Karvonsaroy

Qozog‘iston va YTTB Ostonada tabiiy gaz quvuri loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha muzokara olib bormoqda

Karvonsaroy

OSTONA – Qozog‘iston Ostona shahrini gazlashtirishni ko‘zda tutuvchi “Sariarka” magistral gaz quvurini yotqizish loyihasiga Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) mablag‘larini jalb etish bo‘yicha muzokara olib bormoqda, deb xabar berdi Kazinform.

Bu haqda energetika vaziri Kanat Bozumbayev seshanba, 13-fevral kuni vazirlar mahkamasi yig‘ilishida aytib o‘tdi.

Loyiha ma’qullangan taqdirda u Ostonadagi turli obyektlar faoliyatini ko‘mir yoqilg‘isidan tabiiy gazga o‘tkazish imkonini beradi. Xususiy uylarni isitishga mo‘ljallangan 192 ta qozonxona, uncha katta bo‘lmagan kommunal turar-joy binolarini isituvchi 48 ta qozon, ko‘mirda ishlashga asoslangan 22 mingta uy xo‘jaligi hamda IES-1 va IES-3 issiqlik elektr stansiyalari shular jumlasidandir, dedi vazir.

Loyiha havoga zararli chiqindilar ajralishini yiliga 35 tonnaga kamaytirish orqali Ostonadagi ekologik holatni yaxshilashga yordam beradi. Shuningdek, gaz quvuri bo‘ylab infratuzilmani rivojlantirish va tabiiy gazdan foydalangan holda yangi ishlab chiqarish korxonalarini ochish imkoni yaratiladi, dedi Bozumbayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, milliy iqtisodiyot va moliya vazirliklari, “Samruk Kazina” milliy farovonlik jamg‘armasi, “Kazmunaygaz” aksiyadorlik kompaniyasi va Ostona hokimligi vakillaridan tarkib topgan ishchi guruh loyihani amalga oshirish yo‘llarini ishlab chiqmoqda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500