Karvonsaroy
Diplomatiya

Nazarboyev mintaqada xavfsizlikni ta’minlashda hamkorlikka chaqirmoqda

Arman Kaliyev

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev 14-sentyabrda Astanadagi matbuot konferensiyasida bunga ishora qilgan edi. U 13-noyabrda Astanada Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi muhimligini yana bir bor ta’kidladi. [Stanislav Filippov/AFP]

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev 14-sentyabrda Astanadagi matbuot konferensiyasida bunga ishora qilgan edi. U 13-noyabrda Astanada Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi muhimligini yana bir bor ta’kidladi. [Stanislav Filippov/AFP]

OSTONA -- Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev mintaqaning xavfsizligi va taraqqiyotini ta’minlash uchun Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi muhimligini yana bir bor ta’kidladi.

Uning bu murojaati dushanba kuni (13-noyabr) bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo muammolari masalalariga bag‘ishlangan va Qozog‘iston hukumati tashkil etgan Ostona klubining 3-sessiyasida savolga javob o‘laroq taqdim etildi.

Prezident so‘nggi paytda Qozog‘iston va O‘zbekiston orasidagi munosabatlarning qat’iy rivojlanishini mintaqaviy integratsiyaga o‘tish uchun muhim misol sifatida keltirdi.

“Biz ikki davlat orasidagi chegaralarni ochdik, o‘zaro savdo hajmi 30%ga oshdi va qo‘shma korxonalar tashkil etildi” dedi u 13-noyabr kuni. Bu haqda payshanba kuni (16-noyabr) Kazinform xabar qildi. “Odamlar bir-birlarinikiga bormoqdalar, madaniy almashuvlar bo‘lmoqda. Buning natijasini ko‘rish meni xursand qiladi va buni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman”.

Markaziy Osiyo sammiti taklifi

O‘tgan oy Qozog‘iston keyingi yilning Navro‘zida Astanada Markaziy Osiyo liderlarining sammitini o‘tkazishni taklif qildi, deya xabar qilgan edi Interfax Azerbajian.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Kayrat Abdrahmanov ushbu taklifni 11-oktyabr kuni Samarqandda (O‘zbekiston) bo‘lib o‘tgan BMT moliyalashtirgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik konferensiyasidagi nutqida bayon qilgan edi.

Qozog‘iston Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda tinchlik, xavfsizlik va hamkorlik uchun mintaqaviy model yaratish taklifini taqdim etadi, dedi Abdrahmanov.

“Bugun bu jarayon yangi bosqichga ko‘tarildi va biz mintaqada barcha darajadagi hamkorlikka tayyormiz”, ta’kidladi Abdrahmanov.

Qozog‘iston hukumatining tasdiqlashicha, mintaqaviy hamkorlik terrorizm va ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy immigratsiya, odam savdosi kabi umumiy xavf va nizolarning oldini olishga yordam beradi.

Rasmiylarning aytishicha, tabiiy ofatlar va ekologik muammolar, shuningdek, suv resurslarini boshqarishni birgalikda amalga oshirish osonroq.

Agar ushbu tashabbus amalga oshsa, 26 yil avval mustaqillikka erishgan Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi uchun muhim qadam bo‘lar edi, deb ta’kidlashmoqda rasmiylar.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shnilar bilan yanada aloqalarni yaqinlashtirish va rivojlantirish haqida gapirar ekan, 11-oktyabrda Samarqandda o‘tkazilgan konferensiyada Nazarboyev tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Hamkorlik uchun to‘siqlar yo‘q

Geografik faktorlar va transport tugunlari O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikka qo‘shilishiga asos bo‘ladi. Chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoning 4 davlati -- Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, shuningdek Afg‘oniston bilan chegaradoshdir, deydi almatilik siyosiy tahlilchi Talgat Ismagambetov Karvonsaroy bilan suhbatda.

Agar Mirziyoyev ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirib, har bir davlat bilan muvaffaqiyatli kelishuvlarni amalga oshira olsa, juda ko‘p muammolar yechiladi, deydi u.

“Mintaqada anchagina muammolar to‘planib qolgan”, deydi Ismagambetov. “Ulardan eng asosiylari suv, energiya va bojxonadir. Bu muammolar butun Markaziy Osiyo mintaqasida umumiy ehtiyohlardan kelib chiqib, har tomonlama foydali, kuchli milliy birlik shakllansagina hal etilishi mumkin”.

Mintaqada yaqin hamkorlikni o‘rnatish uchun jiddiy to‘siqlar yo‘q, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500