Suriyadan qaytarilgan qozoq ayoli 5 yillik qamoqqa hukm qilindi

Karvonsaroy

AQTOʻBE, Qozogʻiston – Aqtoʻbe shahar sudi Suriyadan qaytgan ayolni 5 yillik qamoq jazosiga hukm qildi, deb xabar berdi “Fargʻona News” juma (26-iyul) kuni.

29 yashar Zarina Akmalayeva terrorizmni targʻib qilish va diniy adovat qoʻzgʻashda ayblanib, qamoqqa hukm qilingan birinchi qozoq ayolidir.

Akmalayeva qozoq harbiylari tomonidan “Jusan” (Achchiq shuvoq) operatsiyasi doirasida Qozogʻistonga evakuatsiya qilingan. Ushbu operatsiyada “Islom davlati”ning inqirozidan soʻng Suriyada qolib ketgan radikal qozoq fuqarolari va ularning qaramogʻidagilar ommaviy ravishda vataniga qaytarilgan edi.

May oyida 231, yanvarda esa 47 nafar qozogʻistonlik vataniga qaytarilgan.

Akmalayeva va uning (bittasi Suriyada tugʻilgan) ikki nafar qizi may oyida evakuatsiya qilinganlar qatorida boʻlgan.

Akmalayeva Suriyaga jangarilardan birining ayoli sifatida emas, mustaqil ravishda borgan. Radikallashgan ayol 2014-yilda birinchi qizi va singlisi bilan Suriyaga yoʻl olgandi.

U Suriyadan onasiga jihod chaqirigʻini oʻz ichiga olgan bir nechta video va audioyozuvlarni joʻnatgan. Hukumat maʼlumotlariga koʻra, yuborilgan fayllar ichida terroristik mazmundagi materiallar boʻlgan.

Akmalayeva oʻz aybini tan olgan va qilmishidan pushaymon boʻlgan.

Hukumat idoralari uning qizlarini kimga topshirish masalasini hal qilmoqda. Sudlanuvchining singlisi qayerda ekani nomaʼlum.

Sizga maqola yoqdimi?

0
1
Yo‘q
Fikrlar 0
Siyosat Captcha