TOSHKENT -- O‘zbekiston va Ozarbayjon rasmiylari va diniy ulamolari radikallashuv va ekstremistik g‘oyalarning tarqalishiga qarshi birgalikda kurash olib boradilar.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov va Ozarbayjon Mudofaa vaziri general-polkovnik Zakir Hasanov Boku shahrida 2018-yilda ikki tomonlama harbiy hamkorlik haqida rejani imzoladilar.
Yangi bitimda Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratilgan, deyiladi Ozarbayjon Mudafaa Vazirligi bayonotida.
Harbiy texnika, harbiy ta’lim va shunga aloqador boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, deyiladi bayonotda.
Ekstremizm va radikallashuvga qarshi kurash
Azizovning Bokuga tashrifi o‘tgan oy Toshkentda o‘tgan, ekstremizm va boshqa xavflarga qarshi kurashda islomiy qadriyatlarning o‘rniga bag‘ishlangan “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” anjumanidan so‘ng amalga oshdi.
Ozarbayjon va O‘zbekiston musulmonlari ekstremizm va terrorchilikka doimo qarshi bo‘lib kelishgan va jahon hamjamiyatini radikallashuv va islamofobiya masalalarini, ulardan keladigan xavfni mana shunday anjumanlar orqali hal qilishga chaqirdilar.
Anjumanda ishtirok etgan olimlar, davlat va jamiyat arboblari O‘zbekiston hukumatining xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan 2021-yilgacha mo‘ljallangan harakatlar strategiyasini ham muhokama qildilar.
“Biz yanada ko‘proq insonlar dinning buzib talqin etilgan holatini emas, haqiqiy Islomni o‘rganishlarini xohlaymiz”, dedi anjumanda ishtirok etgan Toshkent Islom universiteti talabasi Abror Rajabov Karvonsaroy bilan suhbatda.
Ijtimoiy islohotlar, oqlashlar
Xalqaro hamjamiyat O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlarini olqishladi.
“Hukumat ekstremizm ta’siriga tushib qolgani aytilayotgan fuqarolarning jamiyat hayotiga qayta integratsiyalashuviga oid dasturni amalga oshirdi”, deyiladi BMTning diniy va e’tiqod erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahidning O'zbekistonga oktyabr oyidagi safari haqida 12-oktyabrda bergan bayonotida.
“Mahbuslarga nisbatanqamoqxonalarda shunga o‘xshash oqlash amaliyoti qo‘llangan”, dedi u.
“Diniy hayotning liberallashuvi 2017-yilda boshlangan “o‘zbekcha iliqlik”ning boshqa belgilari: ijtimoiy islohotlar, huquq himoyachilari va jurnalistlarning ozod qilinishi, Yevropa va AQSH bilan hamkorlikning tiklanishi bilan bir qatorda davom etmoqda”, dedi toshkentlik siyosatshunos Valeriy Xan Karvonsaroy bilan suhbatda.