TOSHKENT -- O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi terrorizmga qarshi ijtimoiy media kampaniyani olib bormoqda va radikallashuv hamda ekstremizmga qarshi kurashish maqsadida harbiy bo‘linmalar tashkil etishni rejalashtirgan
Yoshlar Ittifoqi 30-iyun kuni tashkil etilgan bo‘lib, u mamlakat yoshlari orasida ekstremistik g‘oyalar tarqalishiga qarshi kurashish va ularning siyosatdagi ishtirokini oshirish maqsadini ko‘zlagan. U uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan hamda shu kuni tarqatib yuborilgan “Kamolot” tashkilotining o‘rnini egalladi.
“Bizning harakatlarimiz yoshlarni tashqi tahdidlardan himoya qilish, ularni mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlarga jalb etish, hamda internetda ekstremistik g‘oyalar tarqalishining oldini olishga qaratilishi kerak” deb ta‘kidlanadi 5-noyabr kuni Yoshlar Ittifoqi veb-sahifasida joylashtirilgan bayonotda.
“Bu ishga o‘z hissasini qo‘shish mamlakatdagi har bir fuqaroning burchidir”, deb qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Yoshlar terrorga qarshi
Yoshlar Ittifoqi qo‘llab-quvvatlagan O‘zbekiston yoshlari 31-oktabr kuni Nyu-Yorkda sodir etilgan terrorchilik hujumini qoralovchi media-kampaniyani olib bordilar, bu hujum asli O‘zbekistonlik Sayfullo Soipov tomonidan sodir etilgan edi.
29 yoshli Soipov Manxettendagi odamlar bilan gavjum velosiped yo‘lakchasiga ijaraga olingan yuk mashinasida bostirib borganligini tan olgan, unga o‘q uzib, hibsga olishlaridan avval sakkiz kishini o‘ldirgan va kamida 12 nafar odamga jarohat yetkazgan. Hibsga olinganidan keyin u “Islom Davlati”ni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Terrorizmga qarshi ekanliklarini namoyish qilish uchun, O‘zbekistonlik yosh yigit-qizlar ijtimoiy tarmoqlarda #O‘zbekistonYoshlariTerrorgaQarshi, #TerrorgaQarshiBirgalikda va #TerrorgaYo‘qDeymiz xeshteglaridan foydalanib fikrlar bildirishgan.
Bu media kampaniya “o‘z tashabbusi bilan bizga murojaat qilgan bir guruh yoshlar” tomonidan tashkil qilindi, deydi Yoshlar Ittifoqi vakili Alisher Hakimov Karvonsaroy nashriga.
“Bu tadbir mamlakat miqyosida yoshlarning birdamligini ko‘rsatish uchun yaxshi vosita”, deydi Hakimov.
“Soipov harakatlarini qoralayman va halok bo‘lganlar uchun afsusdaman” deydi toshkentlik 17 yoshli Mansur Rasulev Karvonsaroy nashriga.
“Uning O‘zbekistonga hech qanday aloqasi yo‘q va bu kampaniya AQSH va boshqa davlatlardagi imkon qadar ko‘proq odamga bu haqda bildirishini istardim”
Harbiylar bilan hamkorlik
Media kampaniya bilan bir qatorda, 14-noyabr kuni Yoshlar Ittifoqi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi bilan birgalikda hamkorlik memorandumini imzoladilar, unga ko‘ra harbiy kuchlar safiga yoshlar guruhlari jalb etiladi.
Yoshlar Ittifoqining maqsadlaridan biri yosh askarlarni qo‘llab-quvvatlash, askarlar hamda harbiy chaqiruv yoshiga yetmaganlarni ekstremizmdan voz kechishga undashdir.
“Bu hamkorlik ko‘plab tadbirlarni ko‘zda tutadi”, deb xabar beriladi vazirlikning 14-noyabridagi bayonotida. Mamlakat bo‘ylab “Jasorat” klublarini tashkil etish, askarlarning reklama kampaniyalaridagi ishtiroki va majburiy harbiy xizmatni o‘tagan yigitlarga ish topishda ko‘maklashish shular jumlasidandir.
“O‘zbekistonda hali ham majburiy harbiy xizmat mavjud, unga 16-27 yoshdagi yigitlar chaqiriladi”, deydi mamlakat miqyosidagi “Vatanparvar” harbiy-vatanparvarlik klubining Toshkent shahridagi bo‘limi yetakchisi Baxtiyor G‘oziyev Karvonsaroy nashriga. Bunday klublarda umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan, chaqiruvni kutayotgan o‘quvchilarga harbiy tayyorgarlik darslari o‘tiladi.
“Shu sabab, Soipov va unga o‘xshaganlar kabi yo‘ldan adashmasliklari uchun harbiy chaqiruv yoshidagilar bilan ishlash juda muhim” dedi G‘oziyev.
Memorandum imzolanganidan ikki kun o‘tib, Mudofaa vazirligi O‘zbekiston yoshlari e’tiborini jalb qilish va axborot berish maqsadida ilk bor o‘z veb-sahifasini ishga tushirdi, shu yo‘l bilan “armiya va jamoatchilik orasida yaqin aloqada bo‘lish ko‘zlangan” deb xabar beradi 16-noyabr kuni Mudofaa vazirligi vakili, polkovnik Maqsud Abilovdan iqtibos keltgan holda vazirlik matbuot xizmati.