Karvonsaroy

AQSH va Markaziy Osiyo rasmiylari Toshkent va Olmaotada ishchi guruh majlislarini o‘tkazdi

Karvonsaroy

OLMAOTA – AQSH davlat departamentining dushanba, 23-iyul kungi bayonotiga ko‘ra, 20-23-iyul kunlari Markaziy Osiyoning besh mamlakati delegatsiyalari AQSH rasmiylari bilan iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni muhokama qildilar.

Uchrashuvlar atrof-muhit, iqtisodiy aloqalar va xavfsizlik bo‘yicha uchta ishchi guruh doirasida Qozog‘istonning Olmaota va O‘zbekistonning Toshkent shaharlarida o‘tkazildi.

Ishchi guruhlar C5+1 muloqoti – besh Markaziy Osiyo mamlakati va Qo‘shma Shtatlarni birlashtiruvchi asosiy mintaqaviy diplomatik platforma doirasida tashkil etilgan.

AQSH davlat kotibining iqtisodiyot va biznes masalalari bo‘yicha yordamchisi Manisha Singx 20-iyul kuni Olmaota shahrida AQSH delegatsiyasining iqtisodiy aloqalar guruhiga rahbarlik qildi. Guruh iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish yo‘llarini muhokama qilgan.

USAIDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Xavyer Piedra ishtirokchilarga C5+1 iqtisodiy loyihalari haqida ma’lumot berarkan, kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini ochiqladi, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, 20-iyul kuni Olmaotada AQSH davlat kotibining Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi va atrof-muhit masalalari bo‘yicha ishchi guruh rahbari Genry Ensher Markaziy Osiyo mintaqaviy energetika bozori (CAREM) loyihasini taqdim etdi.

U shuningdek, 23-iyul kuni Toshkentda terrorizmga qarshi kurash va chegara xavfsizligi sohasidagi hamkorlikni muhokama qilishda AQSH delegatsiyasining xavfsizlik masalalari bo‘yicha ishchi guruhiga rahbarlik qildi.

Tomonlar “mintaqada ekstremizmga qarshi kurash, ishchi guruhning radikallashuv va zo‘ravonlikka qarshi kurashga jamoatchilikni jalb etishga qaratilgan dastlabki ikki loyihasini ishga tushirish masalasini muhokama qildilar”, deyiladi bayonotda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500