Karvonsaroy

Qozogʻistonlik chegarachilar uchun hujjatlar xavfsizligi boʻyicha YXHT treningi oʻtkazildi

Karvonsaroy

OLMAOTA – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) tomonidan 21 nafar qozogʻistonlik chegarachi uchun qalbaki sayyohlik hujjatlarini aniqlash va identifikatsiya metodlari boʻyicha yoʻriqchilarni tayyorlashga oid 5 kunlik kurs tashkil etildi. Mashgʻulotlar juma (26-aprel) kuni Olmaotada yakunlandi, deyiladi YXHT bayonotida. Kursda terrorchilar uchun chegarani kesib oʻtish va chegara punktlarida qoʻlga tushmaslikka imkon beruvchi soxta sayyohlik hujjatlarini aniqlash oʻrgatildi.

Avstriya Federal ichki ishlar vazirligi mutaxassislari Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegara xizmatchilari uchun alohida dastur ishlab chiqdilar. Qozogʻistonlik xizmatchilar “qogʻoz ishlab chiqarish, qogʻozda qoʻllaniladigan xavfsizlik xususiyatlari, xavfsizlik siyohi va turli chop etish texnologiyalarini” oʻrgandilar, deyiladi YXHT bayonotida. Yoʻriqchilar 200 ta haqiqiy va soxta sayyohlik hujjatlarni namoyish etdilar va qanday qilib hujjatning xavfsizlik xususiyatlarini aniqlashni muhokama qildilar.

Amaliy mashgʻulotlar davomida qozogʻistonlik xodimlar oʻndan ortiq mamlakatning pullari bilan ham ishladilar. Oʻqituvchilar ularga oʻz mahoratlarini oshirishlari uchun “yorituvchi lupalar, USB-raqamli mikroskop va Docubox qurilmasidan” foydalanish imkoniyatini taqdim etdilar.

Hujjatlarni tekshirish amaliyotini oʻrganishdan tashqari, bir kun kelib oʻzlari instruktorlik qiladigan qozogʻistonlik ishtirokchilar dars oʻtish metodikasidan ham yoʻriqnoma olishdi. Ular treningni toʻliq tugatish uchun yana ikkita qoʻshimcha haftalik kurslarni oʻtadilar.

Trening Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasi, AQSH elchixonasining Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish va huquq-tartibot dasturi, Markaziy Osiyoda narkotik va psixotrop moddalar hamda ularning prekursorlariga qarshi kurash boʻyicha mintaqaviy axborot va muvofiqlashtirish markazi, Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegara xizmati bilan hamkorlikda tashkil etildi. Shuningdek, kursni YXHTning Transmilliy tahdidlar boʻyicha departamentining sayyohlik hujjatlari xavfsizligi dasturi ham qoʻllab-quvvatlagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500