Karvonsaroy

Suriyada qolgan tojik jangarisining ayoli onasidan yordam soʻramoqda

Karvonsaroy

DUSHANBE – Suriyada olti farzandi bilan qolib ketgan tojikistonlik jangarining bevasi oʻz onasidan unga pul yuborishni va azob-uqubatlardan qutqarishini soʻrab iltijo qilgan. Bu haqda ayolning onasi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining (RFE/RL) tojik xizmatiga xabar bergan.

Koʻloblik Davlatbi Odinayeva 19 may kuni qizi Sarvinozi Abduxalil bilan telefon orqali gaplashgan. RFE/RL ushbu telefon soʻzlashuvlarini qoʻlga kiritgan.

Abduxalilning soʻzlariga koʻra, ayolning turmush oʻrtogʻi toʻrt oy oldin halok boʻlgan, ayoli va olti farzandi esa suriyalik jangarilarning oilalari uchun moʻljallangan kurdlar boshqaruvidagi lagerda qolib ketishgan.

“U menga: ona, bilaman pulingiz yoʻq, lekin menga pul yuborishingizni va hayotimni saqlab qolishingizni soʻrayman, deb aytdi”, dedi Odinayeva RFE/RL radiosiga bergan intervyusida. “Men ertasi (20-may) kuni oʻsha raqamga qoʻngʻiroq qildim, ammo hech kim javob bermadi. Qizimga hech narsa qilmagan, degan umiddaman.”

Odinayevaning aytishicha, Rossiyada ishlab turgan turmush oʻrtogʻi Armirjon Abdurahmonov 2015-yilda oilasini Suriya olib ketgan.

Tojikistonning Kuvaytdagi elchisi Zubaydullo Zubaydzoda 21-23-may kunlari “bir qator tojikistonlik fuqarolarning shaxsi va sonini aniqlash hamda ularni vataniga qaytarishni” muhokama qilish maqsadida Suriya poytaxti Damashqda boʻlib qaytgan. Bu haqda Tojikiston tashqi ishlar vaziri 24-may kungi bayonotida xabar bergan.

RFE/RL radiosi xabariga koʻra, Suriyaning kurdlar boshqaruvidagi hududlarida “Islom davlatining” (ID) oʻnlab tojikistonlik aʼzolari qamoqxonalarda jazo muddatini oʻtamoqdalar.

Aprel oyi oxirida Tojikiston hukumati Iroqdagi tojik jangarilarining farzandlari boʻlgan 84 nafar bolani vataniga qaytargan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500