Karvonsaroy
Terrorizm

Kelib chiqishi O‘zbekistonlik bo‘lgan shaxs Nyu-Yorkdagi qonli terrorchilik hujumidan so‘ng qo‘lga olindi

AFP

Ushbu videoda Sayfullo Soipovning 2016 yil Missuri shtatida hibsga olingan vaqtidagi yirik plandagi surati va uning Nyu-York shahrida 31 oktyabr kuni hibsga olingan vaqtidagi suratini ko‘rish mumkin. Soipov yuk avtomobili yordamida sakkiz kishini o‘ldirganlikda ayblanmoqda. [Tavhid Kabir/AFP] va [Pyer Millet=/AFPTV/ST.CHARLES COUNTY P.D./AFP]

NYU-YORK -- Seshanba (31 oktyabr) kuni Nyu-York shahrida qilgan ishi “terrorchilik harakati” deb baholangan, yuk avtomobilini ko‘chadagi olomon ustiga haydagan haydovchi O‘zbekistonlik fuqaro ekanligi aniqlandi.

29 yoshli Sayfullo Soipov qasddan avtomobilini quyi Manxettendagi velosipedlar yo‘lakchasidagi olomonga qarab haydab, politsiya bergan xabarga ko‘ra, sakkiz insonni o‘ldirgan va yana kamida 12 ta insonni yaralagan.

Uni politsiya xodimlari o‘q uzib yaralagan va u hibsga olingan.

Soipov AQSh’ga 2010 yilda kelgan va ma’lumotlarga qaraganda Floridada istiqomat qilgan.

Tergovchilar 31 oktabr kuni Nyu-York shahrida yuz bergan terrorchilik hujumidan so‘ng yuk avtomobilini ko‘zdan kechirmoqdalar. Politsiya tomonidan tarqatilgan xabarga ko‘ra, yuk avtomobili piyodalar va velosipedchilar yo‘lagida bo‘lgan odamlarga kelib urilgandan so‘ng sakkiz kishi halok bo‘ldi. Ular O‘zbekiston fuqarosini ushlab turibdilar. [Don Emmert/AFP]

Tergovchilar 31 oktabr kuni Nyu-York shahrida yuz bergan terrorchilik hujumidan so‘ng yuk avtomobilini ko‘zdan kechirmoqdalar. Politsiya tomonidan tarqatilgan xabarga ko‘ra, yuk avtomobili piyodalar va velosipedchilar yo‘lagida bo‘lgan odamlarga kelib urilgandan so‘ng sakkiz kishi halok bo‘ldi. Ular O‘zbekiston fuqarosini ushlab turibdilar. [Don Emmert/AFP]

“Hozir bizda Soipovning kelib chiqishi haqida tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘q, ammo bizdagi bor ma’lumotlarga qaraganda… u O‘zbekistonda yashaganda radikallashmagan”, deya so‘zladi Toshkentdagi siyosiy tahlilchi Valeriy Xan Caravanserai bilan suhbatda.

“Islom davlati” (ID) targ‘ibotchilari xorijdagi “Soipov va unga o‘xshaganlarga” ta‘sir o‘tkazishga intiladilar, deydi Xan va so‘zida davom etadi, “Hozirga qadar ularning onglari zaharlangandan so‘ng O‘zbekistonga qaytib kelish uchun qilgan urinishlari behuda bo‘ldi. Shu sabab ulardan chet eldagi terrorchilik hujumlarda foydalanib kelinmoqda”.

Agar Soipov aybdor deb topilsa, bir yildan kamroq vaqt ichida kelib chiqishi O‘zbekistonlik deya taxmin qilingan jangarilar tomonidan sodir etilgan hujumlar soni to‘rttaga yetadi.

Minglab jangarilar chet elda

Xalqaro bo‘hron guruhi (International Crisis Group) tomonidan 2015 yilda qilingan taxminga ko‘ra 2000 dan 4000 gacha Markaziy Osiyolik jangarilar ID bayrog‘i ostida to‘plangan.

Notinch Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston hech qachon mamlakatdan borib jihodchi guruhlarga qo‘shilgan fuqarolari soni haqida ma’lumot bermagan.

