazilgan reyd davomida “Islom davlati” (ID) yetakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiyning oʻldirilgani xalqaro terrorizmga qarshi urushdagi eng muhim bosqichlardan boʻlib, bir vaqtlar qudratli boʻlgan guruhning yakson etilganidan darakdir, deydi dunyo yetakchilari va tahlilchilar.

IDning qoʻlga tushmas rahnamosi koʻp sonli ID jangarilari bilan birgalikda AQSH kuchlari oʻtkazgan tungi reyd davomida oʻldirilgan. Yerosti yoʻlida burchakka qadalgan al-Bagʻdodiy xudkushlik belbogʻini portlatib, oʻzi hamda uch nafar farzandining hayotiga zomin boʻldi, deb bayonot bergan AQSH prezidenti Donald Tramp yakshanba (27-oktabr) kuni.

“Hammani qoʻrquvda ushlab turishga uringan kallakesar unga qarab bostirib kelayotgan amerikalik askarlar tufayli hayotining soʻnggi daqiqalarida butkul vahima va xavf ichida qoldi”, dedi u.

Al-Bagʻdodiyning oʻlgani haqidagi xabarlar soʻnggi yillarda bir necha bor yangragan, ammo bu safar Tramp shubha-gumonlar qolmagani va voqea joyida oʻtkazilgan DNK tahlili buni tasdiqlaganini aytib oʻtdi. Reyd guruhi voqeaning vizual va DNK tasdigʻiga ega boʻlgan, dedi AQSH mudofaa vaziri Mark Esper.

ID rahbari Abu Bakr al-Bagʻdodiy shu yili eʼlon qilingan videolavhada koʻrinish bergan.

ID rahbari Abu Bakr al-Bagʻdodiy shu yili eʼlon qilingan videolavhada koʻrinish bergan.

2014-yilning iyun oyida olingan videolavhada ID lideri al-Bagʻdodiy “xalifalik” tuzilganini eʼlon qilmoqda.

2014-yilning iyun oyida olingan videolavhada ID lideri al-Bagʻdodiy “xalifalik” tuzilganini eʼlon qilmoqda.

2019-yil 27-oktabr kuni samolyotdan olingan suratda Suriya shimoli-gʻarbida joylashgan Barisha qishlogʻi yaqinidagi AQSH vertolyoti nishonga olgan joy koʻrsatilgan. Ushbu operatsiya davomida ID yetakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiy oʻldirilgan. [Umar Haj Kadur/AFP]

2019-yil 27-oktabr kuni samolyotdan olingan suratda Suriya shimoli-gʻarbida joylashgan Barisha qishlogʻi yaqinidagi AQSH vertolyoti nishonga olgan joy koʻrsatilgan. Ushbu operatsiya davomida ID yetakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiy oʻldirilgan. [Umar Haj Kadur/AFP]

Operatsiyada sakkizta vertolet bir soatdan ortiq vaqt davomida manzili oshkor qilinmagan bazadan havoga koʻtarilgan.

Suriya inson huquqlari observatoriyasiga koʻra, AQSH vertoletlari Suriyaning Idlib viloyatiga desantchi askarlar tushirib, Barisha qishlogʻi yaqinidagi uy va mashinani nishonga olgan.

Rasmiylarning xabar berishicha, operatsiya Rossiya, Suriya, Turkiya, Iroq va kurdlarning Suriya demokratik kuchlari (SDK) bilan hamkorlikda oʻtkazilgan.

Ayni vaqtda ID vakili Abu Hasan al-Muhojir “Jarablus yaqinidagi Ayn al-Bayda qishlogʻida, SDK razvedkasi va AQSH armiyasi bilan hamkorlikda” nishonga olindi, deb xabar berdi SDK bosh qoʻmondoni Mazlum Abdi oʻzining Twitter sahifasida.

Qoʻshma Shtatlar al-Muhojirning oʻlimini tasdiqladi.

Ogʻir zarba, ammo jang davom etmoqda

Dunyo yetakchilari va tahlilchilar al-Bagʻdodiyning oʻldirilishini IDga qarshi kurashdagi muhim bosqich sifatida baholadilar.

Operatsiya “terrorizmga qarshi birgalikdagi kurashda burilish nuqtasi” boʻldi, deb yozdi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon oʻzining Twitter sahifasida.

