Karvonsaroy
Diplomatiya

O‘zbekiston va Afg‘oniston hamkorlikning yangi bosqichini boshlamoqda

Maksim Yeniseyev

Doriy tilida yozilgan "Xush kelibsiz!" yozuvli banner hamda Afgʻoniston va Oʻzbekiston bayroqlari festoni Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻanining Oʻzbekistonga tashrifi sharafiga 5-dekabr kuni Toshkent koʻchalarini bezatib turmoqda [Maksim Yeniseyev]

Doriy tilida yozilgan "Xush kelibsiz!" yozuvli banner hamda Afgʻoniston va Oʻzbekiston bayroqlari festoni Afgʻoniston Prezidenti Ashraf Gʻanining Oʻzbekistonga tashrifi sharafiga 5-dekabr kuni Toshkent koʻchalarini bezatib turmoqda [Maksim Yeniseyev]

TOSHKENT – Tahlilchilarning fikricha, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlarning iliqlashuvi shunchaki shartnomalar tuzishdan amaliy harakatlarga o‘tishdek tarixiy siljishga sabab bo‘ldi.

Ashraf G‘anining 4-6-dekabr kunlari O‘zbekistonga rasmiy tashrifi chog‘ida u O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi.

Ikki davlat rahbarlari 5-dekabr kuni 20 ta hamkorlik kelishuvi va 40 ta eksport shartnomasini imzoladi hamda “barcha sohalarda” hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Ikki mamlakat Markaziy Osiyodagi xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi birgalikda kurashadi, deyiladi Mirziyoyevning matbuot xizmati bayonotida.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (o‘ngda) va Afg‘oniston Prezidenti Ahsraf G‘ani, 5-dekabr kuni Toshkentdagi uchrashuvlari chog‘ida o‘nlab hamkorlik va eksport shartnomalarining imzolanishini nazorat qildilar. (O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati)

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev (o‘ngda) va Afg‘oniston Prezidenti Ahsraf G‘ani, 5-dekabr kuni Toshkentdagi uchrashuvlari chog‘ida o‘nlab hamkorlik va eksport shartnomalarining imzolanishini nazorat qildilar. (O‘zbekiston Prezidentining matbuot xizmati)

“Qo‘shni Afg‘onistondagi tinchlik Markaziy Osiyoda barqaror va doimiy taraqqiyotga erishish imkonini beradi,” dedi Mirziyoyev.

“O‘zbekistonning tashabbuslari va amaliy harakatlari mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga yordam beradi,” dedi G‘ani O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligi xabariga asosan. “Biz O‘zbekiston bilan hamkorlikning yangi bosqichi boshlanganidan mamnunmiz. Munosabatlarimiz kun sayin mustahkamlanib borishiga umid qilamiz.”

Infrastruktura va savdoni rivojlantirish

Ikki davlat rasmiylari tomonidan imzolangan shartnomalarning umumiy qiymati 500 million AQSH dollaridan (4 trillion o‘zbek so‘mi) oshadi.

2019-yilgacha o‘zaro yillik savdo hajmini 1 milliard AQSH dollarigacha (8 trillion o‘zbek so‘mi) oshirish juda muhim, deyiladi uchrashuvdan so‘ng G‘ani va Mirziyoyev imzolagan qo‘shma bayonotda.

2016-yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 520 million AQSH dollarini (4.2 trillion o‘zbek so‘mi) tashkil qilgan.

“Asosiy hamkorimiz bo‘lgan xususiy sektor ikki mamlakat o‘zaro farovonlikka erishishida konstruktiv qadamlar tashlashi mumkin,” dedi G‘ani 5-dekabr kuni Toshkentda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va O‘zbekistonning turli biznes jamoalari vakillari bilan tushlik chog‘ida.

“O‘zbekiston Afg‘onistonni yaqin qo‘shni va do‘st mamlakat deb biladi hamda Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, savdo, iqtisodiyot, transport, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni kuchaytirishda barcha sa’y-harakatlarini ayamaydi,” dedi Mirziyoyev.

“Prezidentlar chet el bozorlariga bevosita va samarali kirish huquqini beruvchi transport yo‘laklari sohasida o‘zaro hamkorlik muhim ekanini ta’kidladilar,” deyiladi qo‘shma bayonotda.

Afg‘oniston va O‘zbekiston bir qancha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib oldi – Hayraton - Mozori Sharif temir yo‘lining uzaytirilishi va O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatidan Afg‘onistonning Bag‘lon viloyati markazi Puli-Xumrigacha 500 kVt.lik elektr uzatish liniyalarnining qurilishi shular jumlasidandir.

Loyihalar, shuningdek Kobul xalqa yo‘li, Qaysar-Laman yo‘li, Salang tunneli kabi turli infratuzilma ob’yektlarining qayta ta’mirlanishini ko‘zda tutadi.

Aviatashuvlar hajmi oshishi kutilmoqda

Ikki mamlakat o‘rtasida havo aloqasi ham rivojlanmoqda.

Afg‘onistonning KamAir aviakompaniyasi Kobuldan Toshkentga ilk parvozini 29-noyabr kuni amalga oshirdi. Aviareyslar haftasiga ikki marta, chorshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi. KamAir, shuningdek Toshkentdan Yevropa mamlakatlariga parvoz uchun havo ko‘prigi sifatida foydalanadi.

Mirziyoyev Kobul va Toshkent o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar sonini haftasiga 4 taga oshirishga va’da berdi. U G‘aniga “buning vaqti kelganini” aytgan, deb xabar berdi Ashraf G‘ani ma’muriyatining rasmiy tvitteri.

KamAir aviakompaniyasining rasmiy veb-saytida e‘lon qilingan parvozlar jadvaliga ko‘ra, Toshkentdan Afg‘onistonning boshqa shaharlari, xususan Hirot va Mozori Sharifga parvozlar ham shu oydan yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

KamAir uchuvchilari O‘zbekiston Havo Yo‘llari parvozlar maktabida tahsil olmoqda, dedi KamAir ijrochi direktori Ravil Aksyanov Ahnor.uz saytiga. “KamAir samolyotlariga O‘zbekiston Havo Yo‘llari markazida texnik xizmat ko‘rsatiladi”, deb qo‘shimcha qildi u.

Toshkent va Kobulga tez-tez safar qiluvchilar ushbu yangilikni yaxshi qarshi oldilar.

“Avvallari Kobulga Olmaota orqali uchishimga to‘g‘ri kelardi va bu juda uzoq va qimmat parvoz edi”, deydi o‘zbekistonlik biznesmen Fattoh Ubaydullayev Karvonsaroyga. “Mozori-Sharifgacha esa faqat O‘zbekistonning janubiy chegarasi orqali yetib borish mumkin edi”.

Yangi parvozlar biznes uchun yangi imkoniyatlarni ochadi, dedi u.

G‘anining “tarixiy” tashrifi

“Ikki mamlakat munosabatlarida erishilgan yutuqlar va rejadagi loyihalar ko‘lamiga ko‘ra, ushbu tashrifni haqli ravishda tarixiy deb atash mumkin”, deydi toshkentlik siyosatshunos Valeriy Xan Karvonsaroyga.

“Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay O‘zbekistonga 2002-yilda, faqat bir marta tashrif buyurgan. 14 yillik tanaffusdan so‘ng, 2016-yilda Ashraf G‘ani Toshkentda O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi prezidenti Islom Karimov bilan uchrashgan, biroq unda muhim natijalarga erishilmagandi”.

“Endilikda ikki mamlakat chindan ham so‘zlardan amallarga o‘tayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz”, dedi Xan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Juda ham to'g'ri

Javob berish