USAID Oʻzbekistondagi taʼlim islohotlarini qoʻllab-quvvatlash uchun grant ajratadi

Karvonsaroy

TOSHKENT – AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Oʻzbekiston taʼlim sohasidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 19,5 million dollarlik (165 milliard soʻmlik) grant ajratilishini eʼlon qildi, deb xabar beradi Xalq taʼlimi vazirligi dushanba (13-may) kungi bayonotida.

Maktablarni yaxshilash ekstremistik tashviqotga qarshi chidamli va maʼrifatli jamiyatni barpo etishga koʻmaklashadi.

“Ushbu mablagʻlar maktab boshqaruviga, oʻquv qoʻllanmalarni takomillashtirishga hamda oʻqituvchilarning mazkur oʻquv qoʻllanmalardan taʼlim jarayonida foydalanish boʻyicha bilimlarini oshirishga sarflanadi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlikka koʻra, loyiha maktablarda shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlashga koʻmaklashadi. Mablagʻlar, shuningdek, axborot texnologiyalarini oʻquv jarayoniga joriy etish hamda oʻquvchilarning axborot texnologiyalari boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirishga safarbar etiladi.

“Taʼlim sohasidagi muammolardan biri oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini obʼektiv baholash vositalarining yoʻqligidir”, deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, USAID agentligi koʻmagida yurtimiz umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinflarida oʻqish va matematika (EGRA i EGMA) boʻyicha dastlabki baholash ishlari olib boriladi. Ushbu tadqiqotlar bolalarning bilimidagi boʻshliqlarni aniqlash va ushbu muammolarni bartaraf etishga yordam beradi.

Mazkur loyiha doirasida USAID agentligi maktablarda zamonaviy taʼlim usullarini joriy etish yoʻli bilan ingliz tilini oʻqitishni takomillashtirishga qaratilgan “English speaking nation” dasturini amalga oshirishga koʻmaklashadi.

USAIDning bu granti Oʻzbekiston xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari va AQSH hukumat rasmiylari oʻrtasida 27-fevral kuni Toshkentda imzolangan taʼlim sohasini isloh qilishga oid anglashuv memorandumiga kiritilgan dastlabki loyihalardan biridir.

Sizga maqola yoqdimi?

1
0
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat Captcha