Karvonsaroy

Oʻzbekiston va Afgʻoniston elektr yetkazib berish boʻyicha 10 yillik bitim imzoladi

Karvonsaroy

TOSHKENT – 20-sentabr kuni Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan elektr energiyasi yetkazib berishga oid uzoq muddatli kelishuv imzoladi, deb xabar beradi Tashkent Times dushanba (23-sentabr) kuni.

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” va Da Afghanistan Breshna Sherkat kompaniyasi oʻrtasidagi shartnoma 10 yilga moʻljallangan.

Oʻzbekiston 2002-yildan beri bir yillik shartnomalar asosida Afgʻonistonga doimiy ravishda elektr energiyasi yetkazib bermoqda.

“10 yillik shartnoma mavsumiy emas, balki yil davomida elektr bilan taʼminlashni koʻzda tutadi”, dedi shartnomani imzolash marosimida soʻzlagan Oʻzbekiston energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xoʻjayev.

Oʻzbekiston rasmiylari afgʻonistonlik hamkasblariga yon bosib, “shartlarni sezilarli darajada yumshatdi”, dedi u. “Afgʻonistondagi ogʻir vaziyatni hisobga olgan holda, jarima toʻlashga majbur boʻlmasliklari uchun biz yetkazib berishni moslashuvchan jadval asosida yoʻlga qoʻyishga kelishdik.”

Oʻzbekiston energetika vazirligi vakiliga koʻra, shartnoma Oʻzbekistondan Afgʻonistonga oʻtadigan “Surxon–Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi qurilishini moliyalashtirish uchun Osiyo taraqqiyot banki tomonidan belgilangan shartlardan biri edi.

150 million dollarlik elektr uzatish liniyasi loyihasini amalga oshirish uchun Afgʻoniston va Oʻzbekiston tomonidan mos ravishda 105 million va 45 million AQSH dollari ajratiladi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500