Karvonsaroy

Tahlilchilar: “Islom davlati” yollash uslublarini o‘zgartirmoqda

Karvonsaroy

DUSHANBE – 29-iyul kuni Tojikistonda xorijlik velosayyohlarga qarshi sodir etilgan halokatli hujum “Islom davlati” (ID) guruhining o‘smirlar va yoshlarga ko‘proq e‘tibor qaratayotganini anglatishi mumkin. Bir qator tojik rasmiylari va tahlilchilar shunday fikrni bildirmoqda, deb xabar berdi yakshanba, 5-avgust kuni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining tojik xizmati.

Hujumni amalga oshirgan shaxslar velosayyohlarni o‘z mashinalari bilan urib, so‘ngra ularni pichoqlaganlar. Sayyohlardan 4 nafari o‘ldirilgan, ikkisi jarohatlangan. Yettinchi velosipedchi hujumdan qochib ulgurgan.

To‘rt nafar gumondor huquq-tartibot idoralari tomonidan yo‘q qilingan, yana 11 nafari hibsga olindi, ular orasida bevosita hujumni sodir etishda gumon qilingan shaxs ham bor. Hujum uchun mas’uliyatni ID guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Tojikistonlik ayrim tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, qotillarning aksari 18-19 yosh atrofida bo‘lgan. Bu voqeadan shuni xulosa qilish mumkinki, ID Suriya va Iroqda mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng, internet orqali yollash uslubini o‘zgartirgan.

Avvallari IDning targ‘ibot videolarida o‘sha mamlakatlarda jang qilayotgan yoshi kattaroq, soqol qo‘ygan va qurol ushlagan tojik erkaklari ko‘rsatilar edi. Endilikda ID o‘z videolavhalaridan qiziqqon o‘smirlar va yoshlarni jalb qilish uchun foydalanmoqda va ularni Yaqin Sharqqa borishga da‘vat qilmayapti.

“Shaxsiy tajribamda o‘qotar qurollar shovqinini yoqtirgani uchungina ekstremistlar safiga qo‘shilishni istagan o‘smirni qo‘lga olgan edik”, deb aytgan ismi sir qolishini istagan tojik rasmiysi RFE/RL radiosi bilan suhbatda.

Iyul oyida xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan chegarani noqonuniy kesib o‘tib, “Islom davlati” safiga qo‘shilishni istagan 17-18 yashar 4 nafar yigit qo‘lga olingan edi, dedi Tojikiston narkotiklarni nazorat qilish boshqarmasining Ko‘lobdagi bo‘limi rahbari Muhabbat Abdullozoda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga.

“Bunday yoshlar o‘zlarini kerakli va muhim odam deb his qilishni xohlaydilar”, deydi o‘smirlar bilan ishlovchi psixolog Gulchehra Gulmirzoyeva. “Xuddi shu vaqtda ektremistik guruhlar paydo bo‘lib, ularni qahramonga aylanishlari mumkinligiga ishontiradi”, dedi u.

“Ektremistik guruhlar harbiy kuch-qudratga ega vaqtlarida bamisoli davlat kabi kurashadilar”, deydi tojikistonlik tahlilchi Rustam Aziziy. “Bunday imkoniyat bo‘lmaganida esa alohida teraktlar sodir etishga o‘tadilar”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500