Karvonsaroy

Shvetsiyadagi teraktda ayblangan O‘zbekiston fuqarosi o‘z jinoyatiga iqror bo‘ldi

AFP

STOCKHOLM, Shvetsiya – Seshanba, 13-fevral kuni o‘zbekistonlik qochqin Rakhmat Oqilov o‘tgan yilning aprel oyida Stokholmda yuk mashinasi yordamida 5 kishining hayotiga zomin bo‘lgan terrorchilik hujumini amalga oshirganiga iqror bo‘ldi.

Chorshanba (14-fevral) kuni 40 yoshni qarshi oladigan Oqilov 7-aprel kuni pivo tashiydigan yuk mashinasini olib qochib, uni odamlar bilan gavjum ko‘chada piyodalar ustiga haydaganini tan olgan.

Mazkur hujum oqibatida uch nafar shvetsiyalik, jumladan 11 yashar qiz, 41 yoshli erkak va belgiyalik 31 yoshli ayol halok bo‘lgan. 10 kishi turli darajada jarohat olgan.

Politsiya Oqilovni hujumdan ko‘p o‘tmay qo‘lga olgandi. So‘roq vaqtida u o‘z aybini tan oldi.

“Hujumdan ko‘zlangan maqsad – vahima keltirib chiqarish va Shvetsiyani “Islom davlati”ga qarshi koalitsiyada ishtirok etmaslikka undash bo‘lgan”, deb ma’lum qildi sudga Oqilovning advokati Yohan Eriksson.

Oqilov 2016-yilda Shvetsiya hukumatiga boshpana berishni so‘rab murojaat qilgan, biroq rad javobini olgandi. Shundan so‘ng, u IDga sodiqlik qasamyodini qabul qilgan.

Aloqalar tergovi

Tergovchilar Oqilovning terakt oldidan, uni amalga oshirish vaqtida va keyinroq smartfonda shifrlangan chatlar orqali noma‘lum shaxslar bilan yozishganini aniqlaganlar.

Seshanba kuni ishni sudda ko‘rib chiqish vaqtida ayblov tomoni uning telefonidan topilgan Whatsapp, Telegram, Facebook va Zello dasturlaridagi yozishmalarini ashyoviy dalil sifatida taqdim etgan.

Ushbu suhbatlarda Oqilov sinagoga, “osiylar”ni tashuvchi parom va tungi klub kabi bir nechta ehtimoliy “nishon”larni tilga olgan.

“Bu yerda kofirlar ko‘p”, deb yozgandi u.

Ayni paytda Oqilov bilan aloqada bo‘lgan shaxslar qidirilmoqda, biroq tergovchilarning ishonishicha, Oqilov yakka o‘zi harakat qilgan, shu bois ham u yagona ayblanuvchidir.

Prokurorlar ayblanuvchiga umrboq qamoq jazosi berilishini, shundan so‘ng uning mamlakatdan chiqarib yuborilishini talab qilmoqchi. Shetsiyada umrbod qamoq jazosi aniq belgilanmagan, ammo o‘rtacha 16 yilni tashkil qiladi.

Oqilovning rafiqasi va to‘rt nafar farzandi O‘zbekistonda qolgan.

Oqilov ustidan sud 20-fevraldan boshlanishi kutilmoqda. Sud jarayoni may oyiga qadar davom etadi, yakuniy hukm esa iyun oyida e‘lon qilinadi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500