Qozogʻistonlik politsiyaсhilar va chegara qoʻshinlari odam savdosiga qarshi kurash boʻyicha YXHT treningida qatnashdilar

Karvonsaroy

CHIMKENT, Qozogʻiston – Seshanba (30-aprel) kuni Qozogʻistonda odam savdosi kanallarini aniqlash va bartaraf etishni takomillashtirish boʻyicha Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) tomonidan qozogʻistonlik politsiyachilar va chegara qoʻshinlari uchun tashkil etilgan trening yakunlandi.

Odam savdosi qurbonlarini noqonuniy olib chiqish, olib kirish va tashishni toʻxtatish Chimkentdagi ikki kunlik seminarning asosiy mavzusi boʻldi.

“Islom davlati” (ID) kabi terrorchilik tashkilotlari odam savdosidan oʻz faoliyatini moliyalashtirish va guruh safiga odam yollash vositasi sifatida foydalanadi. Birgina misol, jangarilar safiga qoʻshilayotgan erkaklar uchun jinsiy qullar sifatida foydalanish maqsadida ID Iroqdagi yazidiy xotin-qizlarni oʻgʻirlagan edi.

Seminar Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasi, Qozogʻistondagi AQSH elchixonasining narkotiklarga qarshi kurash va huquq-tartibot faoliyatiga oid xalqaro ishlar byurosi hamda Qozogʻiston ichki ishlar vazirligi (IIV) bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminarda Chimkent shahri hamda Jomboy, Qiziloʻrda va Turkiston viloyatlaridan yigirma nafar politsiyachi, shuningdek, Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) Chegara qoʻshinlarining Ontustik boʻlimi zobitlari ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar “odam savdosi mexanizmlari, odam savdosini tergov qilishning oʻziga xos xususiyatlari, shuningdek, odam savdosiga qarshi kurash boʻyicha xalqaro va milliy qonunchilik”ni oʻrgandilar, deyiladi YXHT xabarida. Trening, shuningdek, “gumondorning verbal va noverbal xulq-atvorini chuqurlashtirilgan tarzda psixologik tahlil qilish metodlari va muayyan xavf koʻrsatkichlarini aniqlash usullarini” ham oʻz ichiga oldi.

Yigʻilish ishtirokchilari olingan bilimlarni mustahkamlash maqsadida qator amaliy mashgʻulotlar oʻtkazdilar, deb xabar beradi YXHT.

Seminar YXHT dasturlari idorasining Qozogʻistonda odam savdosiga qarshi kurashga koʻmaklashish va YXHTning odam savdosiga qarshi kurash boʻyicha harakatlar rejasini amalga oshirishga oid choralar doirasida oʻtkazildi.

Sizga maqola yoqdimi?

1
0
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat Captcha