Karvonsaroy

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Barak anklavi aholisi uchun chegara punktini ochdi

Karvonsaroy

BISHKEK – Oʻzbekiston va Qirgʻiziston besh yillik tanaffusdan soʻng, Oqtosh chegara postini qayta ochdi. Bu haqda 24.kg nashri Qirgʻiziston hukumatiga tayanib xabar berdi.

Bu chora Oʻzbekiston hududi bilan oʻralgan Qirgʻizistonning Barak anklavi aholisiga chegara osha erkin harakatlanish imkonini beradi. Ayni kunda Qirgʻizistonning Oʻsh viloyati, Qorasuv tumanidagi Oqtosh qishlogʻida joylashgan mazkur anklavda 20 ga yaqin qirgʻiz oilalari istiqomat qiladi.

Nazorat-oʻtkazish punkti har kuni soat 9.00 dan 19.00 gacha va favqulodda vaziyatlarda uzluksiz faoliyat koʻrsatadi.

“Avvallari Barak anklavi aholisi davlat chegarasini Qizilqiya nazorat-oʻtkazish punkti orqali kesib oʻtar edi. Oʻshga borish uchun ular 150 km koʻproq yoʻl yurib, jami 300 kilometrga yaqin masofani bosib oʻtishga majbur boʻlar edilar”, deyiladi Qirgʻiziston hukumati bayonotida.

“Endilikda Qirgʻizistonning asosiy hududiga kirib borish uchun bir kilometrdan koʻproq yoʻl bosib oʻtish kifoya”, deyiladi xabarda.

18-dekabr kuni Qirgʻiziston va Oʻzbekiston chegara viloyatlari rahbarlari kengashining ikkinchi yigʻilishida Qirgʻiziston bosh vaziri Muhammedkali Abilgaziyev va uning oʻzbekistonlik hamkasbi Abdulla Aripov nazorat-oʻtkazish punktini qayta ochish haqida kelishuvga erishganlar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500