Karvonsaroy

Yevropa Kengashi rahbarining tashrifi chogʻida Tojikistonda Google saytlariga kirish osonlashdi

AFP

DUSHANBE – Mintaqa boʻylab safar qilayotgan Yevropa Kengashi (YK) rahbari Donald Tuskning payshanba (30-may) kuni Tojikistonga tashrifi chogʻida mamlakatda bir qator mashhur vebsaytlar va Google xizmatlariga qoʻyilgan taqiq olib tashlangan.

Tusk Markaziy Osiyoning boshqa ikki davlati – Qozogʻiston va Oʻzbekistonga tashrifi oldidan payshanba kuni Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan muzokara oʻtkazgan.

Tusk Yevropa Kengashining rahbari sifatida Yevropa Ittifoqi uchun siyosat yoʻnalishlarini belgilashga hissa qoʻshib kelmoqda. Oʻz navbatida Yevropa Ittifoqi “Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarish” dasturi orqali mintaqa chegaralari xavfsizligini taʼminlashga koʻmaklashadi.

Avvalroq, internet foydalanuvchilari bir qator yangiliklar saytlari, Facebook, YouTube va Google xizmatlaridan foydalanishda muammolar yuzaga kelayotgani haqida xabar bergan edilar.

Google xizmatlari shu oyda tojik qamoqxonasida yuz bergan qonli gʻalayondan soʻng ishlamay qolgan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, mazkur hodisa natijasida 35 kishi, jumladan “Islom davlati” (ID) aʼzolaridan boʻlgan 19 mahbus halok boʻlgan edi.

Saytlarga may oyi davomida kirib boʻlmagan

Tojikistonlik foydalanuvchilarga koʻra, Facebook va YouTube Tuskning tashrifigacha bir oy davomida bloklangan holatda boʻlgan. Ular bu ikki saytga kirish uchun muntazam ravishda aylanib oʻtish vositalarni ishga solishga majbur boʻlmoqdalar.

Biroq, Tojikistondagi ikki yetakchi provayder mijozi boʻlgan foydalanuvchilar payshanba kuni bu saytlarning bari ishlab ketganini aytganlar.

Foydalanuvchilarning aytishicha, “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosining tojik xizmati ham blokdan chiqarilgan.

Aprel oyida “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti mamlakatdagi kam sonli mustaqil yangiliklar saytlaridan biri boʻlmish “Aziya-Plyus”ning 5 oy davomida bloklanganini maʼlum qilar ekan, tojik hukumatini saytlarni bloklash amaliyotini toʻxtatishga chaqirgan edi.

Internet foydalanuvchilariga koʻra, “Aziya-Plyus” nashri Tuskning tashrifi chogʻida ham bloklangan holatda boʻlgan.

Tojikiston hukumati saytlarning bloklanishini kamdan-kam hollarda rasman tan olsa-da, 2013-yilda prezident Rahmon oʻgʻlining toʻyida qoʻshiq aytib, raqsga tushayotgani aks etgan videolavhaning tarqalib ketishi ortidan Youtube saytiga toʻsiq qoʻyilgan edi.

Tusk 31-may kuni Qozogʻiston va Oʻzbekistonga tashrif buyurib, ikkala mamlakat rahbarlari bilan muzokaralar olib borishni moʻljallagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500