Payshanba (31-oktabr) kuni “Islom davlati” (ID) oʻz yetakchisi Abu Bakr al-Bagʻdodiyning oʻlimini tasdiqladi va Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiyni voris deb eʼlon qildi.
2014-yildan beri IDga rahbarlik qilgan va dunyo boʻyicha qidiruvdagi eng xavfli shaxs boʻlgan Al-Bagʻdodiy 26-oktabr kuni AQSH maxsus kuchlari tomonidan Suriyaning Idlib viloyatida oʻtkazilgan reyd chogʻida oʻldirilgan.
ID ertasi kuni oʻtkazilgan boshqa bir reydda guruhning avvalgi voizi Abu Hasan al-Muhojirning oʻldirilganini tasdiqlagan.
Bayonotga koʻra, 48 yoshli iroqlik yetakchining oʻlimi munosabati bilan isyonchi guruhning qonun chiqaruvchi va maslahat organi majlisga yigʻilgan.
“Islom davlatining shoʻro kengashi shayx Abu Bakr al-Bagʻdodiyning shahid boʻlgani tasdiqlaganidan soʻng darhol majlisga toʻplandi va mujohidlarning oqsoqollari uning oʻrniga boshqa odamni tayinlashga kelishib oldilar”, deyiladi yetti daqiqali xabarda.
ID voizi, shuningdek, Al-Bagʻdodiyning safdoshlari uning oʻlimi uchun AQSHdan qasos olishini aytib ogohlantirgan.
Noaniq voris
Soʻnggi yillarda Al-Bagʻdodiyning oʻlimi haqidagi yolgʻon xabarlardan keyin kamdan-kam hollarda uning ehtimoliy vorisi sifatida tilga olinadigan al-Hoshimiy haqida juda oz narsa maʼlum.
“Biz u haqda koʻp maʼlumotga ega emasmiz, bilganimiz shuki, u IDning bosh qozisi va shariat (islom qonunlari) qoʻmitasini boshqaradi”, deydi iroqlik tahlilchi Hishom al-Hoshimiy.
Chorshanba (30-oktabr) kuni AQSH harbiylari tomonidan chop etilgan videolavhada al-Bagʻdodiy yashiringan hududga maxsus kuchlar tomonidan oʻtkazilgan reyd aks etgan.
Chorshanba kuni, shuningdek, Al-Bagʻdodiyning harakatlanishi haqida muhim maʼlumotlarni bergan axborotchi, 25 million dollar mukofotning bir qismini yoki hammasini olishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.