Karvonsaroy

Qozog‘iston afg‘on ayollari salohiyatini oshirishga qaratilgan loyihani amalga oshirdi

Karvonsaroy

OSTONA – Qozog‘iston afg‘on ayollarining huquqlari va imkoniyatlarini oshirishga yo‘naltirilgan xorijiy yordam dasturini yakunladi, deb xabar berdi juma, 13-aprel kuni Kazinform mamlakat tashqi ishlar vazirligiga tayanib.

2017-yil fevral oyida boshlangan sa’y-harakatlar “afg‘on ayollarining iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashga yo‘naltirildi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Loyiha BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan moliyalashtirilgan.

Qozog‘istonning yetakchi oliy o‘quv yurtlari mutaxassislari Afg‘oniston fuqarolariga “talab yuqori bo‘lgan bir qator sohalar, jumladan, davlat boshqaruvi va sog‘liqni saqlash, ayniqsa, ona va bola salomatligiga oid bilimlarga alohida e‘tibor qaratgan holda ta’lim berdilar”, deyiladi vazirlik xabarida.

Juma kuni Ostonadagi Nazarboyev universitetida o‘quv dasturi ishtirokchilariga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston, Afg‘oniston, BMTTD va JICA vakillari qatnashdi.

Loyiha Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan tan olingan va rivojlanish maqsadlari uchun rasmiy ko‘mak sifatida tasniflangan Qozog‘istondagi ilk loyiha bo‘ldi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500