Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Rossiya Markaziy osiyolik eksportchilarga nisbatan proteksionizm siyosatini davom ettirmoqda

Kanat Altinbayev

“Becker & K” supermarketi, 29-oktabr kuni Olmaotada olingan surat. Kompaniya Rossiyada uch yildan beri maʼmuriy toʻsiqlarga duch kelmoqda, deydi “Becker & K” bosh direktori Almaz Tubekov. [Kanat Altinbayev]

“Becker & K” supermarketi, 29-oktabr kuni Olmaotada olingan surat. Kompaniya Rossiyada uch yildan beri maʼmuriy toʻsiqlarga duch kelmoqda, deydi “Becker & K” bosh direktori Almaz Tubekov. [Kanat Altinbayev]

OLMAOTA – Markaziy Osiyolik eksportchilar Rossiyaning tobora kuchayib borayotgan proteksionizm siyosatidan shikoyat qilmoqdalar – bu Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) faqat Moskva uchun manfaatli ekanining yana bir isbotidir, deb ogohlantiradi kuzatuvchilar.

Aslida YOII aʼzo davlatlarga muammosiz import-eksport bilan shugʻullanishga yordam berishi kerak edi, lekin YOIIga qoʻshilish, aksincha, Markaziy Osiyo davlatlari uchun bir qator iqtisodiy, geosiyosiy va hatto ijtimoiy muammolarni paydo qildi.

Ana shunday holatlarning birida Rossiyaning oziq-ovqat xavfsizligini nazorat qilish tashkiloti – “Rosselxoznadzor” Qozogʻiston qishloq xoʻjaligi vazirligiga “Becker & K” kompaniyasi yetkazib bergan goʻsht mahsulotlarida “roʻyxatga olinmagan DNK belgilari” mavjudligi haqida xat yoʻllagan. Bu haqda sentabr oyida Qozogʻistonning “Informbyuro” yangiliklar sayti xabar bergan.

“Becker & K” bosh direktori Almaz Tubekov YOII ijrochi organi – Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YOIK) aʼzolari bilan uchrashuvida uning kompaniyasi texnik talablarga javob berishini taʼkidlagan.

“Shu bilan birga, begona DNK “izlari” mavjudligining minimal ruxsat etilgan koʻrsatkichlari belgilab berilmagan”, dedi u.

Gap mahsulot tarkibida “juda oz miqdordagi begona DNK belgilari” mavjudligi haqida ketmoqda, dedi Tubekov. U turli goʻsht mahsulotlarini birgalikda tashish yoki qayta ishlash zavodlarida ishchilarning qoʻli goʻshtga tegishidan kelib chiqishi tufayli shunday holatlar yuz berishini qoʻshimcha qilgan.

Bu havo-tomchi yoʻli bilan ham oʻtishi mumkin, dedi u. “Hodisa molekulyar darajada yuz beradi.”

“Becker & K” uch yildan beri Rossiyada maʼmuriy toʻsiqlarga uchrab kelmoqda, deydi Tubekov. Rossiya hukumati “YOII mamlakatlaridan kelayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini ham chegarada, ham doʻkonlardagi tekshiruvlar vaqtida nihoyatda qatʼiylik bilan nazorat qiladi”.

“Biz Rosselxoznadzor tomonidan proteksionizmni his qilmoqdamiz”, dedi u.

Boshqa davlatlarga eksport qilish osonroq, u yerda aniq qoidalar bor va cheksiz byurokratik tekshiruvlar yoʻq, dedi Tubekov. Rossiya mahsulotlari ham texnik talablarga muvofiq emas, lekin Qozogʻiston ularga qarshi javob choralarini koʻrmadi, deb qoʻshimcha qildi u.

Adolatsiz raqobat

Bunday holat Rossiya hukumatining YOIIdagi sheriklariga nisbatan maʼmuriy vositalarni suisteʼmol qilishi bilan bogʻliq koʻplab misollardan biridir.

Fevral oyida Olmaotada boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Qozogʻistonning yetakchi qandolat ishlab chiqaruvchisi boʻlgan “Raxat” kompaniyasi rahbari Konstantin Fedorets muxbirlarga Rossiya kompaniyalari “Raxat”ni muntazam ravishda yuridik mojarolarga jalb qilishi va tartibga soluvchi organlar doimiy tarzda kompaniya mahsulotlarini musodara qilishini aytgan edi.

Fedoretsning soʻzlariga koʻra, Rossiya kompaniyalari xorijiy raqobatchilarni jilovlash uchun hukumat idoralaridagi tanishlariga murojaat qiladi.

Fedoretsning soʻzlariga koʻra, Rossiya qandolatchilik kompaniyalari hukumat idoralariga nisbatan taʼsir kuchiga va mahalliy hokimiyat organlari: vazirliklar, bojxona, soliq idoralari rahbarlari bilan yaxshi aloqalarga ega.

“Rossiya hamma yerda kuch ishlatishni maʼqul koʻradi, shu jumladan chakana savdoda ham”, deb taʼkidladi u.

