Karvonsaroy

Tojikiston Iroqdan 75 nafar bolani oʻz vataniga qaytarmoqchi

AFP

DUSHANBE – Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin seshanba (12-fevral) kuni Iroq hukumati 75 nafar tojikistonlik bolani vataniga qaytarishga rozilik berishiga umid bildirdi. Bolalarning “Islom davlati”ga (ID) aloqadorlikda ayblanib qamoqqa olingan onalari ularning Tojikistonga qaytarilishiga izn berganlar.

Muhriddinning soʻzlariga koʻra, Iroqda qolayotgan 92 tojikistonlik boladan (ular orasida uch yoshgacha boʻlgan 31 bola bor) 75 nafari vataniga qaytarilishga haqli boʻlishi kerak.

Uning aytishicha, askariyat bolalarning otalari ID va boshqa guruhlar safida jang qilib halok boʻlganlar.

Iroq qonunlariga koʻra, bolalar mamlakatdan olib chiqilishi uchun ota-onalarining roziligi olinishi kerak, dedi u.

Uning soʻzlariga koʻra, Tojikiston hukumati har bir bolaning repatriatsiyasi uchun 400 AQSH dollari (3700 somoniy) toʻlashi lozim. Bu summa Iroqda oʻtkazilgan diplomatik muzokaralardan soʻng belgilangan.

Iroq qamoqxonalarida jazo muddatini oʻtayotgan 43 nafar ayolni qaytarish esa oson boʻlmaydi, dedi u.

Uning aytishicha, “Iroq sudlari ayrim tojik fuqarolarini oʻlim jazosiga, ayrimlarini esa umrbod qamoqqa hukm qilgan”, deb xabar beradi Avesta.tj nashri. Shu sabab pepatriatsiya jarayoni “uzoq va ogʻir kechadi“.

Yaqin orada tojik diplomatlari ayni shu muammo – hibsdagi tojikistonliklarni vataniga qaytarishni muhokama qilish maqsadida Iroqqa qoʻshni Suriyaga yoʻl oladilar, dedi u.

Tojikiston hukumati maʼlumotlariga koʻra, 2011-yildan beri Iroq va Suriyadagi jangarilar safiga qoʻshilish uchun 1000 dan ortiq fuqaro mamlakatni tark etgan, ularning ayrimlari keyinchalik Rossiyada mehnat migranti boʻlib ishlagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500