http://central.asia-news.com/uz-Latn/articles/cnmi_ca/newsbriefs/2019/04/16/newsbrief-01

AQSH Davlat departamenti Oʻzbekistonda terrorizmga qarshi treningga homiylik qildi

Karvonsaroy

TOSHKENT – Oʻtgan haftada Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligining (IIV) 13 nafar xodimi AQSH homiyligida oʻtkazilgan terrorizmning oldini olish boʻyicha treningda qatnashdi. Bu haqda Oʻzbekistondagi AQSH elchixonasining seshanba (16 aprel) kungi bayonotida soʻz yuritilgan.

Treningdan maqsad, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining terrorchilar va terrorchilik guruhlarini aniqlash va ularga qarshi kurashish boʻyicha eng soʻnggi tergov koʻnikmalari va yondashuvlarini takomillashtirish boʻldi.

Trening davomida ishtirokchilar “potensial axborot manbalarini aniqlash, kuzatuv ishlari olib borish, terrorchi va uyushgan jinoiy guruhni moliyalash usullarini tushunish, terrorchilik harakatlarini tergov qilish, gumondor va guvohlarni soʻroqqa tutish, terrorchi va jinoyatchilarni taʼqib etishga koʻmaklashish maqsadida axborotni kuzatib borish va tahlil etish tizimini ishlab chiqish boʻyicha yangi bilimlarga ega boʻldilar”, deyiladi bayonotda.

Trening yakuniga bagʻishlangan tadbirda AQSHning muvaqqat ishlar boʻyicha vakili Alan Meltser barcha ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etdi.

“Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonning mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va tinchlikni taʼminlashdagi tobora oʻsib borayotgan rolini nihoyatda qadrlaydi”, dedi Meltser 12-aprel kuni oʻtgan tadbirda.

“Biz bexatar va farovon kelajak yoʻlida xavfsizlikka oid dolzarb transmilliy tahdidlar, jumladan, terrorizmga qarshi kurashda Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilamiz”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?
0
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat
Captcha