Karvonsaroy
Siyosat

Mirziyoyev O‘zbekistonnning qudratli razvedka agentligini isloh qilmoqchi

Karvonsaroy

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida nutq so‘zlamoqda, Bishkek, Qirg‘iziston, 5-sentabr. (Vyacheslav Oseledko/AFP)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida nutq so‘zlamoqda, Bishkek, Qirg‘iziston, 5-sentabr. (Vyacheslav Oseledko/AFP)

TOSHKENT – O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatning milliy razvedka agentligi bo‘lgan Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) tizimida islohot o‘tkazuvchi qonunni ishlab chiqishga chaqirdi.

Deputatlar, elchilar va jurnalistlarga 4 soatlik murojaatida, Mirziyoyev xavfsizlik xizmatlari 26 yil oldin berilgan vakolatlar asosida ish yuritayotganini aytib o‘tdi.

“Biz bu tizimni islohot qilishimiz kerak. Milliy xavfsizlik xizmatlari bizning ichki va tashqi xavfsizligimizni ta’minlashi kerak”, dedi Mirziyoyev AFP xabariga ko‘ra.

MXX o‘z vakolatlarini 1991-yilda O‘zbekiston Sovet Ittifoqidan mustaqil bo‘lganidan keyin KGBdan qabul qilib olgan va hozirda 73 yashar Rustam Inoyatov tomonidan 1995-yildan beri boshqarib kelinmoqda.

O‘tgan yili uzoq vaqtdan beri hukumatni boshqargan Islom Karimov vafotidan keyin, Inoyatov davlatdagi eng qudratli shaxslardan biri deb ko‘rilgan.

Shu yilning avvalida, Mirziyoyev Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklariga o‘z tarafdorlarini tayinladi, bu harakat Inoyatov tomonidan boshqarilgan MXX vakolatlarini qisqartirishga qaratilgandek bo‘ldi. Ichki ishlar vazirligi vakolatlari ham kengaytirildi va MXX bo‘linmalaridan birini o‘z ichiga oldi.

Avtoritarlikdan qaytish

2016-yil sentabr oyida Karimov vafotidan so‘ng, prezidentning bosh vaziri bo‘lgan 60 yoshli Mirziyoyev O‘zbekistonning yangi rahbari etib tayinlandi. Tez orada u o‘zidan oldingi rahbarning keskin avtoritar siyosatidan voz kecha boshladi.

“MXXning samarasiz ekanligi haqidagi Prezidentning bu kabi ta’kidlarini O‘zbekistonda bir necha yil avval tasavvur qilib ham bo‘lmasdi”, deydi toshkentlik siyosiy tahlilchi Valeriy Xon Karvonsaroy nashriga.

“Xalq ichida bu xuddi portlashdek ta’sirga ega bo‘ldi”, dedi u.

Xuddi shu nutqida Mirziyoyev Moliya vazirligi faoliyati samarasiz ekanligini ham eslatib o‘tdi.

“Bir necha kundan keyin, 27-dekabrda vazirlikdagi 500 dan ortiq xodim o‘z vazifasdan ozod etildi”, dedi Xon. “Milly xavfsizlik va Ichki ishlar tuzilmalarida ham tozalash ishlari kutilayotgani ehtimoldan xoli emas.”

Bu ikki tashkilotda “keragidan ortiq sondagi xodimlar va shaffof bo‘lmagan rahbariyat” mavjud bo‘lgan, deydi Xon. “Ularning keskin harakatlari xalqning noroziligiga sabab bo‘lgan edi.”

Hokimiyatni markazsizlashtirish

Bu harakat kengroq maqsad – hokimiyat qonun chiqaruvchilar qo‘liga o‘tishiga qaratilgan bo‘lishi ham mumkin, deydi Toshkentlik siyosiy tahlilchi Umid Asatullayev Karvonsaroy nashriga.

“Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi hukumatni markazsizlantirmoqchi va yangi, zamonaviy elitani olib kelmoqchi” deydi u. “Uning umidlari Islom Karimov tarafdorlarinikidan farq qiladi, shu sabab prezident ularni chetlashtiryapti.”

Mirziyoyevning parlamentga murojaat bilan chiqishi ham bejiz emas, avvalgi prezident hech qachon qonun chiqaruvchilarga murojaat qilmagan edi, dedi Asatullayev.

“Mirziyoyev siyosiy partiyalar rolini kuchaytirib, hukumatda kuchlar markazini o‘zgartirmoqda”, deydi u.

24-dekabr kuni, Toshkentda tarixda ilk marta shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi.

“Keyinchalik boshqa turdagi mas’uliyatlar ham ijro etuvchi organlardan qonun chiqaruvchi organlarga o‘tishini kutishimiz mumkin”, dedi Asatullayev.

(Bu xabarga Toshkentdan Maksim Yeniseyev o‘z hissasini qo‘shdi.)

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Assalomu alaykum hurmatli ijodkorlar hamda fikr yurituvchi ishtirokchilar! Ushbu maqolada keltirib o‘tilgan maʼlumot bilan tanishayotgan vaqtimda, prezidentning saylovoldi dasturini esladim. Xususan, hududlardagi markazlashtirilgan boshqaruvni isloh qilish, jumladan, shahar va tumanlarda ijroiya organlarini tayinlash tizimidan saylash tizimiga o‘zgartirish va eng asosiysi, hisobot davrida ushbu organlarning xalq oldida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berishi kerakligi taʼkidlab o‘tilgan. Bu esa o‘z-o‘zidan bizga yana bir bor, davlat dasturining haqiqatan ham bosqichma-bosqich bajarilayotganini va ko‘zlangan maqsadga erishish prinsipial ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatmoqda!

Javob berish