“Bagʻdodiyning oʻlimi terrorchilikka qarshi kurashimizdagi muhim palla, ammo yovuz [IDga] qarshi urush hali tugagani yoʻq”, deb xabar qoldirdi Britaniya bosh vaziri Boris Djonson yakshanba kuni oʻzining Twitter sahifasida IDning boshqa nomini tilga olib.

“Koalitsiya boʻyicha hamkorlarimiz bilan birga, [IDning] qotillik va vahshiylik faoliyatini uzil-kesil tugatishga harakat qilamiz”, dedi u.

“Bagʻdodiyning oʻlimi [IDga] kuchli zarba boʻldi, ammo bu bir bosqich xolos”, deb yozdi Emmanuel Makron Twitter sahifasida. “Terrorchilik tashkilotining batamom yoʻq qilinishi uchun xalqaro koalitsiyadagi hamkorlarimiz bilan birgalikda kurashni davom ettiramiz. Bu bizning muhim maqsadimiz.”

IDga qarshi xalqaro koalitsiya 81 aʼzodan (76 ta davlat va 5 ta xalqaro tashkilot) iborat va 2017-yildan beri 7,7 mln. aholi hamda Suriya va Iroqdagi 110 ming kvadrat km hududni ozod qilgan.

Bagʻdodiyning oʻlimi “nafaqat terrorchilik xurujlarini kamaytirish va Afgʻonistonda xavfsizlikni taʼminlash, balki mintaqa va dunyo boʻylab xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun zarur”, deyiladi Afgʻoniston prezidenti Ashraf Gʻanining bayonotida.

“[ID] yetakchisining yoʻq qilingani guruhning Afgʻonistondagi saflarida tartibsizlik keltirib chiqaradi, uning moliyaviy va harbiy resurslari kamayishda davom etadi”, dedi Kobuldagi harbiy tahlilchi Kobul Xon Tadbir.

Kobuldagi siyosiy tahlilchi Shafoatulloh Safiy bu gapga qoʻshiladi.

“Abu Bakr al-Bagʻdodiyning oʻlimidan keyin Afgʻonistondagi IDning Xuroson boʻlinmasi koʻp muammolarga duch keladi. Qisqa muddatda jangarilarga salbiy taʼsir koʻrsatadi”, dedi Safiy. “Uzoq muddatda esa Xuroson boʻlinmasi yangi xalifalikka bayʼat bermasa [ID] bir nechta boʻlimlarga qismlariga boʻlinib ketadi.”

“Menimcha, IDni yoʻq qilish boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlarga guruhning qurol-yarogʻ va boshqa moddiy-texnik koʻmak bilan taʼminlanayotgani toʻgʻanoq boʻlmoqda”, deydi islomobodlik harbiy tahlilchi, isteʼfodagi mayor Umar Farux.

“Al-Bagʻdodiy bir nechta davlatning razvedkasi va yordami bilan yoʻq qilindi, bu rad etib boʻlmaydigan haqiqatni tasdiqlaydi – terrorizmni turli mamlakatlarning qoʻshma saʼy-harakatlari bilangina yengish mumkin”, dedi Qozogʻistonning Nur-Sulton shahrida yashovchi siyosatshunos Boʻlatbek Isayev.

“ID safida Rossiya va Markaziy Osiyodan koʻplab aʼzolar bor. Tabiiyki, oʻz uylariga qaytishga harakat qilishadi, bu esa xavfli”, deydi Qirgʻiziston davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasining sobiq raisi, mamlakat sobiq bosh vaziri Feliks Kulov.

Xunrezlik va shafqatsizlik asari

2014-yil iyul oyida oʻzini “xalifa” deb eʼlon qilganidan soʻng, al-Bagʻdodiy Suriya va Iroqning turli qismlaridagi yetti milliondan ortiq aholi ustidan hukmronlik oʻrnatib, ID yordamida islom qonunlarini shafqatsiz talqinda joriy etdi.

2014-yilda Bagʻdodiy Iroqning Mosul shahridagi “Al-Nuri” masjidida jamoatchilikka maʼlum boʻlgan yagona chiqishi chogʻida butun dunyo musulmonlarini “xalifalik”ka bayʼat berishga chaqirgan.

