DUSHANBE – Rossiyaning Tojikistonga bergan so‘nggi “harbiy ko‘magi” mintaqaga ta’sir o‘tkazish va Tojikiston-Afg‘oniston chegarasiga rus askarlarini qaytarish yo‘lidagi urinishlaridir, deydi harbiy tahlilchilar va rasmiylar.
Yillar davomida rus askarlari 1400 kilometrlik Tojik-Afg‘on chegarasini kuzatib kelishgan, ammo 2005-yilda sharmandalarcha Tojikistonni tark etgandilar. Ular Tolibonlar hukmronligi davrida (1996-2001-yillar) narkobaronlarga Afg‘onistonning Shimoliy Alyans nazorati ostida bo‘lgan qismidan giyohvand moddalarni yashirin yo‘l bilan olib o‘tishga yordam berishgani bir necha marotaba fosh bo‘lgandi.
O‘shandan beri, Tojikiston o‘z chegaralarini o‘zi himoya qiladi, ammo Rossiya u yerda o‘z askarlariga zarurat borligini “isbotlash” g‘oyasidan voz kechgani yo‘q.
Kreml tomonidan qayta-qayta takrorlanadigan vajlardan biri – Afg‘onistonda go‘yoki 10000 ga yaqin “Islom davlati” (ID) jangarilarining borligi.
Rossiya diplomatlari Iroq va Suriyada “xalifalik” tor-mor etilganidan so‘ng, ID jangarilarining qochishi tufayli bu raqamlar oshib borayotganini aytmoqdalar.
Moskva Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh viloyatlarida “Islom davlati” jangarilari o‘z bazalarini mustahkamlayotganidan tashvishda, deydi Rossiyaning Afg‘onistondagi maxsus vakili Zamir Kabulov Rossiya hukumati nazoratidagi Sputnik agentligiga bergan intervyusida.
Ammo Rossiyaning bu iddaolariga Kobul darhol javob qaytardi.
Bir kun o‘tar-o‘tmas, Afg‘oniston mudofaa vazirligi matbuot kotibi Davlat Vaziriy Kabulovning da’volarini rad etib, Ozod Yevropa/Ozodlik (RFE/RL) radiosining tojik xizmatiga bergan intervyusida ID jangarilarining soni aslida “bir necha yuz” ekanligini aytdi.
“Zamir Kabulov aytgan gaplar uning shaxshiy fikridan boshqa narsa emas”, dedi Vaziriy.
“Harbiy ko‘mak”
19-dekabrda Rossiya Tojikistonga “o‘qotar qurollar, artilleriya va zirhli texnika, vertolyotlar, aloqa vositalari va havo hujumiga qarshi mudofaa uskunalari, logistika va tibbiy-kuzatuv jihozlarini” taqdim etdi, deb xabar berdi Rossiya mudofaa vazirligi.
Rossiyaning Tojikistonga taqdim etgan harbiy ko‘magi, jumladan, T-72B1 tanklari, BTR-80 va BTR-70 bronetransportyorlari, BMP-2 jangovar transport vositalari, Mi-24 va Mi-8 vertolyotlari hamda D-30 to‘plarini o‘z ichiga olgan, dedi Rossiya mudofaa vazirligi rasmiysi, general-mayor Aleksander Kshimovskiy.
Qurol-aslahalar “Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida samarali himoya yaratish va terrorchilik tahdidini bartaraf etish uchun” hadya etilgan, dedi Kshimovskiy Kreml nazoratidagi RT nashriga bergan intervyusida.
Rossiya Tojikistonga hadya etgan harbiy texnika qatorida, 6 ta piyodalarga qarshi transport vositasi, 12 ta zirhli texnika, ikkita gaubitsa va to‘rtta ZU-23 zenit uskunalari mavjud, deydi dushanbelik harbiy tahlilchi Ahmad Yusupov Karvonsary nashriga.
“Mashinalar eski, ammo zamoniylashtirilgan”, deydi ayni damda AQSHda yashayotgan Tojikistonning sobiq armiya kapitani Parviz Rasulov Karvonsaroy nashriga. “Askarlarni tashishga mo‘ljallangan zirhli mashinalar yangi. Jangovar transport vositalari va gaubitsalar eskiroq, ammo ular sobiq Sovet respublikalarning hammasida bor. Tanklar 90-yillar standartlariga mansub bo‘lsa-da, zamoniylashtirilgan”.
