Karvonsaroy

Stokholmdagi teraktda ayblangan o‘zbekistonlik umrbod qamaldi

AFP

STOKHOLM, Shvetsiya – Payshanba, 7-iyun kuni shved sudi qochqin maqomini ololmagan O‘zbekiston fuqarosini umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. U 2017-yilning 7-aprel kuni Stokholm markazida olib qochilgan yuk mashinasini piyodalar ustiga haydab borishi natijasida 5 kishi hayotdan ko‘z yumgan edi.

Stokholm okrug sudi 40 yashar Rahmat Oqilovni “terrorchilik jinoyati” sodir etishda ayblagan. U Stokholmning eng gavjum markaziy ko‘chalaridan birida uyushtirilgan hujum tufayli besh kishining o‘limida va 119 kishing joniga qasd qilishda aybdor deb topilgan.

Qotillikdan so‘ng bir necha soat o‘tib qo‘lga olingan Oqilov “Islom davlati”ga (ID) sodiq ekanligini aytib qasamyod qilgan va guruh unga shifrlangan muloqot saytlari orqali hudkushlik hujumini amalga oshirishga ruxsat berganini aytgan. Biroq, ID mazkur hujum uchun mas’uliyatni hech qachon o‘z zimmasiga olmagan.

Hujum oqibatida 3 nafar shved fuqarosi, shu jumladan, 12 yoshga to‘lmagan qizcha, shuningdek, 41 yashar britaniyalik erkak va 31 yashar belgiyalik ayol hayotdan ko‘z yumgan.

3 oyga cho‘zilgan sud jarayoni davomida Oqilovning o‘z qilmishidan pushaymon ekanligi sezilmagan.

Shvetsiyada o‘rtacha 16 yilni tashkil qiluvchi umrbod qamoq jazosini o‘tagach, u mamlakatdan chiqarib yuboriladi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500