Karvonsaroy

AQSH rasmiylari 500 mingta router orqali ishlovchi botnetni zararsizlantirdi

AFP

VASHINGTON – AQSH adliya vazirligi chorshanba (23-may) kuni yarim millionga yaqin uy va ofislardagi tarmoq routerlaridan tashkil topgan xavfli botnetni zararsizlantirilgani va u joylashgan domen olib qo‘yilganini ma’lum qildi. Xakerlar tomonidan nazorat qilingan ushbu botnet Rossiya razvedkasiga aloqador deb taxmin qilinmoqda.

Ushbu chora xakerlarga kompyuterlar ustidan nazorat o‘rnatish va ma’lumotlarni osonlik bilan o‘g‘irlashga imkon beruvchi, kichik va o‘rta o‘lchamli kompyuter tarmoqlari orqali amalga oshirilgan operatsiyaga barham berishga qaratilgan.

“VPNFilter” botneti uy va ofis routerlari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular yordamida botnet kontrollerlarining so‘rovlarni uzatishi, shuningdek, trafikni ularga qayta yo‘naltirishi va bunda tarmoq foydalanuvchilariga umuman ko‘rinmasligi mumkin.

Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur botnet APT28, Pawn Storm, Sandworm, Fancy Bear va Sofacy Group kabi turlicha nomlarga ega bir guruh xakerlar tomonidan yaratilgan.

Bu guruh bir qator hukumatlar, elektr tarmoqlari kabi muhim infratuzilma obyektlari, YXHT, Butunjahon antidoping agentigi va boshqa tashkilotlarga hujum qilishda ayblangan.

Amerika maxsus xizmatlariga ko‘ra, ayni guruh 2016-yilda AQSHdagi prezident saylovlari chog‘ida Demokratik partiyaga putur yetkazuvchi ma’lumotlarning xakerlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilishi va tarqatilishiga oid operatsiyaga ham aloqador bo‘lgan, shuningdek, Ukrainadagi bir nechta kompyuter tarmoqlarining ishdan chiqarilishini ham tashkillashtirgan.

“Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar fikriga ko‘ra, Sofacy – kiberjosuslik guruhi bo‘lib, kelib chiqishi Rossiyaga borib taqaladi”, deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Xabarda Sofacy guruhi ortida kim turgani ma’lum qilinmagan, biroq o‘tmishda Amerika maxsus xizmatlari tomonidan uning GRU Rossiya harbiy razvedka agentligiga aloqadorligi aniqlangan. Shuningdek, kompyuter xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sonli xususiy guruhlar ham bu ma’lumotlarni tasdiqlagan.

Adliya vazirligining bayonoti bilan bir vaqtda e’lon qilingan hisobotda aytilishicha, tarmoq uskunalari bo‘yicha yetakchi hisoblangan Cisco kompaniyasi VPNFilter dunyoning 54 mamlakatida 500 mingga yaqin qurilmalarga zarar yetkazganini ma’lum qilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500