Karvonsaroy
Terrorizm

Rossiyaning AQSH askarlari oʻlimi uchun mukofot eʼlon qilgani haqidagi xabarlar Markaziy Osiyoda malomatga uchradi

Jumaguli Annayev

AQSH maxsus qoʻshinlari Afgʻoniston janubi-sharqidagi “Qatʼiy qoʻllov” operatsiyasi doirasida jangovar amaliyotlarda ishtirok etmoqda, 2019-yil, aprel. (CENTCOM)

AQSH maxsus qoʻshinlari Afgʻoniston janubi-sharqidagi “Qatʼiy qoʻllov” operatsiyasi doirasida jangovar amaliyotlarda ishtirok etmoqda, 2019-yil, aprel. (CENTCOM)

ASHXOBOD – Rossiya razvedka boʻlinmasining Afgʻonistondagi AQSH va koalitsiya askarlarini oʻldirish uchun Tolibonga maxfiy tarzda mukofot taklif etgani haqidagi iddaolar Markaziy Osiyoda jiddiy eʼtirozlarga sabab boʻldi.

AQSH Tolibon va afgʻon hukumati oʻrtasidagi urushga barham berish yuzasidan muzokara olib borayotgan bir paytda, Rossiyaning 29155-sonli boʻlinma deb nomlangan guruhi oʻtgan yili Afgʻonistonda koalitsiya qoʻshinlariga qarshi muvaffaqiyatli hujumlar uchun maxfiy ravishda mukofotlar taklif qilgan, deb yozadi The New York Times 26-iyun kuni.

“Tolibon” jangarilari yoki ular bilan yaqin aloqadagi qurollangan jinoiy toʻdalar moʻmay pul ishlab olgani taxmin qilinmoqda, deb xabar bergan nashr ayrim mansabdorlarga tayanib.

2019-yilda Afgʻonistondagi janglarda AQSHning yigirma nafar harbiysi halok boʻldi, ammo ulardan qaysilari uchun mukofot berilgani maʼlum emas.

Jangovar tayyorgarlik kursidan oʻtgan Tolibon aʼzolari, Afgʻoniston, 2020-yil, may. (Fayl)

Jangovar tayyorgarlik kursidan oʻtgan Tolibon aʼzolari, Afgʻoniston, 2020-yil, may. (Fayl)

Ashxobodlik IT-mutaxassis Andreyning fikricha, koʻplab mamlakatlar Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha qoʻshma saʼy-harakatlar olib borayotgan bir paytda, Tolibonga mukofotlar toʻlangani haqidagi maʼlumotlar turkmanistonliklarning jiddiy eʼtiroziga sabab boʻlgan.

“Turkmanistonlik doʻstlarimga internetda oʻqiganlarimni aytib berar ekanman, ular Rossiya harbiy razvedkasining Afgʻonistondagi ishlaridan gʻazabga keldilar”, deydi Andrey.

“Doʻstlarimdan biri... bu xatti-harakatlar jangarilarni Afgʻon diyoridagi xunrezliklarni davom ettirishga undash ekanligini aytdi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Gʻarazli manfaatlar – barcha narsadan ustun

Bu maʼlumotlar Rossiya harbiy kuchlarining terrorizmni moliyalashtirish bilan bevosita aloqador ekanidan dalolat beradi, deydi Ashxobod yaqinida istiqomat qiluvchi 62 yashar sovet-afgʻon urushi faxriysi Ogʻajuma (ismi oʻzgartirilgan).

Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, jumladan Afgʻoniston bilan 740 km dan ortiq umumiy chegaraga ega Turkmaniston ham afgʻonlarga tinchlik oʻrnatish va elektr uzatish liniyalari, temiryoʻllar va gaz quvurlari barpo etishga yordam berayotgan bir paytda, Rossiya qotilliklar va terrorchilik harakatlarini amalga oshirish uchun jangarilarga pul toʻlamoqda, deydi sovet davriga oid GRUning (Rossiya bosh razvedka boshqarmasi) isteʼfodagi zobiti Ogʻajuma.

“Turkmaniston, Oʻzbekiston va tojikistonliklar qoʻshnilari (Afgʻoniston) tinch boʻlishini istaydilar, Rossiya esa urush davom etishini xohlayotgan koʻrinadi”, deydi u.

Ogʻajumaning aytishicha, jangarilarni pul evaziga yollab, ularni radikal harakatlarga undayotgan Moskva oʻzining geosiyosiy va gʻarazli manfaatlarini ushbu jafokash mamlakat tinchligidan ustun qoʻymoqda.

“Rossiyaning maqsadi aniq. U Markaziy Osiyo davlatlarining Afgʻonistondan doimiy ravishda xavfsirashini va Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) kabi mintaqaviy tashkilotlarda uning otaligʻidan chiqmasligini xohlaydi”, dedi Ogʻajuma.

Ammo, Turkmanistonga kelganda bunday choralar samarasiz, dedi u. Afgʻonistondagi nizoni avj oldirish va afgʻon jangarilari xavfini qoʻzgʻash bilan Kreml xato qilmoqda.

“Birinchidan, oʻtgan chorak asr davomida Turkmaniston Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyasi bilan tan olingan doimiy betaraflik maqomini saqlab kelgan, shu bois uning Rossiya boshchiligidagi harbiy blokka qoʻshilishi imkonsiz”, dedi u.

