Karvonsaroy
Salomatlik

AQSH Tojikiston va Qirgʻizistonga COVID-19ga qarshi vaksinalar bilan yordam berishda davom etmoqda

Karvonsaroy

Qoʻshma Shtatlar 10-dekabr kuni Qirgʻizistonga qoʻshimcha 49140 doza COVID-19ga qarshi Pfizer vaksinalarini yetkazib berdi. [Qirgʻizistondagi AQSH elchixonasi]

Qoʻshma Shtatlar 10-dekabr kuni Qirgʻizistonga qoʻshimcha 49140 doza COVID-19ga qarshi Pfizer vaksinalarini yetkazib berdi. [Qirgʻizistondagi AQSH elchixonasi]

DUSHANBE – AQSH hukumati Tojikiston va Qirgʻizistonga COVID-19 vaksinalari yetkazib berishni davom ettirmoqda.

AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) dushanba (13-dekabr) kuni Tojikistonga qoʻshimcha 153000 doza Pfizer vaksinasi yetkazib berdi, deyiladi AQSHning Tojikistondagi elchixonasi bayonotida.

146520 dozadan iborat yana bir partiya shu hafta oxiriga qadar yetib keladi va yordamning umumiy hajmi 299520 dozani tashkil etadi, deyiladi xabarda.

Xayriya yordamlari COVID-19 vaksinalarini yetkazib berishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha COVAX global dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

AQSH hukumati 13-dekabr kuni AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali Tojikistonga qoʻshimcha 153 ming doza Pfizer vaksinasini yetkazib bergan. [Tojikistondagi AQSH elchixonasi]

AQSH hukumati 13-dekabr kuni AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali Tojikistonga qoʻshimcha 153 ming doza Pfizer vaksinasini yetkazib bergan. [Tojikistondagi AQSH elchixonasi]

Bayonotga koʻra, bu haftadagi yordam yuklari bilan AQSH hukumati tomonidan Tojikistonga taqdim etilgan Pfizer (823680) va Moderna (1622500) vaksinalarining umumiy soni 2446180 taga yetadi.

2020-yil mart oyidan beri Qoʻshma Shtatlar Tojikistonga COVID-19ga qarshi kurashda yordam berish maqsadida asbob-uskunalar va texnik koʻmak uchun 12 million dollardan ortiq mablagʻ ajratdi.

Bu yordam Tojikistonga sogʻliqni saqlash va tibbiyot xodimlarini oʻqitish, tibbiy jihozlar va shaxsiy himoya vositalari xarid qilish, laboratoriyalarni modernizatsiyalash hamda vaksinatsiyaga oid saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash imkonini berdi.

Qoʻshma Shtatlar “COVID-19 pandemiyasiga barham berish, uning halokatli ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini yumshatish va kelajakdagi epidemiyalarga qarshi kurash salohiyatini oshirish uchun Tojikiston bilan hamkorlikni davom ettiradi”, deyiladi bayonotda.

Unga koʻra, yaqinda Tojikistonga yetkazib berilgan Pfizer vaksinalari AQSH hukumatining eng muhtoj mamlakatlarga COVID-19ga qarshi 1,1 milliard vaksinani xavfsiz, adolatli va hech qanday shartlarsiz xayriya qilish majburiyatining bir qismidir.

Bugungi kunga kelib, USAID butun dunyo boʻylab vaksinalar yetkazib berishga 5,7 milliard dollar ajratgan boʻlib, yaqin orada bu raqam yana oshishi kutilmoqda.

“Bayden maʼmuriyatining “Dunyoni emlash” tashabbusi ostida kelasi sentyabrgacha Tojikiston aholisining 70 foizi emlanishini taʼminlashga harakat qilamiz”, deb aytgan USAIDning Tojikistondagi missiyasi rahbari Piter Rayli ayni vaqtda vaksinalash kampaniyasi Tojikiston aholisining 40 foizi qamrab olinganini taʼkidlab.

Qirgʻizistonga yordam

Oʻtgan haftaning juma kuni Qoʻshma Shtatlar Qirgʻizistonga qoʻshimcha 49140 doza COVID-19ga qarshi Pfizer vaksinalarini yetkazib berdi – bu COVAX dasturi doirasida taqdim etilgan navbatdagi hadya boʻldi.

“Xavfsiz va samarali vaktsinalarning mavjudligi bu pandemiyani yengishda muhim ahamiyatga ega. Umid qilamanki, bu vaktsinalar qirgʻizistonliklar hayotini himoya qilishga va yangi xavfli shtammlar tarqalishining oldini olishga yordam beradi”, deyiladi AQSHning muvaqqat ishonchli vakili Sonata Koulter bayonotida.

Ushbu yordam Qoʻshma Shtatlarning Qirgʻizistonga 27-oktyabr kuni hadya qilgan 259740 doza Pfizer vaksinasiga qoʻshimcha ravishda yetkazib berilgan.

“Biz COVID-19ga qarshi kurashda yordam berayotgani uchun AQSH hukumati va taraqqiyot boʻyicha barcha hamkorlarimizdan minnatdormiz”, dedi Qirgʻiziston sogʻliqni saqlash vaziri Alimqodir Beyshenaliyev.

“Qirgʻizistonliklar oktyabr oyi oxiridan boshlab, Pfizer-BioNTech vaksinalari bilan emlanish imkoniga ega boʻldilar va mamlakatda 30 mingdan ortiq odam emlandi. Vaksinatsiya COVID-19ga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan biri ekanligini hammamiz tushunishimiz kerak”, deydi u.

“Koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurasha olishimizga ishonaman.”

Pandemiya boshlanganidan beri Qoʻshma Shtatlar Qirgʻizistonga COVID-19ning oldini olish, aniqlash va davolashda yordam tariqasida 9 million dollardan ortiq mablagʻ ajratgan.

U shuningdek, u himoya vositalari va tibbiy jihozlar xarid qilish, laboratoriyalarni modernizatsiyalash va sogʻliqni saqlash xodimlarini oʻqitish uchun ham mablagʻ ajratgan.

Qoʻshma Shtatlar “COVID-19 pandemiyasiga barham berish, uning halokatli ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini yumshatish va kelajakdagi har qanday epidemiyaga tayyorlikni oshirish yoʻlida Qirgʻiziston bilan hamkorlikni davom ettiradi”, deyiladi bayonotda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500