Avvalroq, o‘tgan yilning may oyida Rossiya Tojikistonga Iskander-M taktik ballistik raketalarini joylashtirdi. Moskva bunday raketalarni Markaziy Osiyoda ilk marotaba qo‘llamoqda, deb xabar beradi RFE/RL radiosi.
O‘sha vaqtda Rossiya rasmiylari ushbu tizim Dushanbeda “Aksilterror-2017” harbiy mashqlari davomida qo‘llanilishini aytgandi.
“Buyuk Rossiya”
Tojikistonda Rossiyaning xorijdagi eng yirik 201-harbiy bazasi joylashgan. Baza ikkita alohida manzilda, biri Dushanbeda, ikkinchisi esa Xatlon viloyati, Qo‘rg‘ontepa shahrida joylashgan bo‘lib, u yerda 6000-7000 nafar askar bor.
Rossiya va Tojikiston o‘rtasida 2012-yil oktabr oyida imzolangan kelishuvga asosan, 201-baza Tojikistonda kamida 2042-yilgacha qoladi.
“Bu yerda harbiy baza bo‘lmasa, Rossiya shu zahotiyoq Afg‘oniston, O‘zbekiston, Tojikiston, Pokiston va Eron ustidan nazoratini yo‘qotadi”, deydi Rasulov. “Agar Rossiya ketsa, u Markaziy Osiyoni butunlay yo‘qotadi, xuddi u Polsha, Chexiya va Sharqiy Yevropaning boshqa davlatlarini qo‘ldan bergani kabi.”
Shunga qaramay, mintaqada ko‘proq ta’sirga ega bo‘lishga urinayotgan Rossiya harbiy ko‘mak berish orqali tojik-afg‘on chegarasiga qaytishni ko‘zlamoqda, deydi u.
Rossiya askarlari Tojikiston chegarasida joylashgan taqdirda, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston amalda o‘zlarini “Buyuk Rossiya” ichida ko‘radilar, deydi Rasulov.
“Butun MDH hududida Rossiya boshqaruvidagi Yevro-Osiyo bojxona Ittifoqi bo‘lishi bir masala, ammo o‘z askarlarini davlat chegaralariga joylashtirish ta’sir o‘tkazishni osonlashtiradi”, dedi Rasulov. “O‘z-o‘zidan Rossiya o‘z ta’sirini kuchaytiradi, go‘yoki bu askarlar Markaziy Osiyo chegaralarini terrorchilardan himoya qilayotgandek bo‘ladi.”
Tojikiston o‘z chegaralarini himoya qilishga “to‘la qodir”
Mustaqil Tojikistonga sobiq Chor va sovet hukmdori tomonidan zo‘rlab berilgan bunday “yordam” yaxshilik bilan kechgani yo‘q.
Davlat har qanday tashqi agressiyaga qarshi tura oladi, deydi Tojikiston chegara qo‘shinlari matbuot kotibi Muhammad Ulugxo‘jayev.
“Chegarachilarimiz har qanday hujumni va Afg‘oniston tarafdan chegarani kesib o‘tish harakatlarini bartaraf eta olishlarini isbotladilar”, dedi u Karvonsaroy nashriga. “2017-yilda biz afg‘on chegarachilari bilan 26 ta uchrashuv va suhbatlar o‘tkazdik.”
Tojikiston 2017-yilda uchta chegara qo‘shinlari shtabini, to‘rtta chegara posti va 11 ta chegara o‘tish punktlarini tashkil etdi, dedi u va yana 20 ta chegara qo‘riqlash punkti qurilishi rejada ekanligini ta’kidladi.
“Bularning barchasi davlatimiz xavfsizligi, chegarachilarimiz yilning to‘rt faslida, doim xizmatga shay turishi uchun”, dedi Ulugxo‘jayev said. “Ularga kompyuterlar, kutubxonalar, oshxona, sinfxonalar va boshqa qulayliklar yaratib berilgan.”
Rossiya strategik hamkor, lekin bu yerda uning bazalari kerak emas.
Javob berishFikrlar 2
Tojikistondagi rus armiyasi Markaziy Osiyo uzra tinchlik garovi. Mintaqada notinchlik keltirib chiqarmoqchi bo‘lganlarga, ya’ni amerikoslarga bu yoqmaydi.
Javob berishFikrlar 2