Qozog‘iston va Afg‘oniston hamkorlikni kuchaytirmoqda

Salaam Times

OSTONA – Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Beybut Atamkulov va Afg‘onistonning Qozog‘istondagi elchisi Muhammad Farhad Azimiy o‘tgan hafta ikki mamlakatning siyosat, savdo, iqtisodiy va gumanitar yo‘nalishdagi hamkorligini muhokama qildilar, deb xabar berdi seshanba (19-mart) kuni Kazinform nashri Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligiga asoslanib.

“Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlari doirasida Afg‘oniston bilan qator yo‘nalishlardagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik bizning umumiy aloqalarimizga ijobiy ta’sir korsatadi”, dedi Atamkulov.

“Qozog‘iston Afg‘onistonning tinchlik va tiklanish jarayoniga ko‘p yillardan beri oʻz hissasini qo‘shib kelmoqda”, deb qo‘shimcha qildi u.

Atamkulovning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston harbiy-texnik hamkorlikni kuchaytirishga, Afg‘onistonga don mahsulotlari eksportini oshirishga, Qozog‘istonda afg‘onlar uchun ta’lim dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga, Afg‘onistonda temir yollari va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qiziqmoqda.

2010-2021-yillar oralig‘ida 1000 dan ortiq afg‘onistonlik Qozog‘istonda ta’lim oldi va bu jarayon davom etadi, dedi Azimiy.

Qozog‘iston universitetlarini bitirgan talabalar hozirda Afg‘onistonning rivojlanishiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar, dedi u. Ular, shuningdek, qozoq hukumatidan afg‘onistonlik talabalarning Qozog‘istonda ta’lim olishi uchun stipendiyalar sonini oshirishni so‘raganlar.

“Biz Afg‘onistonning taraqqiyotida Qozog‘istonning rolini yuqori baholaymiz”, dedi Azimiy. Afg‘oniston hukumati Afg‘oniston va Qozog‘iston munosabatlarini strategik bosqichga olib chiqishidan umidvor ekanini aytib o‘tdi.

Qozog‘iston hududda Afg‘onistonning savdo bo‘yicha eng yirik hamkoridir, dedi Azimiy.

Afg‘oniston hukumati qo‘shma loyihalar, jumladan konlarni o‘zlashtirish sohasini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini aytib o‘tdi. Shu bilan birga, Afg‘oniston Olmaota va Kobul o‘rtasida biznes aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni tiklashga qiziqish bildirgan.

Sizga maqola yoqdimi?

2
0
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat Captcha