Karvonsaroy
Jinoyat va adolat

Qozog‘iston “qorong‘i tarmoqda” giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganlikda ayblangan shaxslarni qo‘lga oldi

Muallif: Aleksandr Bogatik

Politsiyaning maxsus kuchlari 3-noyabr kuni Ostona shahrida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni qo‘lga olish harakatidalar. [Qozog‘iston Ichki Ishlar Vazirligi]

Politsiyaning maxsus kuchlari 3-noyabr kuni Ostona shahrida giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni qo‘lga olish harakatidalar. [Qozog‘iston Ichki Ishlar Vazirligi]

OSTONA -- Qozog‘istonning Kiber xavfsizlik boshqarmasi va Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi (MXQ) internetda noqonuniy tarzda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy uyushmani fosh etdilar, deya oy boshida xabar berdi Qozoq rasmiylari.

MXQ’ning kiber xavfsizlik va giyohvandlikka qarshi kurash bo‘linmalari, hamda maxsus amaliyot kuchlari birgalikda Ostona va Almatidagi ikkita uyushgan jinoiy guruhga qarshi keng ko‘lamli amaliyotni amalga oshirdilar, deya 3 noyabr kuni xabar berdi MXQ.

Kamida 12 nafar jinoiy guruh a’zosi bo‘lgan gumondor shaxs qamoqqa olindi va “giyohvand va psixotrop moddalarni” tarqatishda “qorong‘i tarmoqdan” foydalanishgan, deya ma’lumot tarqatdi MXQ.

"Bu Qozog‘istonliklar internet orqali giyohvand moddalar savdosi bilan birinchi marta shug‘ullanishlari”, deya Karvonsaroyga izoh berdi Ostonadagi L-Paritet firmasida AT sohasida xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Yevgeniy Li. "Ushbu jarayonlar zamonamizga xos holatlardir. Internet bizning borlig‘imizning aksidir".

Qorong‘i tarmoqni kuzatib borayotgan rasmiylar jinoiy guruhlarni fosh etdi, dedi MXQ.

“Qorong‘i tarmoq” va onlayn jinoyatchilik

“Qorong‘i tarmoq” internetning bir qismi bo‘lib, uni oddiy foydalanuvchilar ko‘rmaydilar, dedi Karvonsaroy bilan suhbatda Tarazlik AT mutaxassisi Ivan Korneev.

"Foydalanuvchilar unga maxsus dastur yordamida kiradilar”, dedi u. “U yerda ular ta’qiqlangan moddalar va qurollar oldi-sottisi bilan mashg‘ul bo‘lib, undan tashqari, barcha turdagi noqonuniy ishlar bilan shug‘ullanadilar".

Giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar o‘zlarining Yandex Money, Qiwi yoki WebMoney kabi elektron hamyonlariga to‘lovlarni qabul qilib oladilar, dedi Korneev. So‘ng ular xaridorlarga noqonuniy moddalarni pochta orqali yuboradilar yoki giyohvand moddalar berkitilgan joy haqida ularga xabar beradilar.

Qozog‘istonda noqonuniy giyohvand moddalar ta’minotini tashkil etish uchun giyohvand moddalarni sotuvchilar har bir shaharda o‘zlarining vositachilari va xabarchilaridan iborat yetkazib berish tizimini qurgan bo‘lishlari ehtimoldan holi emas, dedi Li.

"[Giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchilar] ularni internet orqali katta pul va’da qilib yollaydilar", deya so‘zida davom etdi u.

"Odamlar qorong‘i tarmoqda hech qanday jazosiz xohlagan ishlarini qilishlari mumkin deya ishonishlari ularning katta xatosidir”, dedi u. "U Google yoki Yandex kabi qidiruv tizimlarida ko‘rinish bermasligi mumkin, lekin huquqni muhofaza qilish organlari uni diqqat bilan kuzatadilar".

Korneevning so‘zlariga qaraganda, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kiber xavfsizlik bo‘yicha maxsus xodimlari ko‘pincha jinoiy guruhlarning faoliyatlarini aniqlash uchun qorong‘i tarmoqda yashirin tarzda sotuvchi yoki xaridor sifatida harakat qiladilar.

"Qozog‘iston AT jinoyatlariga kurash bo‘yicha kiber qalqon tizimini yaratish ustida ishlamoqda va buning uchun katta mablag‘ ajratilib, eng malakali mutaxassislar jalb qilinganlar", dedi u. "Bu giyohvand moddalarning internetda sotilishini oldini oladi".

Onlayn narkokartellar ota-onalarni xavotirga solmoqda

"Albatta, biz o‘z farzandlarimiz kelajagi uchun tashvish chekamiz”, dedi mahalliy gazetalarda narkokartellar haqida o‘qigan, Tarazdagi ikki bolaning onasi Maya Samedova.

U o‘g‘illari internetda nimalar bilan mashg‘ul ekanlarini nazorat qilishga urinayotganini so‘zlab berdi. Ammo doimiy nazorat o‘rnatish imkonsiz.

"Shu sababli politsiya va xavfsizlik xizmatlari bizning yagona umidimiz”, dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda. “Ular internet orqali giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchilarni topib jazolaydilar".

Shimkent shahridagi Gorod Bez Narkotikov (Narkotiklardan holi shahar) nomli nodavlat tashkiloti rahbari Seytjan Abdildayev giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashayotgani uchun politsiyani maqtadi.

"Biz doimiy ravishda politsiya giyohvand moddalar savdosi kanallarini to‘sib qo‘ygani, giyohvand moddalar bilan savdo qiluvchilarni ushlab, uyushgan jinoiy guruhlarni yakson qilayotgani haqidagi xabarlarni eshitamiz”, dedi u Karvonsaroy bilan suhbatda.

"Endi navbat internetni tozalashga keldi. Axir hatto o‘smirlar ham internetda giyohvand moddalarni sotib olishga urinishlari mumkin”, dedi u.

Giyohvand moddalar savdosi bilan davlat darajasida kurashish

Ayni paytda, Qozog‘istonda an’anaviy giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish o‘z natijalarini bermoqda.

Qozog‘istonda har yili iyundan oktabr oyigacha o‘tkaziladigan, giyohvandlikka qarshi kurash bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan harakati bo‘lgan Ko‘knori amaliyoti bu yil bir necha tonna giyohvand moddalarni qo‘lga tushirish bilan yakunlandi, deya xabar beradi mamlakatning Chegarani qo‘riqlash xizmati.

Yangi qonunlar ham giyohvand moddalar savdosining barcha jihatlarini e’tiborga olgan holda yaratildi.

"Qozog‘iston giyohvand va psixotrop moddalar savdosiga oid qonunchilikka o‘zgartirish kiritish bo‘yicha qonunni hozirladi", dedi Abdildayev parlamentda ko‘rib chiqilayotgan qonunni nazarda tutib. "Ta’qiq ostiga giyohvand moddalarning yangi sintetik turlari tushadi, jumladan giyohvand modda tayyorlash mumkin bo‘lgan 88 ta asosiy kimyoviy birikmalar shular orasidadir".

AQSH Qozog‘istonga politsiya uchun maxsus avtotransport vositalarini yetkazib berish va maslahat xizmatlarini taqdim etish orqali giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda sezilarli yordam bermoqda.

"Faqatgina boshqa davlatlar bilan hamkorlikdagina biz giyohvand moddalar savdosiga, ayniqsa ularning onlayn sotilishiga va xalqaro jinoiy uyushmalarga qarshi muvaffaqiyatli kurashishimiz mumkin”, dedi Abdildayev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500