ALMATI -- Qozog‘iston Mudofaa Vazirligi 16-30 oktabr kunlari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) oddiy qurol-yarog‘lar va portlovchi moddalarni zararsizlantirish bo‘yicha o‘quv kursiga mezbonlik qildi.
YeXHT ga a’zo davlatlarning qirq besh vakili Almati va Jambil viloyatining Otar harbiy bazasida o‘tkazilgan mashqlarda ishtirok etdilar. Mudofaa vazirligining bayonotida mashqlar Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan kelgan harbiy mutaxassislarning imkoniyatlarini yaxshilashga mo‘ljallanganligi aytiladi.
Vazirlikning aytishiga ko‘ra AQSh ning Minalardan tozalash gumanitar o‘quv markazi, Buyuk Britaniya, Serbiya va Sloveniyadan kelgan instruktorlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Qatnashchilar portlovchi qurilmalarni zararsizlantirish vaqtida xatarlarni kamaytirish yo‘llarini ko‘rib chiqdilar va boshqa portlovchi qurol-yarog‘larni zararsizlantirish muammolari to‘g‘risida fikr almashdilar.
"Qurol-yarog‘larni nazorat qilish va terrorizmga qarshi kurashish Qozog‘iston uchun eng muhim vazifalardir," dedi Mudofaa Vazirligidagi Qurol-yarog‘larni nazorat qilishga ko‘maklashish markazi boshlig‘i, polkovnik Alibek Kulbayev Caravanserai muxbiriga. "Biz boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz -- axir biz umumiy xavfsizlik to‘g‘risida gaplashayapmizku."
Tadbir Mudofaa Vazirligi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) tomonidan birgalikda tashkillashtirildi, dedi Kulbayev.
O‘quv kursi to‘g‘risida gapirar ekan, "O‘quv kursi AQSh Davlat Departamentining Qurollarni yo‘qotish va kamaytirish byurosi tomonidan moliyalashtirldi", dedi Caravanserai muxbiriga Uralsk shahrilik siyosiy tahlilchi Yevgeniy Kryuchkov.
"Bu xavfsizlik va terrorizm hamda zo‘ravonlik ekstremizmiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha AQSh, YeXHT va mamlakatimiz tomonidan amalga oshirilgan qo‘shma tadbirlardan biridir", deya qo‘shib qo‘ydi u.