Karvonsaroy

Dushanbedagi AQSH elchixonasi media almashinuv dasturiga arizalarni qabul qilishni boshladi

Karvonsaroy

DUSHANBE – Chorshanba (6-fevral) kuni AQSHning Tojikistondagi elchixonasi 2019-yilgi Markaziy Osiyo media almashinuv dasturi (CAMEX) uchun arizalarni qabul qila boshladi.

OAV vakillari uchun moʻljallangan ushbu trening dasturi Markaziy Osiyodagi televizion kompaniyalar va telestudiyalar jamoalariga hamkorlikda tanlangan mavzularda hujjatli filmlar yaratish uchun ikki haftaga AQSHga safar qilish imkonini beradi.

Dastur uchun STEAM (Fan, texnologiyalar, muhandislik, sanʼat va matematika) hamda Kremniy vodiysi, C5+1 va iqtisodiy aloqalar, savdo va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hamda turizm kabi mavzular tanlangan. C5+1 bu Qoʻshma Shtatlar va Markaziy Osiyoning 5 mamlakati oʻrtasidagi muloqot formatidir.

Dasturga koʻra, suratga olish guruhlari ikki haftalik safar davomida bitta yoki turkum hujjatli filmlar, onlayn multimedia mahsulotlari va Amerikaga oid erkin mavzudagi lavhalarni tayyorlashi va praym-taym vaqtida efirga berishi kerak, deyiladi elchixona xabarida.

Dastur shartlariga binoan, har bir kompaniya jamoasi koʻpi bilan ikki kishidan oshmasligi, ingliz tilini yaxshi bilishi va tasvirga olish moslamalariga ega boʻlishi lozim. Ularga “Meridian” nomli hamkor tashkilotdan boʻlgan prodyuser koʻmaklashadi.

Telekompaniyalar tayyorlangan dasturlarning praym-taym vaqtida efirga uzatilishini taʼminlashi, internet nashrlari esa oʻz veb-saytlarida raqamli materiallarni joylashtirishi lozim.

Ishlab chiqarishga oid barcha xarajatlar, jumladan xalqaro va ichki reyslar boʻyicha parvozlar, mehmonxonada yashash, ovqatlanish va boshqa sarf-xarajatlar AQSH Davlat departamenti tomonidan qoplanadi.

Takliflar 20-fevralga qadar tojik, rus yoki ingliz tillarida qabul qilinadi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500