Karvonsaroy
Ayollar huquqlari

Qirgʻizistonda hijob oʻragan ayollar musulmonlarga oid stereotiplarga qarshi

Muallif: Asker Sultanov

Komila Oʻrozboyeva, 12 yosh, Bishkekdagi kamonchilik klubi mashgʻulotlari chogʻida, oktabr. Avgust oyida oʻz tengdoshlari orasida Qirgʻizistonda oʻtkazilgan milliy musobaqalarda bronza medaliga sazovor boʻlgan. [Asker Sultanov]

Komila Oʻrozboyeva, 12 yosh, Bishkekdagi kamonchilik klubi mashgʻulotlari chogʻida, oktabr. Avgust oyida oʻz tengdoshlari orasida Qirgʻizistonda oʻtkazilgan milliy musobaqalarda bronza medaliga sazovor boʻlgan. [Asker Sultanov]

BISHKEK -- Dunyoviy hayot tarziga amal qiluvchi koʻpgina Qirgʻiziston fuqarolari koʻz oʻngida Islom jamiyat, iqtisod va hayotning boshqa sohalarida ayollar oʻrnini cheklaydigandek boʻlib koʻrinadi.

Lekin bunday qarashlar hijob oʻragan Qirgʻiz ayollarining tadbirkorlar, ish boshqaruvchilar va sport chempionlariga aylanayotgani tufayli oʻzgarib bormoqda.

Islom olamidagi aksar mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida jinsiy ajratish deb ataluvchi muammo mavjud boʻlib, u kasblarni “erkaklarniki” va “ayollarniki”ga ajratishda namoyon boʻladi. Shuningdek, bu muammoni ayollar uchun ish va taʼlim darajasi erkaklarnikiga nisbatan pastroq darajada ekanligida ham koʻrish mumkin, deydi Qirgʻiz ayollari huquqini himoya qiluvchi “Muktallim” nodavlat tashkiloti rahbari Jamol Frontbek qizi.

Shunga qaramay, muvaffaqiyatga erishgan muslima ayollar Qirgʻizistonda bunday stereotiplarga barham bermoqda.

Opa-singil Oʻrozboyevalar

Bishkeklik opa-singil Oʻrozboyevalar - Rofiya, Omina va Komila oʻzlarini dindor deb hisoblaydilar; ular besh vaqt namoz oʻqiydilar, hijob oʻraydilar va Islom arkonlariga amal qilib yashaydilar.

Shu bilan bir vaqtda ular tahsil oladilar, ishlaydilar va Qirgʻiziston uchun noyob boʻlgan sport turi - kamonchilik bilan shugʻullanadilar.

Opa-singillarning kattasi - 26 yashar Rofiya islomiy eʼtiqod uning hayotdagi oʻrnini yaxshilashga yordam berishini va Islom uning oʻz ustida ishlashi hamda rivojlanishiga hech qanday toʻsiq qoʻymasligini aytadi.

“Qoʻlimdan kelmaydi” deb ataluvchi chegarani bosib oʻtishingiz bilan imkoniyatlaringiz bitmas-tuganmas ekanligini tushunasiz, deydi u Karvonsaroy nashri bilan suhbatda.

Bir yilcha avval 21 yoshli Omina uzoq izlab Bishkekda kamonchilik klubini topdi va opasi Rofiya bilan mashgʻulotlarga qatnay boshladi. Keyinroq, ularning safiga singlisi, 12 yashar Komila ham qoʻshildi.

“Bolaligimdan kuch-quvvatga toʻla qiz edim va turli xil ishlarga qiziqardim”, – deydi Omina Karvonsaroy nashriga. “Dindor oila aʼzolarim esa meni hamisha qoʻllab-quvvatlagan”.

“Roʻmol oʻrashimiz bizga kamondan oʻq otish mashgʻulotlari chogʻida xalaqit bermaydi”, – dedi Rofiya.

Avgust oyida opa-singillar Qirgʻizistonda kamondan oʻq otish boʻyicha xalqaro musobaqada ishtirok etdilar.

“Dinga eʼtiqod qilishim menga tengdoshlarim bilan muloqot qilishga, tugʻilgan kunlar yoki shunga oʻxshash boshqa bayramlarga borishimga toʻsqinlik qilmaydi” - deydi 10 yoshida hijobga kirgan Komila Karvonsaroy nashriga. - “Shu yil yozda men kamonchilik boʻyicha mamlakat birinchiligida bronza medal sohibasi boʻldim.”

Muslima ayollar tadbirkorlik bilan mashgʻul

Bishkeklik Mahabat Alimqulova oʻzining oʻta dindor ekanligi, hijob oʻrashi va besh farzandini Islom arkonlari boʻyicha tarbiyalashini aytadi.

Bir vaqtning oʻzida u kiyim-kechak, kitoblar, atir-upa va boshqa mahsulotlar savdosi boʻyicha oʻz biznesiga ham ega.

“Men nafaqat dindorlar, balki turli insonlar bilan muloqotda boʻlaman” dedi u Karvonsaroy nashri bilan suhbatda. “Islom goʻyoki ayollar huquqiga qatʼiy cheklovlar qoʻyishi, ularga faqat uy bekasi boʻlishga ruxsat berishi haqidagi stereotiplardan, ochigʻi, juda ajablanaman”.

Islom ayollarning taʼlim olishi yoki fuqarolik hayotiga hech qanday toʻsiqlar qoʻymaydi, deydi u.

“Qirgʻizlar orasida hayotning turli sohalarida faol ishtirok etuvchi muslima ayollar koʻp”, – dedi u. “Bu ishlar barchaning koʻz oʻngida sodir boʻlmagani bois, ularni koʻpchilik bilmaydi”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500