Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Qozog‘iston bilan AQSH o‘rtasidagi savdo hajmi o‘smoqda

Kseniya Bondal

АQSHning Janubiy va Markaziy Osiyodagi savdo ishlari bo‘yicha vakilining yordamchisi Mark Linskott (o‘rtada) jurnalistlar bilan mintaqaviy savdo siyosati haqidagi suhbat chog‘ida, 12-dekabr, Olma-ota. (Vladimir Tretyakov)

АQSHning Janubiy va Markaziy Osiyodagi savdo ishlari bo‘yicha vakilining yordamchisi Mark Linskott (o‘rtada) jurnalistlar bilan mintaqaviy savdo siyosati haqidagi suhbat chog‘ida, 12-dekabr, Olma-ota. (Vladimir Tretyakov)

OLMA-OTA – Qozog‘iston va AQSH o‘rtasida mahsulotlar, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohalaridagi savdo hajmi ikki mamlakat manfaatlariga mos holatda o‘sishda davom etyapti, deyishmoqda Amerika va qozog‘istonlik rasmiylar.

Savdo ishlari bo‘yicha AQSH vakili idorasiga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-sotiq hajmi 2016-yilda 1,9 mlrd. dollarga (628,9 mlrd. qozoq tengesi) yetdi.

AQSHdan Qozog‘istonga import hajmi 1,1 mlrd. dollarga (364,1 mlrd. tenge) yetdi, Qozog‘iston esa AQSHga 742 mln. dollarlik (245,6 mlrd. tenge) mahsulot eksport qildi.

Qo‘shma Shtatlar tijorat departamentining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH mahsulotlarining Qozog‘istonga importi 2015-yilda 3 mingta ish o‘rnini qo‘llab-quvvatladi.

O‘zaro manfaatdor savdo sheriklari

АQSHning Janubiy va Markaziy Osiyodagi savdo ishlari bo‘yicha vakilining yordamchisi Mark Linskottning so‘zlariga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari Qozog‘istonning energetika, turizm, sog‘liqni saqlash va foydali qazilmalar sohalariga “birinchi raqamli” investor hisoblanadi.

“Bu yil o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yildagiga nisbatan kattaroq bo‘lishi – 1,66 mlrd. dollariga (549,5 mlrd. tenge) yetishi kutilmoqda”, dedi Karvonsaroyga 11-13-dekabr kunlari Olmaotada AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo va investitsiyalar bo‘yicha Doiraviy kelishuvning yillik kengashi yig‘ilishida ishtirok etgan Linskott.

Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sektorlari katta istiqbolga ega, dedi u va Qozog‘iston tadbirkorlarga yaratib beradigan sharoitlarga ko‘p narsa bog‘liq bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

“Qozog‘istonda ko‘plab islohotlarni boshdan kechirmoqda”, dedi u. “Intellektual mulk muhofazasini yaxshilash, korrupsiya darajasini belgilovchi ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish AQSH bilan hamkorlikni rivojlantirishga yanada ko‘proq imkoniyatlar yaratadi.”

Qozog‘iston hukumati AQSHinvestitsiyalar uchun jalb qilish rejalashtirilgan11 ta yetakchi mamlakatdan biri ekanini urg‘ulagan.

“Iqtisodiy imkoniyatlarni e’tiborga olgan holda 36 potensial mamlakat aniqlab olindi, ularning 11 tasi ustuvor ahamiyatga ega (jumladan, Amerika Qoshma Shtatlari)”, dedi 8-dekabr kuni Ostonada Investitsiya va taraqqiyot vazirligining sarmoyalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Larisa Jumagaliyeva.

“Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda shunday ustuvor ahamiyatga ega har bir mamlakat bilan ishlash uchun alohida yondashuv hamda maxsus tadbirlar rejasini ishlab chiqmoqdamiz”, dedi u.

Investitsiya va taraqqiyot vazirligi xorijiy investorlar, jumladan transmilliy korporatsiyalarni Qozog‘iston iqtisodiyotiga sarmoya kiritishga jalb qilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda, dedi u.

Markaziy Osiyoda savdo va sarmoya siyosatini shakllantirish

2004-yilda AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan imzolangan AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo va investitsiyalar bo‘yicha Doiraviy kelishuv asosida AQSH hukumati Markaziy Osiyo bilan savdo aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.

Shundan so‘ng, ishtirokchilar Doiraviy kelishuvga bog‘liq ravishda kengash majlisini, hududga Amerika sarmoyalarini jalb qilish bo‘yicha har yili muzokaralar otkazishga kelishib olishdi. Bu kengashda Afg‘oniston kuzatuvchi maqomiga ega.

Kengash majlisi har yili o‘tkaziladi. 2016-yil aprel oyida u Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘lib o‘tdi.

“AQSH doiraviy kelishuvni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo va sarmoya masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik platformasi sifatida ko‘radi”, dedi Linskott.

Linskottning aytishicha, Doiraviy kelishuvning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoda savdo va sarmoyani shakllantirish, imkon qadar ko‘proq xususiy korporatsiyalarni jalb qilish hamda ushbu sohalarda vujudga kelgan joriy muammolarga yechim topish uchun harakat rejasini ishlab chiqishdir.

Bojxonadan tovarlar o‘tishini tezlatish, tovarlarni baholash, hududda savdo to‘siqlarini bartaraf qilish hamda intellektual mulk muhofazasi bunga misol bo‘ladi, dedi u.

“Xususiy mulk sohasidagi axborotni himoya qilish muhim masala”, dedi u. “Buning yordamida Qozog‘iston Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirishga qodir bo‘ladi.”

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500