Karvonsaroy

Qirgʻiziston fuqarosi Magnitogorskdagi portlashga aloqadorlikda gumon qilinmoqda

Karvonsaroy

BISHKEK – Rossiya politsiyasi oʻtgan oyda Magnitogorsk shahrida yuz bergan halokatli portlashga aloqadorlikda gumon qilib, qirgʻizistonlik mehnat migrantini qoʻlga olgan, deb xabar berdi juma kuni 24.kg nashri.

31 dekabr kuni koʻp qavatli turarjoy binosida yuz bergan portlash natijasida jami 39 kishi, jumladan, ikki tojik oilasining 8 nafar aʼzosi hayotdan koʻz yumgan edi.

Falokat gaz sizib chiqishi oqibatida yuz bergani aytilsa-da, voqea ortidan mehnat migrantlarining turarjoylarida oʻtkazilgan reydlar portlash terrorchilik harakati boʻlishi mumkin, degan gap-soʻzlarni keltirib chiqargan.

Asli qirgʻizistonlik boʻlgan 29 yashar Husniddin Zaynobiddinov portlashga aloqadorlikda gumon qilinib qoʻlga olingan. Uni avvalgi ayblovlar yuzasidan javobgarlikka tortish uchun Qirgʻizistonga ekstraditsiya qilishlari mumkin, deb xabar bergan Rossiya ommaviy axborot vositalari.

Politsiya Zaynobiddinovni qiynoqqa solib, portlash bilan bogʻliq aybni boʻyniga olishga majburlagan, biroq, iqror boʻlmaganidan soʻng mahalliy prokuratura uni Qirgʻizistonga qaytarish uchun hujjatlarni rasmiylashtirgan. Bu haqda Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga uning rafiqasi soʻzlab berdi.

Qirgʻiziston davlat milliy xavfsizlik qoʻmitasi (GKNB) maʼlumotlariga koʻra, Zaynobiddinov 2010-yil iyun oyida Qirgʻizistonda millatlararo nizo va ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarishda gumonlanib, xalqaro qidiruvga berilgan edi.

U Jalolobod viloyatining Bozorqoʻrgʻon tumanida yashagan va 8 yil avval Qirgʻizistonni tark etgandi, deyiladi GKNB xabarida.

Turarjoy binosidagi portlashdan bir kun oʻtib, 1-yanvar kuni Magnitogorsk maydonida mikroavtobusning portlashi natijasida 3 kishi hayotdan koʻz yumdi. Rasmiylarning maʼlum qilishlaricha, portlash nosoz gaz balloni sababli yuz bergan.

Yanvar oyi oʻrtalarida “Islom davlati” (ID) guruhi ikkala porlash uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500