YOII Rossiya tadbirkorlari, investitsiyalari va mahsulotlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratdi, ammo qolgan aʼzo davlatlardan boʻlgan raqobatchi kompaniyalar ogʻir, teng boʻlmagan sharoitlarda ishlashga majbur, deydi Olmaotada yashovchi qozogʻistonlik sobiq diplomat va “Markaziy Osiyodagi geosiyosat” kitobi muallifi Rasul Jumali.

“Rossiya nobozor mexanizmlari va tartibga soluvchi idoralardan foydalanmoqda, ular goʻyoki sanitariya meʼyorlari buzilganini aniqlasa-da, aslida raqobatchilarni yoʻq qilmoqda”, dedi u.

Jumalining taʼkidlashicha, YOII aslida hech qanday iqtisodiy missiyaga ega emas, u postsovet makonda Rossiyaning avvalgi mavqeini tiklashga qaratilgan siyosiy loyihadir.

Rossiyaning proteksionistik siyosati oliy darajadagi rasmiylarning ham tanqidiga uchragan.

“Rossiyaning oʻz ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish istagi tufayli ... mintaqaviy darajadagi turli ekspertizalar, qoʻshimcha talablar, norasmiy buyruqlar va boshqalar joriy etilmoqda”, dedi Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev 1-oktabr kuni.

Bu haqda u Yerevanda YOIIga aʼzo davlatlar rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan Yevroosiy oliy iqtisodiy kengashining majlisida maʼlum qilgan.

“Bunday amaliyot nomaqbul va integratsiyalashuvimiz tamoyillariga zid”, dedi Toʻqayev.

Taʼsirning kuchayishi

Rossiyaning oʻz taʼsirini saqlab qolish yoʻlidagi soʻnggi choralaridan biri Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo boʻlish uchun Oʻzbekistonga bosim oʻtkazish bilan bogʻliq.

Rossiyanig Qrimni noqonuniy anneksiya qilish ortidan Gʻarb davlatlarining sanksiyalaridan aziyat chekkan Moskva Oʻzbekistonning 33 million fuqarosiga yangi imkoniyatlar marrasi deb qarayotgan koʻrinadi.

Rossiya federatsiyasi Federatsiyalar kengashi raisi Valentina Matviyenko 2-oktabr kuni Toshkentga tashrifi chogʻida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “qaror qabul qilgani va Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qoʻshilishi masalasi koʻrib chiqilayotganini” aytgan. Bu haqda Kreml nazoratidagi “RIA Novosti” yangiliklar sayti xabar bergan.

U “Oʻzbekistonning YOIIga qoʻshilishi kechiktirmasdan amalga oshirilishiga” umid bildirgan.

Lekin rasmiy Toshkent rossiyalik amaldor xulosa chiqarishga shoshilganini bildirdi.

Toshkent YOIIga aʼzo boʻlish toʻgʻrisida qaror qabul qilmagan, dedi 4-oktabr kuni Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev.

“Oʻzbekiston bosim oʻtkazish mumkin boʻlgan davlat emas”, dedi Safoyev va YOIIga aʼzolik masalasi Oʻzbekistonda uch yildan beri oʻrganilayotganini maʼlum qildi.

Markaziy Osiyo rasmiylari YOIIga qoʻshilish bilan bogʻliq potentsial tahdidlarni koʻrib, ayrim yoʻnalishlar ustidan nazorat Ittifoqqa topshirilishiga qarshilik qilganlar.

Rossiya va Qozogʻiston tomonidan tashkil etilgan mintaqaviy taraqqiyot banki – Yevroosiyo Taraqqiyot banki (YOTB) YOIIning boʻlajak markaziy banki uchun namuna boʻladi, degan edi YOTB boshqaruvi raisi Andrey Belyaninov 25-sentabr kungi bayonotida.

Qozogʻiston rasmiylari Belyaninovning bayonotiga eʼtiroz bildirganlar

Oradan ikki kun oʻtib, Qozogʻiston milliy banki “Pul-kredit siyosati va valyutani tartibga solish toʻliq YOIIga aʼzo davlatlar markaziy banklari vakolatida qoladi” deb bayonot berdi.

Bayonotda, shuningdek, “Valyuta ittifoqini shakllantirish va yagona valyutani joriy etish koʻzda tutilmagani” va “yagona markaziy bankni yaratish koʻzda tutilmagani va rejalashtirilmayotgani” taʼkidlangan.

“YOTB rahbariyatining bayonotlari haqiqatga toʻgʻri kelmaydi va YOII doirasida qabul qilingan kelishuvlarga zid”, deyiladi bayonotda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Oʻzbekiston hech qachon YOIIga aʼzo boʻlmaydi

Javob berish

U yerdan chiqish kerak, tamom.

Javob berish

Faqat Rossiyaga manfaat olib keluvchi Tayga ittifoqini tark etish kerak.

Javob berish

Bekker ham, Raxat ham noqonuniy tortib olingan

Javob berish

Rossiya mahsulotlari savdosini ham taqiqlash kerak

Javob berish