Karvonsaroy

YXHT va BMT biologik qurolga qarshi choralarni ishlab chiqishda Markaziy Osiyo davlatlariga yordam beradi

Karvonsaroy

BISHKEK – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) chorshanba-payshanba (26-27-iyun) kunlari Bishkekda Markaziy Osiyo mamlakatlarining biologik qurol qoʻllanishiga qarshi javob choralari koʻrish qobiliyatini takomillashtirishga bagʻishlangan ikki kunlik seminar oʻtkazadi. Bu haqda YXHTning chorshanba (26-iyun) kungi bayonotida soʻz boradi.

“Biologik qurol qoʻllanishiga tayyorgarlik va unga qarshi chora koʻrish uchun milliy, mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi salohiyatni mustahkamlash” deb nomlangan seminar BMTning qurolsizlanish masalalari boʻyicha idorasining Biologik qurolga oid konvensiya (BWC) ijrosini taʼminlash boʻlimi, YXHT va Qirgʻiziston iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirda BWCga aʼzo Markaziy Osiyoning toʻrt mamlakati – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonning sogʻliqni saqlash, xavfsizlik va davlat sektori vakillaridan iborat 45 ta delegat ishtirok etdi.

Tadbirda BMTning qurolsizlanish masalalari boʻyicha idorasi (UNODA), YXHT, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, Butunjahon hayvonlar sogʻligʻini saqlash tashkiloti va Yevropa Ittifoqining kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy materiallar taʼsiri xatarlarini kamaytirish markazi, shuningdek, Rossiya va Belorussiyadan kelgan mutaxassislar qatnashdi.

Ishtirokchilar faol oʻquv mashgʻulotlari davomida 4 ta mavzuli guruhlarga boʻlingan holda, biologik qurol qoʻllanishiga tayyorgarlikning turli unsurlariga oid muayyan masalalar, jumladan, kasalliklar avj olishi ustidan epidemiologik nazorat va epidemiologiya, savodxonlik va xabardorlikni oshirish, sohalararo hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro hamkorlik kabi yoʻnalishlarda ish olib bordilar.

Davra suhbatlari davomida ishtirokchilar qarorlar qabul qilish mexanizmlari va jarayonlari, shuningdek, mamlakat miqyosida favqulodda vaziyatni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan shartlar va holatlar hamda bunday hollarda koʻriladigan choralar haqida fikr yuritdilar.

Tadbir qatnashchilari tomonidan 6-7 avgust kunlari Jenevada oʻtadigan BWC ekspertlari kengashining yordam koʻrsatish, chora koʻrish va tayyorgarlik masalalariga bagʻishlangan majlisiga koʻmaklashuvchi tavsiyalar ishlab chiqildi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500