Karvonsaroy

AQSH delegatsiyasi Bishkek va Toshkentga tashrif buyuradi

Karvonsaroy

TOSHKENT – Dushanba-payshanba (25-28-fevral) kunlari Amerika Qoʻsha Shtatlari delegatsiyasi Bishkek (Qirgʻiziston) va Toshkent (Oʻzbekiston) shaharlarida boʻlib, hukumat rasmiylari bilan muzokaralar oʻtkazadi, deb xabar qildi Toshkentdagi AQSH elchixonasi dushanba kungi bayonotida.

Delegatsiyaga AQSH davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha yordamchisining birinchi oʻrinbosari Elis Uells rahbarlik qiladi.

Uells Bishkekka tashrifi davomida Markaziy Osiyodagi Amerika universitetining oʻqituvchi va talabalari bilan uchrashishi kutilmoqda.

Shuningdek, u “sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning oilasi tomonidan oʻgʻirlangan 4,6 million dollar mablagʻni qirgʻiz xalqiga qaytarish boʻyicha AQSH hukumati olib borayotgan muvaffaqiyatli qoʻshma saʼy-harakatlarni muhokama qtish uchun Qirgʻiziston Respublikasi Moliya vaziri Baktigul Jeyenbayeva bilan boʻladigan ommaviy tadbirda qatnashadi”, deyiladi elchixona xabarida.

Uells, shuningdek, Toshkentda AQSH hukumati idoralararo delegatsiyasining rahbari sifatida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan birgalikda AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlarni oʻtkazadi.

Uells Oʻzbekiston hukumatining yuqori lavozimli vakillari bilan “global va mintaqaviy xavfsizlik, Afgʻonistondagi tinchlik jarayoni, iqtisodiy va savdo kelishuvlari, inson huquqlari va diniy erkinliklar hamda sud islohoti, xalq taʼlimi va xotin-qizlar huquqi boʻyicha AQSH va Oʻzbekiston oʻrtasidagi qoʻshma dasturlarni muhokama qiladi”, deb xabar beradi elchixona.

Bu Qoʻshma Shtatlar va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik hamkorlikning yangi davrini boshlab bergan, prezident Shavkat Mirziyovning 2018-yil may oyida Vashingtonga qilgan tashrifidan soʻng oʻtkazilayotgan birinchi yillik ikki tomonlama maslahatlashuvlar boʻladi.

“Qoʻshma Shtatlar Prezident Mirziyoyevning islohot dasturlari hamda ikki xalq oʻrtasidagi oʻzaro mustahkam aloqalarning rivojini qoʻllab-quvvatlar ekan, Oʻzbekiston bilan hamkorlikning yanada kuchayishidan umidvor”, deyiladi xabarda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500