Karvonsaroy

Rossiyaning yirik telekom shirkati Gulnora Karimovaga pora bergani uchun AQSHga jarima toʻlaydigan boʻldi

AFP

NYU-YORK – Payshanba (7-mart) kuni AQSH prokuraturasi Rossiyaning yetakchi telekommunikatsiya kompaniyasi bilan kelishuvga erishdi – kompaniya Oʻzbekiston sobiq prezidentining oilasiga pora bergani uchun 850 mln. AQSH dollari (7,1 trln. soʻm) miqdorida jarima toʻlashi kerak boʻladi. AQSH prokurorlari, shuningdek, sobiq prezidentning qiziga nisbatan ayblov eʼlon qilganlar.

Mazkur jinoiy ish Oʻzbekistonni 1990-yildan 2016-yildagi vafotiga qadar boshqargan prezident Islom Karimov davriga oid korrupsiya holatiga oydinlik kiritgan.

Moskvada joylashgan va aksiyalari Nyu-York fond birjasida sotuvga qoʻyilgan MTS kompaniyasi AQSH adliya vazirligi hamda Qimmatli qogʻozlar va birja boʻyicha komissiya bilan bu borada kelishuvga erishilganini maʼlum qilgan.

Shuningdek, Karimovning qizi Gulnora Karimovaga nisbatan ham ayblovlar eʼlon qilingan boʻlib, u qariyb 10 yil davomida turli moliyaviy sxemalar orqali jami 865 mln. dollar (7,3 trln. soʻm) pora olganlikda ayblanmoqda, deyiladi prokuratura xabarida.

Karimova pul yuvish maqsadida “Oʻzdunrobita“ kompaniyasining sobiq bosh direktori, 44 yashar Behzod Ahmedov bilan jinoiy til biriktirishda ayblangan. Ushbu kompaniya keyinchalik “MTS”ning Oʻzbekistondagi shoʻba kompaniyasiga aylantirilgandi.

Ahmedov “taxminan 2001-yildan 2012-yilga qadar” Karimovaga telekom shirkatlaridan pora olishda yordam berib kelgan, deyiladi Nyu-York janubiy okrugi prokuraturasi xabarida.

Ayni paytda Ahmedov Rossiyada istiqomat qiladi. Karimova 2017-yilda 5 yillik uy qamogʻiga hukm qilingan edi. Biroq, oʻtgan haftada mamlakat huquq-tartibot idoralari uni uy qamogʻi shartlarini buzgani uchun jazoni oʻtash muassasasiga oʻtkazganlar.

2012-yilda Oʻzbekiston tomoni MTSning mamlakatdagi shoʻba kompaniyasini soliq toʻlashdan boʻyin tovlash ayblovlari bilan tortib olgan edi. Filial 2013-yilda bankrotlik eʼlon qilgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya pora yordamida boshqa mamlakatlarning ichki bozori uchun oʻziga yoʻl ochmoqda.

Javob berish