Mustaqillik yillarida oʻz mudofaa salohiyatini mustahkamlagan Turkmaniston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari jangarilarning har qanday zoʻravonliklariga qarshi tura oladi, deb qoʻshimcha qildi u.

“Yana shuni unutmangki, Turkmaniston Afgʻonistonga doim yaxshilik qilib kelgan: ular uchun shifoxona, tugʻruqxona va maktab barpo etgan, insonparvarlik yuklari yuborgan”, deydi Ogʻajuma. “Afgʻonistonliklar, jumladan Tolibon safidagilar ham buni biladi. Shu sabab ular bizning yerlarimiz va boyliklarimizga koʻz olaytirmaydi.”

Rossiya-Tolibon aloqalari

Rossiya Afgʻonistonda ayanchli tarixni boshdan kechirgan – Sobiq Sovet ittifoqi oʻzining soʻnggi yillarida islomiy partizanlarga qarshi vayronkor urushga botib qolgan edi.

Oxirgi yillarda qator hukumatlar va rasmiy tashkilotlar Rossiyani Tolibonlarga maxfiy tarzda oʻqotar qurollar yetkazib berishda ayblagan edilar.

Moskvaning Tolibonlar bilan oʻziga xos munosabatlari oʻtgan yildayoq yuzaga chiqqan, oʻshanda Tolibon rasmiylari va Rossiya tashqi ishlar vaziri Qoʻshma Shtatlar bilan olib borilayotgan muzokaralarni muhokama qilgan edi.

New York Times nashri Rossiya nima uchun Tolibon hujumlarini qoʻllab-quvvatlashi borasida turli nazariyalar borligini, ulardan biri Qoʻshma Shtatlarni urush iskanjasida qoldirish ekanligini taʼkidlab oʻtgan.

Times nashrining yozishicha, Rossiyaning mazkur boʻlinmasi Moskva prezident Bashar al-Asadni dastaklayotgan Suriyada 2018-yilda rossiyalik yollanma askarlarni oʻldirgani uchun AQSHdan qasos olayotgan boʻlishi mumkin.

Tolibon hech qanday razvedka idorasi bilan aloqador emasligini iddao qilsa-da, tashqi oʻyinchilar, jumladan Rossiya, Al-Qoida va Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusidan (IIPK) moliyaviy, qurol-aslaha, dastak va harbiy tayyorgarlik koʻrinishida yordam olgani maʼlum.

Shuningdek, Kreml ham bunday mukofotlash dasturi borligini inkor etgan.

“Gibrid urushlar” tarixi

29155-sonli boʻlinma Rossiya harbiy razvedka boshqarmasi qoʻmondonligi ostida faoliyat yuritadi. Ushbu agentlik 2010-yilda oʻz nomini Bosh boshqarma (GU) deb oʻzgartirgan boʻlsa-da, haligacha oʻzining sobiq qisqartmasi – GRU (Bosh razvedka boshqarmasi) nomi bilan bilan mashhur.

Ushbu boʻlinma Kremlning Yevropa va undan tashqaridagi gibrid urushlari, jumladan, Moldovada tartibsizliklar keltirib chiqarish kampaniyasi, Bolgariyada qurolfurushning zaharlanishi, Chernogoriyadagi muvaffaqiyatsizlikka uchragan davlat toʻntarishi va Britaniyaning Solsberi shahrida rossiyalik sobiq josus Sergey Skripal va uning qiziga qilingan suiqasd va qotillikka jalb etilgan.

29155-sonli boʻlinma guruh boʻlib yoki alohida-alohida – portlashlar, qotilliklar kabi “qoʻporuvchilik” missiyalarini bajarishga ixtisoslashgan”, degan edi jamoa bilan yaxshi tanish boʻlgan GRUning isteʼfodagi zobiti oʻtgan yil oktyabr oyida Times nashri bilan suhbatda.

29155-boʻlinma zobitlari Rossiyaning eng qonli urushlari, jumladan Afgʻoniston, Checheniston va Ukrainadagi urushlarda qatnashgan va koʻplab unvonlar olgan faxriylar ekanligi aytiladi.

Kremlning gibrid urushlar strategiyasi – kiberhujumlar, soxta xabarlar tarqatish, yashirin va tan olinmagan harbiy operatsiyalar.

Times nashrining yozishicha, AQSH askarlarining oʻlimiga olib keladigan Tolibonlar bilan har qanday aloqa Rossiyaning Qoʻshma Shtatlarga qarshi gibrid urushini avj oldiradi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ajoyib. Ochiq-oydin va hamma haqiqatni yozibsizlar. Odamlar manqurtga oʻxshab Rossiya televideniyesining gipnozini tomosha qilib yotishibdi, u yerda esa Rossiya qilayotgan barcha narsa toʻgʻri deb uqtiriladi. Bularning bari bizga qarshi qaratilgan, Markaziy Osiyo mamlakatlari birlashmasligi uchun. Ular ilgarigidek bizning ustimizdan hukmron boʻlishni xohlaydilar. Oramizda adovat qoʻzgʻab, qirgʻiz-oʻzbek, tojik-qirgʻiz kabi mojaro oʻchoqlarini yuzaga keltirishlari mumkin. KGB ishlab turibdi. Ogoh va hushyor boʻlish kerak.

Javob berish

Hammasi mutlaqo toʻgʻri. Negadir Rossiyadan kimdir suveren davlatga buyruq berib turishi kerak...

Javob berish

Rossiya butun dunyoda terrorizmga homiylik qilayotganining yana bir isboti.

Javob berish