Karvonsaroy

Tojikiston qamoqxonasidagi isyon natijasida 20 kishi hayotdan koʻz yumdi

Karvonsaroy

XO‘JAND, Tojikiston – Xo‘janddagi qat‘iy tartibdagi qamoqxonada sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar natijasida 20 ga yaqin mahbus va ikki nafar nazoratchi halok bo‘lgan, deb xabar berdi payshanba (8-noyabr) kuni AFP ikkita xavfsizlik sohasidagi manbaga tayanib.

Tojikistonning eng yirik ikkinchi shahridagi qamoqxonada ekstremizm va odam o‘ldirish kabi og‘ir jinoyatlarni sodir etganlar saqlanadi.

Manbalarning birining aytishicha, to‘qnashuvlarda “20 ga yaqin mahbus” va ikki nafar soqchi halok bo‘lgan. Ikkinchi manba bu ma’lumotni tasdiqlagan hamda yana 6 nozir jarohat olganini qo‘shimcha qilgan.

Tojikiston hukumati qamoqxonada bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlar va halok bo‘lganlar sonini tasdiqlaganicha yo‘q.

“O‘nlab mahbuslar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuv chorshanbadan (7-noyabr) payshanbaga o‘tar kechasi ro‘y bergan”, deb xabar berdi xavfsizlik sohasidagi manbalardan biri AFPga. Manba o‘z ismini oshkor qilmaslikni soʻragan.

Boshqa manba xabariga koʻra, mahbuslar muassasa ustaxonasidan “oʻtkir tigʻli buyumlarni” olib qoʻyganlaridan so‘ng isyon boshlangan.

Dushanbedan 300 kilometr shimolda joylashgan Xo‘jand qamoqxonasida avval ham mahbuslarning qochishi bilan bogʻliq holatlar kuzatilgan.

2016-yilda 3 mahbusning qamoqdan qochishga urinishi chogʻida bir nafar soqchi va yana bir mahbus halok bo‘lgan edi.

O‘shanda Ichki ishlar vazirligi mahbuslar “Islom davlati” (ID) safiga qo‘shilishni rejalashtirganini maʼlum qilgandi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500