Karvonsaroy

AQSH Oʻzbekistonning gender notenglikka barham berishga oid choralarini olqishlaydi

Karvonsaroy

TOSHKENT – 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida AQSHning Toshkentdagi elchixonasi Oʻzbekistonning gender notenglikka barham berishga qaratilgan saʼy-harakatlarini olqishladi. Bu haqda AQSH elchixonasi missiyasi rahbarining oʻrinbosari v.b. Debora Robinson payshanba (7-mart) kungi bayonotida maʼlum qildi.

“Oʻzbekistonning boshlangʻich va oʻrta taʼlim tizimida gender notenglikka barham bergani tahsinga sazovor”, dedi u. “Oʻzbekistondagi xotin-qizlar taʼlim olishda tengdirlar.”

Robinsonga koʻra, 2017-yilda qizlar boshlangʻich taʼlim sohasida 50%ni, oʻrta taʼlim maktablarida esa 54%ni tashkil etgan.

Oʻtgan yilgi statistik maʼlumotga koʻra, oliy taʼlim sohasida ham xotin-qizlar soni oshgan va talabalarning 40% xotin-qizlar boʻlgan, bu 2011-yildagi koʻrsatkichdan 36% koʻp demakdir.

“Xotin-qizlarning savodxonlik darajasi esa 99,98%ni, yaʼni dunyodagi eng yuqori koʻrsatkichardan birini tashkil etadi. Oʻzbekiston bunday yutuqlardan faxrlansa arziydi.”, dedi u.

“Shunga qaramay, Oʻzbekistonda ish joylarida hanuz gender notenglik kuzatilmoqda”, deb qayd etdi Robinson.

Oʻzbekiston hukumati maʼlumotlariga koʻra, 2017-yilda iqtisod sohasida ayollarning 38,5 foizi mehnat bilan band boʻlgan. Ayni vaqtda, BMT maʼlumotlariga asosan, oʻrta taʼlim olgan xotin-qizlarning faqat 35% ishlaydi, oliy maʼlumotli xotin-qizlarning esa 68% ish bilan taʼminlangan.

“Oliy taʼlim imkoniyatlarining oshirilishi ayollar orasida ish bilan taʼminlanganlik darajasini oshirishda muhim”, deydi Robinson. “Mehnat qilayotgan xotin-qizlar qancha koʻp boʻlsa, oila tushumi va mamlakat iqtisodiy oʻsishi uchun shuncha yaxshi boʻladi.”

U shuningdek, siyosat va hukumatda ham ayollar sonini oshirishga chaqirdi.

“Bosh vazir oʻrinbosari Tanzila Norboyeva va Senator Svetlana Ortiqova kabilarni ijtimoiy va mehnatga oid islohotlarni ishonch va sadoqat bilan targʻib qilayotgan ayollar sirasiga kiritsa boʻladi, shunga qaramay, parlamentdagilarning faqatgina 16%, vazirlarning esa 5 foizini ayollar tashkil qilmoqda”, dedi u.

“Oʻzbekiston bu jarayonni boshlab, maqtovga sazovor ish qildi, biroq bu muhim kunni nishonlar ekanmiz, Oʻzbekistondagi xotin-qizlar gender tenglikka erishishdagi navbatdagi bosqichga tayyor ekanligini tan olishimiz kerak”, deya xulosa qilgan Robinson.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500