Karvonsaroy

Toshkentda Internetni boshqarish boʻyicha IV Markaziy Osiyo forumi oʻtkaziladi

Karvonsaroy

TOSHKENT – 15-16-may kunlari Toshkentda Internetni boshqarish boʻyicha IV Markaziy Osiyo forumi oʻtkazilishi kutilmoqda, deb xabar beradi chorshanba (1-may) kuni AKIpress.

Forum Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Tashkilotchilarning soʻzlariga koʻra, tadbirda “kiberxavfsizlik va oʻta muhim infratuzilmalar muhofazasi, biometrik maʼlumotlardan foydalanishda fuqarolarning holati va huquqlari, internetning terrorchilar tomonidan qoʻllanishi” kabi mavzular muhokama qilinadi.

Yangi turdagi qurilmalar yangi imkoniyatlar taqdim etishi barobarida, kiberxavfsizlik muammolarini ham keltirib chiqaradi. Bu muammolarni hal etish uchun mintaqada hukumat, sanoat sohasi va fuqarolik jamiyatining koʻp taraflama hamkorligi talab qilinadi, deydi tadbir tashkilotchilari.

2016-yildan beri oʻtkazib kelinadigan forum Markaziy Osiyo mamlakatlarida internetni boshqarish borasidagi siyosat masalalarini muhokama qilish boʻyicha ochiq maydon boʻlib xizmat qiladi.

200 dan ortiq ishtirokchi, jumladan dunyo mamlakatlaridan kelgan mutaxassislar internetni boshqarishga oid global va milliy yondashuvlar, kiberxavfsizlik va internet erkinligi masalalarini muhokama qilish maqsadida har yili mazkur forumga yigʻiladilar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500