ALMATI -- Yil boshidan beri Qozog‘iston Din ishlari va fuqarolik jamiyati vazirligining kiber xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislari 5527 ta “internet resurslaridagi” materiallarni tekshirib, ularda 2487 dona noqonuniy ekstremistik materiallarni topdi.
Mutaxassislar o‘z tahlillarini Axborot va aloqa vazirligiga texnik choralar ko‘rilishi – asosan, Qozog‘istondagi o‘quvchilar uchun veb-saytlarni bloklash uchun yubordilar, deyiladi 8-noyabr kuni Din ishlari va fuqarolik jamiyati vazirligi tarqatgan bayonotda.
“Internet resurslari” keng talqin qilinadigan tushuncha bo‘lib, shu jumladan ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarni ham o‘z ichiga oladi, deydi Karvonsaroy bilan suhbatda Ostonadagi diniy ekstremizm masalalari bo‘yicha tahlilchi Alibek Kimanov.
Radikallashgan shaxslar so‘nggi vaqtlarda veb-saytlar yaratishdan voz kechishdi, sababi bu katta miqdorda moliyaviy va inson resurslarini talab qiladi, dedi Kimanov. Buning o‘rniga ekstremistlarning yollovchilari va ideologlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini ochmoqdalar.
“Bir inson bir nechta akkaunt ochishi mumkin”, dedi u. “Ular barchaga do‘stlik so‘rovini yuboradilar va yetarli miqdorda obunachilar yig‘ilgandan so‘ng shunchaki mavjud matnlarni qayta chop etadilar”.
Bu vaqtda, Din ishlari va fuqarolik jamiyati vazirligi kitob do‘konlari va kutubxonalardan musodara qilingan bosma shakldagi diniy materiallarni o‘rganmoqda.
Hozirga qadar, vazirlik mutaxassislari 3495 ta chop etilgan materiallarni o‘rganib, ular orasidan 179 ta ekstremistik mazmundagi materiallarni aniqladilar.
Ushbu yil boshida Qozog‘iston hukumati xalqaro terrorchilik guruhlari o‘z qarashlarini butun dunyo, jumladan, Markaziy Osiyoda tarqatish uchun internet va ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanayotganligi haqida ogohlantirdi.
Fevral oyida Qozog‘iston internet orqali ekstremistlar tomonidan odamlarni yollash va propagandaga qarshi kurash bo‘yicha kiber xavfsizlik rejasi yoki “konsepsiyasini” yaratayotgani haqida e’lon qildi.