Ammo Xalqaro bo‘hronlar guruhining xabariga ko‘ra Markaziy Osiyoliklar orasidan kelib chiqqan ID tarafdorlarining eng yirik guruhi O‘zbekiston fuqarolari yoki qo‘shni davlatlardagi millati O‘zbek bo‘lgan insonlardir.

O‘zbekistonlik bo‘lgan Abdulqodir Masharipov yangi yilga o‘tar kechasi Istanbuldagi Reina nomli tungi klubda 39 kishini o‘ldirganiga iqror bo‘ldi.

Shu yilning aprel oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri metrosida terrorchilik harakatini sodir etgan va 13 kishining hayotiga zomin bo‘lgan 22 yoshli Akbarjon Jalilov taxminlarga ko‘ra Qirg‘izistonda tug‘ilib Rossiya fuqaroligini olgan o‘zbek yigit bo‘lgan.

O‘sha oyning o‘zida 39 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Rahmat Oqilov Stokgolmda 4 kishining o‘limiga olib kelgan yuk avtomobili bilan qilgan hujumidan so‘ng hibsga olindi. O‘zbekiston hukumati uning ID bilan aloqasi borligini bildirdi.

Va nihoyat, 27 oktyabrda 27 yoshli Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi O‘zbekiston fuqarosi Abdurasul Jo‘raboyev Iroq va Suriyadagi terrorchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun til biriktirgani uchun AQSh sudi tomonidan 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

O‘zbekistondagi g‘azab va hamdardlik

AFPning xabar berishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni (1 noyabr) AQSh hukumatiga murojaat qilib Nyu-Yorkdagi hujum bilan bog‘liq tergov ishlariga ko‘mak berishni taklif qildi.

O‘zbekiston Tashqi Ishlar Vazirligi veb-saytida e’lon qilingan bayonotda “O‘zbekiston ushbu terrorchilik harakatini tergov qilishda barcha kuch va resurslarni ishga solishga tayyor”, dedi AQSh Prezidenti Donald Trampga ta’ziya izhor qilgan Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Mirziyoyevning bayonoti gumondorning shaxsiyati yoki millati to‘g‘risida ma’lumotlarni tasdiqlamadi.

“Biz ekstremizm va terrorizmning har qanday ko‘rinishini qoralaymiz”, dedi u. “Bu kabi qabih va vahshiyona jinoyatni oqlab bo‘lmaydi”.

AQSh’ning O‘zbekistondagi elchixonasi chorshanba kuni (1 noyabr) o‘zining Facebook’dagi rus tilidagi sahifasida javob berib, O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyevga qo‘llab-quvvatlovi va Nyu-Yorkdagi terrorchilik hujumi bo‘yicha surishtiruv ishlariga yordam taklif qilgani uchun tashakkur izhor qildi.

Oddiy o‘zbekistonliklar dahshatga tushgan va hamdardlik bildirgan edilar.

“Bugun butun mamlakat bunday og‘ir yukdan iztirob hissiyoti bilan uyg‘ondi”, dedi Toshkentlik Elyor Yoqubov Caravanserai bilan suhbatda. “Biz aslida umuman aybdor bo‘lmasak ham, men baribir bu fojea bilan bog‘liqlikni his qilayapman. Menimcha bu terrorchi O‘zbekistondan kelgan deb hadeb qaytaraverish noto‘g‘ri”.

“Uni biz bilan bog‘lab turgan narsa yo‘q”, deb davom ettirdi Yoqubov. “O‘zbekistonga kelgan har qanday inson biz xavfsizligimiz bilan qay darajada faxrlanishimizni ko‘rishi mumkin va mana shu O‘zbekistonning asl qiyofasidir”.

“Bu juda ham jiddiy zarba”, deydi yana bir Toshkentlik Nozima Baratova Caravanserai’ga. “Umid qilamanki, bu voqea yaqindagina yaxshilanishni boshlagan O‘zbekiston va AQSh munosabatlariga sovuqlik tushirmaydi”.

“Men Amerika xalqiga xitob qilib “Bizning mamlakat haqida yomon fikrga bormanglar” demoqchiman. Bu yerda hech kim Soipovga o‘xshagan insonlarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Ularning maqsadi mamlakatlarimiz orasidagi munosabatlarga nizo ekishdir va biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur”.

[ushbu xabarni tayyorlashda Toshkentdan Maksim Yeniseev ko‘maklashdi.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500