Ushbu bayonot zoʻravonliklar toʻlqinini keltirib chiqardi. Natijada minglab tinch aholi nobud boʻldi, millionlab odamlar boshqa joyga koʻchdi va dunyoning qudratli davlatlari mintaqadagi mojaroga aralashdi.

ID kuch-qudratga toʻlgan vaqtlarda ham kamdan-kam koʻrinish bergan 48 yashar iroqlik guruhning hududi qisqarib, mudrab yotgan jangari toʻdalar tarmogʻiga aylanib qolganida deyarli yoʻqolayozgan edi.

2019-yil mart oyida kurd koʻngilli askarlarini oʻz ichiga olgan kuchlar koalitsiyasi tomonidan ID Suriyada magʻlub etilgani xabar qilindi .

Al-Bagʻdodiy aprel oyida olingan videolavhada yana koʻrinish bergan. Quyuq va qizgʻish kulrang soqol qoʻygan va yelkasiga qurol ilgan yetakchi oʻz izdoshlarini “qasos olishga” undagan.

Ayrim gap-soʻzlarga qaraganda, yaqinda al-Bagʻdodiy Hoji Abdulloh nomi bilan tanilgan Abu Abdulloh Qardashni oʻz vorisi deb atagan .

Intiho yaqin

ID Iroq va Suriyada magʻlubiyatga uchragach, guruh oʻzining Xuroson shoʻʼbasi orqali Afgʻoniston va unga yaqin boshqa mamlakatlarga kirishga urindi .

May oyida ID “Pokiston viloyati” tashkil etilgani eʼlon qilar ekan, uning “Hind viloyati” boʻlimi Kashmirning Hindiston tomonidan boshqariladigan hukumat kuchlari tomonidan hujumga uchraganini aytgan.

Ammo Afgʻoniston va AQSH kuchlari IDning mintaqadagi rejalarini yoʻqqa chiqargan.

“Iroq va Suriyadan farqli oʻlaroq, ID Afgʻonistonda kuch va mavqega ega boʻlolmadi, chunki ID mafkurasi afgʻonlarning aqidasiga zid”, deydi Gʻazni viloyati sobiq hokimining oʻrinbosari Muhammad Ali Ahmadiy.

"Afgʻoniston va xalqaro kuchlar IDni qatʼiy ravishda bostirdilar, oʻylaymanki, ularda bu guruhni yoʻq qilish boʻyicha puxta reja bor”, deydi Kobuldagi harbiy ishlar boʻyicha tahlilchi, general-mayor Zohir Azimiy.

“Afgʻonistonda IDning minglab jangarilari, jumladan qoʻmondonlari yoʻq qilindi. Tinchlik tarafdori boʻlmagan va IDga qoʻshilishni istagan ekstremist Tolibon jangarilarini ham oʻlim kutmoqda”, degan edi u oktabr oyida.

Oʻtgan yilning dekabr oyida, hatto “Al-Qoida” ham ID va al-Bagʻdodiyga nisbatan keskin tanqid bilan chiqib, butun dunyo musulmonlarini guruhga qarshi kurashish va uni yoʻqotishga chaqirgan edi.

“Bugun, ularning taʼsiri kamayib, Shomda yuzaga kelgan xavf yoʻqolgach, ular yana boshqa koʻplab maydonlarda tarqalmoqdalar, u yerlarda mujohidlarga balo va musibatlar olib keldilar, ular kirib borgan yurtlar va xalqlarga nisbatan jinoyatchilik va buzgʻunchilikni avj oldirdilar”, deb boshlanadi bayonot.

“Bu guruh xorijiy davlatlarning shubhali rejalari yoʻlida xiyonat, xoinlik va qullikning navbatdagi bobini yozish dunyoning boshqa oʻlkalarida ham paydo boʻlib, razvedka xizmatlarining josuslari ekanligi va ularga ishlashini koʻrsatmoqda.”

“Jang nihoyalab bormoqda.”

[Ushbu maqolani tayyorlashga Kobuldan Sulaymon, Kvettadan Abdul Gʻani Kakar, Nur-Sultondan Aydar Ashimov, Bishkekdan Munara Borombayeva va toshkentlik Maksim Yeniseyev hissa qoʻshdilar.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500